1

Ctrategik loyihalar elektr energiyasi bilan barqaror ta`minlanadi

Siyosat 26.01.2018, 14:18
Ctrategik loyihalar elektr energiyasi bilan barqaror ta`minlanadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 26 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2026 yilgacha quriladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta`minlash dasturini amalga oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan hissa qo`shadigan yirik muassasadir. Prezidentimiz tomonidan kombinatning salohiyatini yanada oshirish, korxonalarni modernizasiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo`yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2026 yilgacha qiymati 3 milliard dollar bo`lgan 27 ta investisiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan.

Biz o`z oldimizga ulkan marralar qo`yganmiz, dedi davlatimiz rahbari. Bu strategik quvvatlar ishga tushishi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga har yili bir milliard dollardan ziyod qo`shimcha mablag` tushadi, odamlar yangi ish o`rinlari bilan ta`minlanadi.

Darhaqiqat, mazkur 27 ta loyihani amalga oshirish natijasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qo`shimcha ish o`rni yaratiladi.

Bunday ko`p va yirik korxonalarni qurish hamda uzluksiz ishlashini ta`minlash uchun qo`shimcha energiya resurslariga ehtiyoj tug`iladi. Xususan, 2026 yilga borib Navoiy kon-metallurgiya kombinatining elektr energiyasiga bo`lgan talabi 303 megavattga oshib, 703 megavattga etadi.

Yig`ilishda kombinatdagi yangi quvvatlarni elektr energiyasi bilan ta`minlashga qaratilgan loyihalarni o`z vaqtida va sifatli amalga oshirish borasidagi ishlar atroflicha muhokama etildi.

Joriy yil 9 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yangi ob`ektlari, jumladan, 2 ta yirik gidrometallurgiya zavodini elektr energiyasi bilan ta`minlash maqsadida alohida dastur qabul qilindi. Unga muvofiq, qiymati 1 milliard 900 million dollarlik 16 ta investisiya loyihasi amalga oshiriladi.

Jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 2019 yilda umumiy quvvati 510 megavatt bo`lgan 2 ta yangi energoblok qurilib, jami quvvati 1 ming 10 megavattga etkaziladi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 2019 yil va 2023 yilda quvvati 450 megavattdan bo`lgan 2 ta bug`-gaz qurilmasi qurilib, stansiyaning jami quvvati 2 ming 258 megavattga etkaziladi. Bundan tashqari, 10 ta podstansiya va 1 ming kilometrdan ziyod tashqi elektr tarmoqlari quriladi.

Prezidentimiz mazkur ishlarning ahamiyatini alohida ta`kidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini elektr energiyasi bilan ta`minlashga qaratilgan har bir investisiya loyihasi bo`yicha “yo`l xarita”larini ishlab chiqish, ularda loyiha hujjatlarini tayyorlashdan tortib, ob`ektlarni foydalanishga topshirishgacha bo`lgan har bir jarayonning aniq muddatlari belgilash zarurligi qayd etildi.

Energetika sohasini 2018-2028 yillarda rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish, bunda qayta tiklanadigan, muqobil energiya manbalarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratish vazifasi qo`yildi.

Loyihaoldi hujjatlari va import shartnomalarini tez va sifatli ekspertizadan o`tkazish, jarayonga chuqur bilimga ega mutaxassislarni jalb etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Bug`-gaz qurilmalarini barpo etishni videokuzatuv orqali nazorat qilish, qurilish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va iste`mol qilish jarayonlari xavfsizligini ta`minlash masalalariga e`tibor qaratildi.

“O`zbekenergo” kompaniyasiga qurilish ishlariga tarmoq korxonalarini kengroq jalb qilish hamda mahalliy mahsulotlardan foydalanish, buning uchun tizimdagi pudrat tashkilotlarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash topshirildi.

Mazkur kompaniyani davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash, loyihalarni xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida moliyalashtirish va boshqa masalalar ko`rib chiqildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1