1

Havo haroratining o`zgarishi: Sabablar va oqibatlar

Jamiyat 19.01.2018, 17:28
Havo haroratining o`zgarishi: Sabablar va oqibatlar

Jahon meteorologiya tashkiloti(JMT) e`lon qilgan ma`lumotda keltirilishicha, o`tgan yil Er yuzasining o`rtacha harorati Selsiy bo`yicha sanoatlashuv davrigacha kuzatilgan ob-havo ko`rsatkichidan 1,1 darajaga yuqori bo`lgan.

JMTning yangi ma`ruzasida, 2015, 2016 va 2017 yillar eng iliq yillar sifatida tasdiqlandi. Bu iqlim o`zgarishi, atmosferada parnik gazlarining me`yoridan ko`payib ketishining rad qilib bo`lmaydigan isbotidir.

Bu boradagi jahon rekordi hozircha 2016 yilga “tegishliligicha” qolgan. Biroq e`tiborli tomoni, 2017 yil dunyo bo`yicha yillik haroratning sezilarli ko`tarilishiga olib keladigan El-Nino hodisasi — Iqlimga sezilarli ta`sir o`tkazuvchi Tinch okeanining ekvatorial qismidagi suv ustki qatlami haroratining o`zgarishi yuz bermadi. Shunga qaramay, ushbu davr eng issiq yillardan biriga aylandi.

“Kuzatuvlar boshlangandan buyon o`tgan eng issiq 18 yilning 17 tasi hozirgi asrimizga to`g`ri kelmoqda. Ayniqsa, havoning isish darajasi oxirgi uch yilda o`tgan yillardagidan mutlaqo farq qiladi. Arktikada havo haroratining ko`tarilishi qayd etilgani buning dalilidir. Chunki bunday hodisa dengiz sathi va sayyoramizning boshqa qismlaridagi ob-havo rejimi(kundalik tartibi yoki xususiyatlari)ga chuqur hamda uzoq vaqt ta`sir o`tkazadi”, — deydi mazkur tashkilot Bosh kotibi Petteri Taalas.

2017 yilda global miqyosdagi o`rtacha harorat 1981-2010 yillardagi shu kabi ko`rsatkichdan (14,3 daraja) qariyb 0,46 daraja yuqori bo`ldi.

“2017 yilda issiq havo harorati dunyoning ko`plab mamlakatlaridagi keskin ob-havo sharoiti bilan birgalikda kuzatildi. AQShda o`tgan yil tabiiy va iqlimga xos ofatlar etkazgan talafotlarni qoplashda eng ko`p mablag` sarflangan yilga aylandi. Boshqa davlatlarda shu paytda tropik dovullar, suv toshqinlari va qurg`oqchilik tufayli taraqqiyot sekinlashdi yoki rivojlanish umuman bo`lmadi”, — deydi janob Taalas.

Bosh kotib shu yil mart oyida bu boradagi to`liq ma`lumot taqdim etilishini bildirib o`tdi. Unda havo haroratining mufassal tahlili, eng ko`p ta`sir ko`rsatgan va asoratlar qoldirgan hodisalar, shuningdek, atmosferada karbonat angidrid gazi konsentrasiyasi darajasi ortishi, Arktika va Antarktika muzliklari uzunligi, dengiz sathi va okeanlar sho`rlashish darajasiga oid ma`lumotlarni o`zida qamragan iqlim o`zgarishining uzoq muddatli ko`rsatkichlari joy oladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1