1

Prezident Shavkat Mirziyoev Yakkabog` tumaniga tashrif buyurdi

Siyosat 29.01.2018, 09:11
Prezident Shavkat Mirziyoev Yakkabog` tumaniga tashrif buyurdi

Davlat rahbari 2017 yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga safari chog`ida viloyatda etishtirilayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ularni eksport qilish hajmlarini yanada ko`paytirish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yakkabog` tumanidagi «Darmon farm» xususiy korxonasiga qarashli "Darmon sharbati" meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi 2017 yil avgust oyida ishga tushirildi. Bu erda kuniga 12 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy, energiyatejamkor uskunalar bir kecha-kunduzda 20 tonnagacha meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega. Asosan olma, oshqovoq va sabzi sharbati tayyorlanib, ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida uzum, anor va boshqa qator sabzavot mahsulotlarini ham qayta ishlab, sharbat tayyorlash ko`zda tutilgan.

Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bu erda joriy qilingan zamonaviy texnologiyalar samarali ish jarayoni va yuqori sifatli mahsulot tayyorlashni ta`minlamoqda. Meva-sabzavotlarning tabiiy xususiyatlari saqlab qolingan tayyor mahsulot 1,5 va 3 litrli maxsus idishlar — aseptik paketlarga qadoqlanadi. Korxona xodimlari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir. Ularga zamonaviy texnologiyalarni o`zlashtirishda xorijlik mutaxassislar saboq bergan.

Korxonada tayyorlanayotgan tabiiy sharbatlar chet ellik xaridorlarda katta qiziqish uyg`otmoqda.

Davlat rahbari viloyatda bu kabi korxonalarni ko`proq tashkil etish, tadbirkorlarga eksportni o`rgatish lozimligini ta`kidladi.

Shu erning o`zida Qashqadaryo viloyatida 2018–2019 yillarda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirish loyihalari taqdimoti bo`lib o`tdi.

«Darmon sharbati» meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash va bolalar taomlari ishlab chiqarish, «Sharofat opa Qahramon qizi» agrofirmasi tomonidan muzlatkich omborxonasi qurish loyihalari ham taqdim etildi.

Prezident eksportni rivojlantirish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1