AsosiyShou-biznes

Lola Yo`ldosheva: “San`atkorlar ichida yaqin do`stim yo`q!”

Maftunkor, jozibali, sirli, chiroyli tabassum egasi, oila va san`atni bir maromda ushlay oladigan... Yuqoridagi ta`riflarning barini xonanda Lola YO`LDOShEVAga nisbatan qo`llash mumkin. Haqiqatda unga bugun ko`plar havas ko`zi bilan qaraydi. Boshqa hamkasblaridan farqli o`laroq, uzoq ijodiy tanaffusiga qaramay, san`atdagi darajasini ushlab turolgani ham uning eng katta yutuqlaridan biri. Xonandaga tinglovchilarning qiziqishi hamon yo`qolmasligi - Lola bilan suhbat uyushtirishimiz sabablaridan biri. Intervyu davomida suhbatdoshimizning kimlar uchundir ma`lum, ayrimlar uchun sir bo`lib kelayotgan qirralarini ochishga harakat qildik...

— Sizni ko`rib turganimizdan xursandmiz. Doimgidek go`zalsiz!

— Rahmat. Taklifingiz uchun tashakkur!

— Nega aynan Yapon bog`iga uchrashuv belgiladingiz?

— Hozir bahor, uyg`onish fasli. Tabiat qo`ynida bo`lishni juda yaxshi ko`raman.

— To`g`ri, ochiq havoda dildan suhbatlashishga nima etsin. Intervyuni boshlaymizmi?

— Albatta!

— Kuni kecha radio to`lqinlarda yangi “Jonim ayt” qo`shig`ingizning premerasi bo`lib o`tdi...

— 23 apreldan boshlab, klipmeyker Yodgor Nosirov bilan hamkorlikda syujet yo`nalishida klip suratga olish ishlarini boshlaymiz. Klipda o`zbek kinosining taniqli aktyorlari ishtirok etishadi. “Jonim ayt” klipi haqida batafsil ma`lumot berolmasam-da, lekin bir sirni ochishim mumkin. Bosh qahramonlar rolida men va aktyor Bobur Yo`ldoshev. Bundan tashqari, shu kunlarda yangi repertuar va albom ustida ham ish boshlaganman. Yangi to`plam boshqalaridan tanlangan musiqa va qo`shiqlar bilan farq qiladi.

— Xonanda Lola Yo`ldoshevani injiq san`atkorlar sirasiga kiritishadi. Shu fikrga qo`shilasizmi?

— Ayol sifatida baho beradigan bo`lsam yuqoridagi fikrni unchalik oqlamayman. Ijodkor sifatida injiq, degan ta`rifga yuz foiz qo`shilaman. Aynan ishimga bo`lgan talabchanlik meni shunga majbur qiladi. Qilayotgan ishimda hammasi o`z o`rnida va me`yorida bo`lishi shart.

— Hatto ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarinigizga joylashtirgan suratlaringizda ham kutilmagan kadrlarni uchratib bo`lmaydi. Go`yo har bir rasmni joylashtirishda bu haqida uzoq o`ylab ish tutganga o`xshaysiz. Bu odatni boshqa hamkasblaringizda kuzatilmaydi.

— Negadir bunga e`tibor bermagan ekanman. Lekin surat joylashtirishdan oldin o`ylash va tanlashim bor gap.  (Kulib) Balki bu menning fe`l-atvorimdan kelib chiqqan odatdir, yana kim bilsin... Tez kunlarda kutilmagan, barcha uchun qiziq biror-bir suratimni joylashtirishga harakat qilaman.

— So`nggi paytlar ko`zga tashlanadigan, ochiq liboslarda ko`rinayotganingiz e`tiborimizni tortdi...

— Ilgari juda yosh bo`lganim sabab ochiq liboslar kiyishga jur`at qilolmasdim. Bugun esa ulg`aydim, me`yorni unutmagan holda o`zimga yarashgan liboslarni kiyishga harakat qilyapman. Turmush o`rtog`im ham men tanlaydigan uslubga qarshilik ko`rsatmagan. Nazarmida, libos masalasida chegaradan chiqayotganim yo`q.

— Sizni san`atkorlar davrasida uchratish qiyin. Ko`proq boshqa soha vakillari bilan muloqotda bo`lasiz. Bunga nima sabab?

— Hamkasblarim orasida yaqin do`stim yo`q, bo`lmagan ham. To`g`ri, san`atkorlar ichida bir-birimiz bilan muloqotda bo`ladiganlari ham bor. Biroq ularni do`stim, deyolmayman. Hayotda ishongan do`stlarim san`atkor emas, balki meni yaxshi tushunadigan qadrdonlarim. Boshqalar singari ularni ommaga ko`rsatgim kelmaydi.

— Oila davrasida hordiq chiqarishni yaxshi ko`rishingizni bilamiz. Oila a`zolaringiz bilan dam olishni ham kanda qilmaysiz. Bu o`ziga xos an`anami?

— To`g`ri! Oilam bilan sayohatda bo`lib hordiq chiqarish jon-u dilim. Ayniqsa, biror-bir yirik ishlarni amalga oshirgandan keyin dam olgani borishni yoqtiraman. Konsertimdan so`ng albatta sayyohatga jo`naymiz. Umuman olganda, har bir odam bir yilda bir marotaba bo`lsa ham o`zi va oilasi uchun vaqt ajratishi kerak!

— Turmush o`rtog`ingiz juda jiddiy va biroz qo`rsdek ko`rinadi. Siz bilan birgalikda esa uning naqadar romantik ekanini sezish qiyin emas...

— Aslida to`ydan oldin ko`nglimni topib, e`tiborimni torta olgan jihat ham aynan turmush o`rtog`imning romatikligi. U “syurpriz”larni judayam xush ko`radigan inson.

— Farzandlar ulg`ayavergani sayin oiladagi romantika ham o`z-o`zidan kamayadi, degan gaplar to`g`rimi?

— (Kulib) Afsuski, ha! Balandparvoz gaplar bilan maqtanib, yo`q oilamizda romatika kamaymagan, deyolmayman. Sababi, oila, turmush, kundalik tashvishlar bilan o`ralashib qolarkan kishi. Ammo kutilmaganda o`ziga yarasha romantika yaratish mumkin. Masalan, kuni kecha mazali taom tayyorlayotgandim, kutilmaganda turmush o`rtog`im bir dasta gul bilan kirib keldi. Shubhasiz bu yoqimli jarayon! Ko`proq chet elga hordiq chiqarish uchun borganimizda bir-birimizga turli sovg`alar qilishga odatlanganmiz. Oilaviy sayohatlar ham er-xotin o`rtasidagi munosabatlarni yangidan boshlanishiga turtki bo`ladi.

 Haliyam ko`pchilik Lola turmush o`rtog`i bilan birga yashamaydi”, degan fikrda...

— Bu fikrlar bir vaqtlar tarqalgan bo`lar-bo`lmas turli gap-so`zlarning asorati, xolos.

— Bu gaplarni eshitish siz uchun yoqimsiz bo`lsa kerak?

— Aslo! Agar haqiqat bo`lganida, sirimdan voqif bo`lishdi, degan o`y bilan biroz hafa bo`lishim mumkin edi. Xudoga shukr, to`laqonli oilaning bekasiman! Aslida gap-so`zlarga e`tibor beradigan ayol emasman.

— Har yili Lolaning konsertida o`ziga hos kutilmagan “fishka”larni kuzatamiz. Bu yili Tanovar”ga raqs tushishingiz barchani hayratlantirdi...

— Aslida bu raqs kutilmaganda konsert dasturiga kiritilgandi. Tayyorgarlik jarayonida O`zbek Milliy akademik drama teatrida namoyish etilgan “O`zbekcha raqs” spektaklini ko`rgani bordim. Bosh rol ijrochisi Dilbar Ikromovaning o`z keliniga “Tanovar” raqsini o`rgatishidan ta`sirlandim. Har bir harakat o`zida chuqur ma`noni anglatishi meni lol qoldirdi. Spektakldan chiqdim-u, bu raqsni albatta ijro etishim kerak, degan fikr  uyg`ondi. Va hech qanday qiyinchiliklarsiz raqs harakatlarini o`rganib, konsertda uni ijro etdim. Aslida raqs bilan birgalikda qo`shiq ham kuylashim kerak edi. Ammo etarli darajada mashq qilolmaganim tufayli raqs bilan cheklanishga majbur bo`ldim. Hechqisi yo`q, kelasi yilgi konsertimda bu xatoni tuzatish imkonim bor (jilmaydi).

Bir so`z bilan aytganda...

— Kechirim...

— Kamdan-kam holatlarda kechirim so`rayman. Aybim bo`lmasa, uzr so`rash haqida umuman o`ylamayman ham. Faqat onamdangina har qanday vaziyatda kechirim so`rashga tayyorman!

— G`urur...

— Ilgari menda bu tuyg`u juda kuchli edi. Bugun esa uni hayotimdagi nomlanishi biroz o`zgargan. Ya`ni, uning o`rniga o`z-o`zini xurmat qilish, yaxshi ko`rish so`zlarini qo`llayman. Chunki haqiqatda inson o`zini xurmat qilib, yaxshi ko`rishi shart! Ana shunda boshqalardan ham shunday munosabat qaytadi.

— Ko`z-yosh...

— Taxminan 5 yil oldin Lola judayam yig`loqi edi. E`tibor qilishga arzimas narsalarga ham ko`z-yosh to`kaverardi. Bugun esa u o`zgargan. Hayotiy saboqlar meni shunga o`rgatdi. Endilikda o`zimni salbiy holatlardan asray olaman. Yillar o`tishi bilan qalban kuchli ayolga aylanganimni his etyapman. So`nggi vaqtlarda ko`proq xursandchilik sabab yig`layapman (samimiy kuladi). Yaqinda o`g`limning bog`chasida o`tgan tadbirda farzandim erishgan yutuqlarni ko`rib, faxrlanganimdan ko`zimga yosh keldi. Har bir odamning hayotida sevinch ko`zyoshlari bo`lishini istayman!

  • Rozi emasman...
  • Bu savolga javob berish naqadar qiyin ekanini tasavvur ham qilolmaysiz. Shu kungacha bu narsa to`g`risida o`ylamagan ekanman... (Uzoq o`ylanib) Bu hayotda ma`lum bir narsaga umuman rozi bo`lmayman deb bo`lmaydi. Chunki hayot charhpalagi vaqt kelib qachondir rozi bo`lmayman degan narsangizga rozilik berishga majbur qilib qo`yishi mumkin. 

 

Aliya Sulaymonova suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar