1

O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligida

Siyosat 20.01.2018, 09:09
O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligida

Joriy yilning 16-26 yanvar kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra ishlari vaziri taklifiga binoan Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi o`rinbosari O`.Hasanboev boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi mazkur davlatga xizmat safarini amalga oshirmoqda. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita axborot xizmati xabar berdi.

Delegasiya Saudiyada Haj tadbirlarini tashkil etishga mas`ul bo`lgan idora va tashkilotlar bilan Jidda, Makka va Madina shaharlarida uchrashuvlar o`tkazmoqda.

Belgilangan jadvalga muvofiq 17 yanvar kuni O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistoni Fuqaro aviasiyasi Bosh boshqarmasi rahbariyati bilan muzokaralar o`tkazdi.

O`zbekiston Haj delegasiyasi tomonidan Saudiya Arabistoni Fuqaro aviasiyasi Bosh boshqarmasi rahbariyati va Saudiya Hukumatiga “Haj-2017” mavsumini namunali tashkil etgani uchun tashakkur izhor etilib, tegishli masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Shu kuni Jidda shahrida “al-Hidoya” shirkati rahbariyati Solih Bahvini va Usoma Toshkandiy bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuv davomida dolzarb masalalar, haj tadbirlarini o`tkazish bo`yicha hamkorlik ishlari muhokama etildi. Navbatdagi Umra va Haj mavsumlarida ziyoratchilarimizga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Makka shahrida ijaraga olinishi rejalashtirilayotgan mehmonxonalar, u erdagi hojilar uchun belgilangan xizmatlar va Mino, Arafot va Muzdalifada bajariladigan tashkiliy masalalar, bo`yicha fikr almashildi.

18 yanvar kuni O`zbekiston delegasiyasi Haj va Umra vazirligining Makka shahridagi qarorgohida Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra ishlari vaziri o`rinbosari Abdulfattah Suliman Mashat tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda vazirlikning haj ishlarini tashkil etish bo`yicha boshqa vazir o`rinbosari va mutasaddilar ham ishtirok etdilar.

Uchrashuvda Abdulfattah Suliman Mashat tomonidan o`tgan haj mavsumida o`zbekistonlik hojilarning Saudiya hududidagi amallarini tartibli va namunali tarzda bajargani, jumladan, ishchi guruhi faoliyatiga yuqori baho berilgani, kelgusi haj mavsumida ham birgalikda shunday yaxshi natijalarga erishishga umid bildirildi.

O`zbekiston haj delegasiyasi o`tgan haj mavsumini tartibli va yuqori darajada o`tkazishda ko`rsatilgan yordam uchun shaxsan haj vaziri Solih Bentin janoblari hamda vazirlik tasarrufidagi barcha idora va vakilliklarga minnatdorchilik bildirdi.

Uchrashuvda delegasiya rahbari O`.Hasanboev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tashabbusi asosida muqaddas dinimizga, hususan, Islom ma`rifatiga berilayotgan yuksak e`tibor va hurmat, diniy ta`lim tizimini yanada takomillashtirish, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, O`zbekiston Islom akademiyasini tashkil etilishi va ziyorat turizmi bo`yicha atroflicha ma`lumot taqdim etdi.

Shu kuni O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Haj ishlari vaziri tomonidan tashkil etilgan qabul marosimida Haj ishlari vaziri Solih Bentin tomonidan O`zbekiston buyuk allomalar yurti ekani alohida ta`kidlab o`tildi. O`zbekiston Haj delegasiyasiga yuksak e`tibor ko`rsatildi.

Shuningdek, Turkiya, Evropa, Amerika va Avstraliya hojilari uchun xizmat ko`rsatuvchi milliy muassasa hay`ati raisi Tariq bin Muhammad Anqavi bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda ham oxirgi yillarda O`zbekiston haj ishchi guruhi bilan muassasa o`rtasidagi uzviy hamkorlik aloqalari takomillashib borayotgani, buning natijasida o`zbekistonlik ziyoratchilarning haj amallarini bajarishlarida qulaylik va engilliklar yaratilayotganini ta`kidlab, o`tgan haj mavsumida boshqa davlatlar orasida o`zbekistonlik hojilarga yuqori baho berildi.

Hozirgi kunda delegasiyaning tashrifi davom etmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1