AsosiyJamiyat

Toshkentda an`anaviy Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi ish boshlaydi

23-25 aprel kunlari poytaxtimizda navbatdagi an`anaviy Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi bo`lib o`tadi.

Yarmarkaga ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, jumladan, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan ham puxta tayyorgarlik ko`rildi.

Ayni paytda mazkur dargohda kolloid va membrana kimyosi, neft, silikat materiallari kimyosi, rangli va nodir metallar, o`g`itlar, defoliantlar va stimulyatorlar yo`nalishida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, ushbu muassasada mamlakatimizda qazib olinayotgan yonilg`i va mineral xomashyoni kimyoviy yo`l bilan kompleks qayta ishlashning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishga yo`naltirilgan keng ko`lamli izlanishlar amalga oshirilayotir.

Bu boradagi ilmiy tadqiqotlar samarasida chigitni tozalash, qovushqoqligi yuqori bo`lgan neftni aralashtirish, metallurgiya sohasida chiqindilarni qayta ishlash singari texnologiyalar, sho`rlangan qum va tuproqni mustahkamlashning samarali usullari ishlab chiqildi. Markaziy Qizilqum fosforitlaridan oddiy superfosfat ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot tayyorlashda muhim yutuqlardan biridir. Qishloq xo`jaligi uchun nitrokalsiyfosfat olishda qo`l kelayotgan bu texnologiya odatdagisidan ancha mukammalligi, o`simliklar uchun foydali elementlarga boyligi bilan ajralib turadi.

O`zbekiston zaminidagi boy xomashyo zaxiralari, shu bilan birga, yuqori malakali kadrlar mavjudligi mamlakatimiz kimyo sanoati jadal sur`atlarda rivojlanishini ta`minlamoqda. Xususan, keyingi yillarda Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari korxonalar bilan hamkorlikda yaratgan texnologiyalari asosida 930 milliard so`mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi. Qariyb 192 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.

2013 yilgi yarmarkada ishlab chiqarish korxonalari bilan 2 milliard 500 million so`mlik shartnomalar tuzilgan edi. VII Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida institut olim va tadqiqotchilari yigirmaga yaqin loyiha bilan ishtirok etadi. Ushbu ishlanmalarning barchasi patentlar bilan himoyalangan.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, institut laboratoriyalarida izlanishlar olib borayotganlarning 60 foizini yoshlar tashkil etadi. 

    Boshqa yangiliklar