1999 yildan boshlab “Afsonaviy guruh” nomini olgan sobiq “Setora” hali-hamon muxlislar tilidan tushmaydi.
Bugungi kunda guruh a`zolaridan bir Laylo Galievaning LEYLI taxallusi bilan ijod qilayotganidan xabaringiz bor. Biroz tanaffusdan keyin faoliyatini davom ettirib, ikkita yangi qo`shiq va klip ham taqdim etishga ulgurgan xonanda bilan suhbatlashishga qaror qildik. Uning bugungi hayoti, ijodiy faoliyati, oilasi haqidagi ma`lumotlar sizlarga ham qiziq bo`lsa ajabmas...
— Siz bilan uchrashib turganimizdan behad xursandmiz. Tahririyatimizga hush kelibsiz!
— Hushvaqt bo`ling! Taklifingiz uchun sizga tashakkur!
— Bugun yana ijoddasiz...
— Oradagi tanaffusdan keyin yana kuylay boshladim. Ochig`i, ijodimni qayta boshlashdan avval “nima qilsam ekan? Boshqa faoliyat bilan shug`ullanishim kerakdir...” degan o`y qiynadi. Ammo yaqinlarim, do`stlarim turtkisi bilan, qolaversa, ichki “men”im san`atdan uzoqlashishimga yo`l qo`ymadi. Nima bo`lishidan qat`iy nazar shu sohaga ipsiz bog`langanimni anglab etdim! Ijod yo`limning yangi bosqichida hamkorlikni Jahongir.uz bilan boshladim. Ijodkor sifatida didimiz, qarashlarimiz juda o`xshash bo`lgani uchun birga ishlayapmiz. Bu ijodkor bilan qisqa fursat ichida yangi albomni deyarli tayyorlab bo`ldik.
— TVda namoyish etilayotgan ikkita klipingiz ham nima sabab chet elda suratga olingan?
— O`zaro kelishgan holda shu qarorga kelgandik. Yurtimda klip olishga istalgan vaqtda ulgurishim mumkin. Ammo Parijda klip suratga olish imkoniyati esa doim ham bo`lavermaydi. Biz bor imkoniyatdan to`la foydalanishga harakat qildik. Klip rejissyori ham Jahongirning o`zi.
— Yaqindagina sobiq “Setora” guruhining 16 yoshini bayram sifatida nishonladinglar. Sodiq muxlislaringiz bilan uchrashuv hayajonli bo`lsa kerak?
— Fan klub a`zolari tashshabbusi bilan o`tkazilgan mazkur kecha har birimizning hayotimizda alohida yorqin voqea sifatida saqlanib qolishiga ishonaman. 16 yoshlik to`yimizga muxlislarimizning bizga tayyorlagan “syurpriz”laridan ochig`i, o`zimizning ham hayratimiz oshdi. Shuni alohida ta`kidlashim kerakki, guruhimizning fan klubidek faol muxlislar bo`lmasa kerak. Biz bir oiladek bo`lib ketganimiz uchun ham ularni fan klub a`zolari emas, do`stlarimiz, deyishga odatlanganmiz. Yana bir karra an`anaviy tarzda har yili 1 martda o`tkazladigan “Setora”chilar kechasi” uchun do`stlarimizga o`zimizning chuqur minnadorchiligimizni bildiramiz!
— Kechada guruhning faqat ikkita a`zosi ishtirok etdi. Nega Feruza kelmadi?!
— Ming afsuski, uchrashuvda men va Kamilla ikkimizgina qatnasha oldik. Feruza chet el safarida edi. Ammo u xayolan bo`lsa-da, biz bilan birga edi. Feruza bilan internet orqali har kuni gaplashib turamiz. Tadbirda ishtirok etmagani uchun noto`g`ri xayollarga borishning hojati yo`q!
— Bilishimizcha, Feruza ayni vaqtda xorij restoranlarida qo`shiq kuylash bilan band ekan. Uning bunday faoliyatiga qanday munosabat bildirasiz?
— Ochig`i, bugungi kunning barcha xonandalari restoranlarda qo`shiq kuylaydi. Faqat restoranlarning aksariyati O`zbekistonda “to`yxona” nomi bilan ataladi, xolos. Feruza dunyoning boshqa chetida kuylasa, biz bu erda u kabi ishlayapmiz. Bugungi kun xonandalarining asosiy daromadi ham aynan shu orqali-ku! Shu o`rinda yana bir qiziq ma`lumotni aytib o`tishim kerak. Tez kunlarda Feruza ajoyib ijodiy yangiligini taqdim etadi. Umuman hech kim kutmagan yangi loyiha bilan ijodida kattagina “portilash”ni amalga oshiradi. Men esa uning yaqin insoni sifatida uni doim qo`llab-quvvatlab turaman.
— Kamilla xorijdagi o`qishini tamomlashga ulgurgandir?
— Ha, o`qishni tugatdi, hozir Toshkentda. Ammo yana ta`lim olishni davom ettirmoqchi. Tez kunlarda yana xorijga jo`nab ketadi.
— Sobiq “Setora”ning ilk tarkibi o`zgarmaganida, uning taqdiri bugun qanday bo`lardi?
— Bu savolingizga javobni ichimdan kelayotgan so`zlar oqimi bilan ham to`liq tushuntirib berolmasam kerak. Lekin aniq bilamanki, agar tarkib o`zgarmay ishlaganimizda, hammasi bugungidan ancha yaxshi bo`lardi. Bugun qayta “Setora” guruhi sifatida qayta ish boshlasak, xalq uchun, qolaversa, o`zimizga ham bu kutilmagan “sensasiya” bo`lar edi.
— Nega “Se*tanho” da birgalikda ishlolmadinglar?
— “Setora”dan keyin izsiz yo`qolib ketishimiz mumkin emasdi. “Se*tanho” esa uch yil mobaynida ijod qildi. Biz uchta alohida shaxsmiz. Hammamiz hayotimizni biroz o`zgartirishimiz, kunimizni doimgi narsalar bilan band qilib emas, yangicha hayot bilan yashab ko`rishimiz kerak edi. Shu sababdan men uyda oilam bilan shug`ulandim. Kamilla esa butun umr orzu qilganidek, o`zini bilimga bag`ishladi. Feruza ham o`zi istagan ishlar bilan shug`ulandi. Qisqasi, ijodiy tanaffus qilishga qaror qildik. Ammo bu — uch dugonaning munosabati buzildi, degani emas. Ming afsuski, biz haqimizda asosan ana shunday yoqimsiz gap-so`zlar tarqaldi.
— O`sha paytlardagi mashhurlik “cho`qqi”larini hozir ham sog`inasizmi?
— Albatta! Sog`inmaslik, qumsamaslikning iloji yo`q. O`tgan davrni nafaqat biz, balki bizning yaqinlar, do`stlarimiz ham ko`p eslab turishadi.
— “Setora”ning o`sha paytdagi mashhurligini raqobatdoshlarning kamligi belgilab bergan, degan fikrlarga qo`shilasizmi?
— Bunda bir ramziylik bor. Biz kerakli vaqtda, kerakli joyda bo`la oldik, xolos. Buni ilk yutug`imiz bo`lsa kerak. Hammaga ham ana shunday omadni tilab qolaman!
— 2010 yilgi intervyuningizda “Tez kunlarda “Setora”ning birinchi tarkibidan haqiqiy “syurpriz”ni kutib olishingiz mumkin”, degandingiz. Oradan to`rt yil o`tdi hamki, sovg`adan xabar yo`q...
— (Kulib) Rosti, hali ham shu gapni takrorlashim mumkin. Ammo qanday “syurpriz” ekanligini o`zim ham bilmayman. O`zimiz ham qandaydir mo`jizani kutyapmiz, shekilli.
— Yuqorida aytganingizdek, xonandalarning asosiy pul topish manbai xalq xizmatlari bo`lib qolgan. Bugungi shou biznesni esa mo`maygina harajatlarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Sizning repertuaringizdagi qo`shiqlaringizda “to`ybob” qo`shiqlar yo`q. Sir bo`lmasa, ijodingizga mablag`ni qaerdan topasiz?
— Pul topish uchun faqat “to`ybop” qo`shiq kuylash shart emas! Har bir san`atkorning o`ziga yarasha mavqei bor. U ana shu darajasidan kelib chiqib, ijod qilishi kerak. Mablag` uchun yarashsa-yarashmasa to`ylarga chiqaverish to`g`ri kelmaydi. Ijodkor birinchi navbatda o`zining rohati, kasbiga bo`lgan mehri uchun ishlashi kerak. Albatta gapingizga yuz foiz qo`shilaman. Bugun har bir narsa o`z qiymatiga ega. Men esa hozircha to`ylarga chiqayotganim yo`q. Homiy masalasida esa sizga aniq javob aytolmayman. Reklama borasida yaxshiyamki, do`stlarim, tanishlarim bor. Qaysidir ma`noda, ijodimni xurmat qilganidan hozircha yordam berishyapti. Ularning barchasiga o`z minadorchiligimni bildiraman!
— Yakkaxon ijodiy faoliyatingizni kuzatadigan bo`lsak juda ko`p tanaffus qilgansiz...
— Birinchi navbatda — ayol va onaman! Farzandimning tarbiyasiga mas`ulman. Bundan tashqari, o`tgan vaqt davomida chet el safarlarida ko`p bora bo`ldim. Shu sabab ijodimni tanaffuslarsiz olib borishga imkoniyatim bo`lmadi.
— Shaxsiy “front”ga ham o`tsak...
— Qanday savol berishingizni bilaman (kuladi). Savoldan avval javob berib qo`ya qolay. Qayta turmushga chiqqanim yo`q... Oq otdagi shahzodani ham kutmayapman. Chunki, shahzodalar o`rta asrlardagina bo`lgan (kuladi). Qachondir dilimga yaqin, irodali, idealimga yaqin (chunki to`liq ideal odam bo`lmaydi) odamni uchratsam, balki turmushga chiqarman...
— O`g`lingiz ham katta bola bo`lib qolgandir?
— O`g`lim Amir 11 yoshda, 5 sinfda o`qiyapti. Til va sportga qiziqishi baland.
— San`atga munosabati qanday?
— Eshitish qobliyati kuchli, lekin san`atga qiziqmaydi. Aslida bundan o`zim ham xursandman. Uni san`at sohasini egalashini men ham, dadasi ham istamaymiz.
— Farzandingiz siz bilan yashaydi, shundaymi?
— Ha, ammo dadasi bilan har kun muloqotda bo`lib, tez-tez ko`rishib turishadi. Yagona oila tushunchasi qanday ekan, degan savol tug`ilishiga imkon bermaymiz.
— Ona sifatida qattiqqo`lmisiz?
— Qattiqqo`liq bilan ko`ngilchanlikni bir maromda olib borishga harakat qilaman. Ammo yaqinlarimning aytishicha, ko`proq qattiqqo`l ona ekanman. Bu ham to`g`ri, chunki o`g`il bolani doim nazoratda ushlash kerak.
— Rejalaringiz bilan o`rtoqlashsangiz?
— Ketma-ket dilga yaqin qo`shiqlarimni yozish bilan bandman. Tez kunlarda katta ekranga chiqishi kutilayotgan yangi kinokartinaga saundtrek kuyladim. Eng qizig`i, bugungi kun shou biznesiga o`zimni qayta moslashtiryapman, desam hato bo`lmaydi. Sababi, bu sohadan meni anchagina habarim bo`lsa ham, bugun hamma narsa o`zgacha tus olganiga guvoh bo`lyapman. Qisqasi, san`atning yangi a`zosi sifatida qaytadan yana ish o`rganish bilan bandman.
Xulosa o`rnida...
— Bugungi suhbat kimgadir qiziq, kimlargadir umuman yoqmas. Ammo men bugungi hayotim va faoliyatim haqida bor gaplarni oddiy, turli bo`rttirmalarsiz gapirdim.
—3-4 yil avvalgi uchrashuvimizda sizni qandaydir muammo qiynayotganini va tushkunlikda ekaningizni sezish qiyin emasdi... Ammo xomush holatingiz sababini o`sha payt gapirishni istamagandingiz...
— U sabablar hususida hozir ham gapirishni xohlamayman. Eslashni istamaganimdan emas, xotirlab turaman. Balki o`sha payt men uchun qattiq zarbadek tuyilgan voqea, bugun oddiyligi bilan xotiraga kirgan. Inson hayotda hamma narsani oddiylik, xotirjamlik bilan engib o`tsa, u albatta yaxshilik bilan yakunlanadi. Bunda esa unga yaqin insonlarining ko`magi albatta as qotadi.
Bir so`z bilan...
— Ayriliq...
— Men uchun hayotimdagi eng og`ir ayrilik voyaga etkazgan buvimning vafoti bo`lgan.
— Tanishuv...
— 1985 yil 7 yoshimda “Setora” qizlari Feruza va Kamilla bilan tanishganim hayotimdagi eng yoqimli xotiralarni eslatadi.
— Befarqlik...
— Odamlarning yomon gaplari-yu, hatto internet saytlarida yozib qoldiradigan izohlariga befarqlik bilan qarayman. O`zimga yomon gaplarni yaqinlashtirgim kelmaydi.
— Xafagarchilik...
— Juda tez xafa bo`laman. Biroq buni tez unutadigan odatim ham bor. Ikki og`iz yaxshi gap ko`nglimni yumshatadi.
— G`oliblik....
— Onalik baxtiga erishganim! Hayotdagi qo`lga kiritgan eng katta yutug`im ham ana shu. Nasib bo`lsa, yana ona bo`lish niyatim bor.
— Quvonch...
— Hayotimning har bir daqiqasi tinch, osuda o`tayotganidan quvonaman aslida...
Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi





