Mamazoitovaning nomini sotgan firibgarlar, Rizaeva qatnashgan to`ydagi mojaro va hokazolar xususida
“Eng muhimi, bugungi kunda musiqa san`ati navqiron avlodimizning yuksak ma`naviyat ruhida kamol topishida boshqa san`at turlariga qaraganda ko`proq va kuchliroq ta`sir ko`rsatmoqda. Bu masalada ayniqsa yoshlar qalbini o`ziga har tomonlama jalb etadigan estrada san`atining ahamiyati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz”
Islom Karimov,
“Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asaridan
Sahnaga chiqib qo`shiq kuylash bugun u qadar olamshumul voqeaga aylanmay qolgan. O`rtamiyona ovoz, yorqin ko`rinish va eng asosiysi “uch-to`rt” so`m aqcha topilsa bas. Ertasiga yulduz bo`lib, avval radio, keyin TV, ana boringki, to`ylarga ham chaqirishadi.
Rosti ham shu-da. Bugun shunday yo`l bilan tirikchilik qilib yurganlar oz deysizmi? Mayli, eplayotgani qandini ursin. Ularning hech biriga “Sen qo`shiq kuylashga noloyiqsan, Xudo yuqtirmagan iste`dodni bozordan qidirma”, deyishga haqqimiz yo`q. Ammo bu “Men yulduzman, istaganimni aytish, qilish, topganimni kiyishga haqliman” degani emas.
E`tibor bersangiz, san`atkorlar qanchalik ko`payib, raqobat kuchayib, estrada san`ati rivojlangani sayin, erga ursangiz osmonga sakrab, undan ham balandroqni orzu qiladigan, xalq olib chiqib qo`ygan cho`qqidan pastga qarab odamlarni pisand qilishni unutib qo`yayotgan “yulduz”lar soni tobora ortib boryapti.
Biri odamlarning yaxshi kunida erga dumalab qo`shiq aytsa, ikkinchisi ojizaligini unutib, erkaklar qarshisida nojo`ya harakatlar qilib raqsga tushishdan o`zini tiyolmaydi. Boshqasi esa “ko`rib qo`y, men qanaqa qudratliman”, degandek odamlarning baxtli kunida o`zi bilan to`yga borgan qo`riqchilari ko`magi ostida janjal chiqarib, mushtlashishdan ham tap tortmaydi.
San`atkor madaniyati haqida so`z aytishdan avval ana shu madaniyatga zid bo`lgan yuqoridagi kabi achchiq, ko`z yumib bo`lmaydigan xolatlarni sanab o`tmaslikning ilojisi yo`q edi. Bugungi kun san`atkordan nafaqat sahna, balki sahna orti madaniyatini ham talab qilyapti. Bu juda to`g`ri talab!
Rizaeva borgan to`yda janjal?
O`tgan yilning oxirlari va shu yilning boshlarida xonanda Munisa Rizaevaning to`y-hashamlarda odamlar bilan janjallashib, shovqin-suron ko`tarayotgani haqidagi xabarlarni eshitgandik...
Bulardan ikkitasi poytaxtdagi “Visol” hamda “Grand Palace” restoranlarida yuz bergan. Munisa Rizaeva bilan “Sug`diyona” gazetasi uchun bo`lib o`tgan suhbat davomida ayni shu janjalli voqealar haqida so`z ochganimizda, xonanda “mening biror aybim yo`q, o`sha davrada to`y egalarining o`zi janjal chiqarishdi”, degandi. Oradan ko`p o`tmay “Registon” to`yxonasida Munisa Rizaeva ishtirokidagi janjalli voqeaga o`zimiz guvoh bo`ldik. Qiziq, nima uchun boshqalar qolib, mojaroli vaziyatlar Rizaevaning nomi bilan bog`lanarkin? Albatta, san`atkor ham boshqalar qator o`z sha`ni, obro`-e`tilorrini himoyalashga haqli. Ammo qars ikki qo`ldan degan naql ham bor-ku?
Kiyimda ham gap ko`p-da!
Ustazoda san`atkor Nilufar Usmonova, xonanda Manzuraning xalq xizmatlariga kiyib borayotgan liboslari milliy qadriyatlarimiz, sharq ayollari odob-axloqiga, boz ustiga san`atkor madaniyatiga... bilmadim, to`g`ri keladimi-yo`qmi?...
Boisi bu ikki xonandaning ham bir necha bor to`ylarga juda kalta ko`ylakda borganiga guvoh bo`ldik. Manzura-ku, bir erda turib qo`shiq aytadi. Ammo Nilufar Usmonova raqsga tushganida... Bu san`atkorlar imijlari haqida o`ylab ko`rishsa maqsadga muvofiq bo`lardi!
Jahongir Poziljonovga esa aytishga gap qolmadi. Nahot falon pul olib borayotgan xalq xizmatlariga risoladagidek libos kiyib bora olmasa?!
Yaxshisi, qo`shig`ingizni ayting, Ruxshona
Xonanda Ruxshona to`yda odamlarning qarshisiga borib, “Nima ofisda o`tiribsizlarmi, o`ynamasanglar meni nega chaqirdinglar?” qabilidagi gaplarni aytishga hali yoshlik qilmasmikin?
Ruxshonaxonga birdan-bir maslahatimiz shu: Kimning qo`shig`iga qanday o`ynashni tomoshabinga qo`yib bering! Siz esa, qo`shig`ingizni kuylang. Qo`shiqni maromiga etkazsangiz, shundoq ham odamlar qarshingizga otilib chiqadi. Yo noto`g`rimi?!
KIMSIZ, JANOB PRODYuSER?
San`atkor madaniyati, deganda yana bir jihatni yoddan chiqarmaslik zarur. Dunyo miqyosida san`atkorlarning xalq orasidagi obro`-e`tiborini bir maromda saqlab turish, ularning kelgusi rejalarini tuzish, faoliyatini bosqichma-bosqich olib borish, kerak bo`lsa uning ma`naviy qiyofasi, obro`-e`tibori ham qaysidir ma`noda ularning prodyuserlari qo`lida.
Xo`sh, bizda xalq bilgan, o`z san`atkori bilan faxrlana oladigan qaysi prodyuser bor? Elka qisishga majburmiz. Chunki bizning prodyuserlar va ma`murlar o`z vazifalarini faqatgina xonandani to`y va konsertlarga olib borish, deb o`ylaydi. Shunga yarasha ularning bazilarini xonandaga tishi o`tmaydi. “Buni emas, mana bu libosni kiyasan. Falon to`yga bormaymiz”, degan prodyuserga xonanda tomonidan ko`cha eshigi ko`rsatiladi. Bu oddiy haqiqat!
Kuni kecha “O`zbeknavo” estrada birlashmasida bo`lib o`tgan navbatdagi yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri o`rinbosari, “O`zbenavo” estrada birlashmasi direktori Bahodir Ahmedov prodyuser va ma`murlarning malakasini, shu bilan birgalikda saviyasini oshirish masalasini o`rtaga tashladi.
Endilikda xonandalar bilan birgalikda faoliyat yuritayotgan prodyuser va ma`murlarning ham faoliyatini qonuniy asosda yo`lga qo`yish maqsadida ularning ham lisenziya olishi zarur ekani aytildi. Bir qarashda san`atkorlarimiz uchun bu ortiqcha mashmashadek ko`rinar, ammo bu yo`l bilan kelgusida kelib chiqadigan muammolarning oldi olinishi tayin.
Gulsanam pulni oldiyu to`yga bormadi?!
Yaqinda bir ayol tahririyatimizga qo`ng`iroq qildi. Qo`ng`iroq egasining fikrlari esa e`tiborimizni tortdi.
Rahima Abdusattorova, nafaqadagi o`qituvchi: — To`y qilsam, albatta Gulsanam Mamazoitovani taklif qilaman, deb niyat qilardim. Birga ishlaydigan hamkasbim orqali Gulsanamning ma`murini topdik. Haligi yigit falon pulni bersam, Mamazoitova to`yimga kelishini aytdi. Pulning yarmini to`ygacha, qolgan qismini esa to`yga bir kun qolganda berib yubordim. Buni qarangki, to`y kuni haligi yigit g`oyib bo`ldi. Keyin bilsak, u yigitning Gulsanamga umuman aloqasi yo`q ekan.
Eshitgan quloqqa go`yoki Gulsanam Mamazoitova to`y uchun kelishilgan pulni olib, xizmatga bormagandek. Aslida esa o`sha ayol firibgarlarning qarmog`iga ilingan, xolos. Bundan hatto Mamazoitovaning xabari ham yo`q.
Prodyuserlar nima deydi?
“Qalloblar kamayardi”
Sanjar Ahmedov, Gulsanam Mamazoitovaning prodyuseri: — U to`ydan xabarimiz yo`q. Lekin yaqinda xuddi shunga o`xshash voqea ro`y berdi. Biz qatori ko`pchilik san`atkorlarni bir yigit poytaxtdagi bir to`yga aytgan edi. Biroq to`yga borgan ko`pchilik san`atkorlar pullarini olisholmadi. Biz esa o`sha to`yga borganimiz yo`q. Bunday hollarda odamlar bilib-bilmay san`atkorlarning nomini yomon otliqqa chiqarishadi. Agar prodyuser va ma`murlar maxsus lisenziya bilan qonuniy ravishda ishlashsa, qallobliklar kamayadi. Muxlislardan esa hammaga ham ishonib ketavermasliklarini, keyin esa san`atkorni ayblamasliklarini so`ragan bo`lardim.
“Prodyuser pul sanab yuradigan odam emas”
Feruza Nodirova, Otabek Mutalxo`jaev va Yodgor Mirzajonovniing prodyuseri: — Bugungi kunda ko`p narsalar prodyuserga bog`liq bo`lib qolyapti. Xonandalarga qo`yib bersangiz “o`zim xon, ko`lankam maydon” qabilida ish tutishadi. Prodyuser va ma`murlarning faoliyati qonuniy asosda yo`lga qo`yilishi oddiy muxlislar va san`atkor munosabatlarida ham yaxshi natija beradi. Prodyuser faqat xonandaning ortidan pulini sanab yuradigan odam emas, balki bir vaqtning o`zida uni to`g`ri yo`lga soladigan shaxs hamdir.
P/S.: San`atkorning sahnadagi chiqishini ko`rib, zavqlanib, qo`shiqlaridan ruxlanib raqsga tushamiz. Istagimiz san`atkorlar madaniyatni, odob-axloqni unutmagan holda ko`cha-ko`yda risoladagidek yurib, doim odamlar diqqat markazida ekanini unutmasin. Prodyuserlar ham topayotgan nonini halollab, ham san`atkor, ham xalq oldidagi ma`suliyatini va ishonchini suiste`mol qilmasin.
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi





