1

Ikki kunlik Innovasion g`oyalar yarmarkasi ishida 4 milliard so`mlik shartnoma imzolandi

Jamiyat 25.04.2014, 11:16
Ikki kunlik Innovasion g`oyalar yarmarkasi ishida 4 milliard so`mlik shartnoma imzolandi

Poytaxtimizdagi «O`zekspomarkaz»da VII Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi o`z ishini davom ettirmoqda/

Unda sanoat, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, farmasevtika, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, fan va ta`lim sohalaridagi yuzlab innovasion mahsulotlar namoyish etilayotir. Ushbu tadbir istiqbolli g`oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish borasida yangi imkoniyatlar ochmoqda.  Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mablag` va vositalarni tejash, ichki bozorda milliy mahsulotlar ulushini ko`paytirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasini kuchaytirishga yordam bermoqda, deya xabar beradi O`zA.

Bu yirik korxonalar va jadal rivojlanayotgan xususiy sektorning ishlab chiqarishni texnik modernizasiyalash va texnologik yangilashga bo`lgan qiziqishi ortayotgani bilan izohlanadi. Korxonalar rahbarlari, fermerlar olimlar taklif etayotgan loyiha va asbob-uskunalarni sinchiklab o`rganib, ulardan eng samaradorlarini tanlab olmoqda va ishlab chiquvchilar bilan xarid qilish shartlarini muhokama qilmoqda, o`zaro manfaatli shartnomalar tuzmoqda.

Ayniqsa, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari stendlari ko`pchilikni o`ziga jalb etmoqda. Ular iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari, jumladan, neft-gaz, kimyo sanoati, farmasevtika sanoati, qurilish, qishloq xo`jaligi, muqobil energetika va boshqa jabhalardagi ustuvor vazifalarni bajarishga yo`naltirilgan yuzdan ziyod innovasion ishlanma va loyihalarni namoyish qilmoqda. Oliy o`quv yurtlari o`qituvchilari va talabalarining innovasion mahsulotlari ular bilan munosib raqobatga kirishmoqda.     

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining iqtisodiyot fakulteti yosh ixtirochilarining ishlanmalari tejamkorligi va ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. Chunonchi, universitet talabalari bioetanol ishlab chiqarishning yangi texnologiyasini taqdim etib, yangi avlod mexanik samokati imkoniyatlarini namoyish qilmoqda. Mualliflarning tasdiqlashicha, mazkur samokat tezkor va shovqinsiz bo`lish bilan birga, atrof-muhitga hech qanday zarar etkazmaydi.

Yarmarkada qishloq xo`jaligi, xususan, paxtachilikni rivojlantirishga yo`naltirilgan turli innovasion ishlanmalarning keng taqdim etilayotgani ushbu tadbirning o`ziga xos jihatlaridandir. Mamlakatimizning turli hududlari iqlim sharoitiga mos istiqbolli yangi g`o`za navlarini yaratish bu boradagi ishlarning ustuvor yo`nalishidir.

Bu borada O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi, Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, «O`zpaxtasanoat» uyushmasi mutaxassislari  erishayotgan muvaffaqiyatlar diqqatga sazovordir. G`o`zaning markerlarga asoslangan seleksiyasi asosida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar samarasida g`o`zaning «Ravnaq-1» va «Ravnaq-2» navlari yaratildi. Ushbu navlar tolasining yuqori sifati, tezpisharligi va serhosilligi bilan ajralib turadi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo`mitasining dastlabki ma`lumotlariga ko`ra, yarmarkaning ikki kunlik ishida innovasiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlik bo`yicha 4 milliard so`mlikdan ziyod yuzdan ortiq shartnoma va kelishuv imzolandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1