1

Qonun hech kimni chetlab o`tmaydi, hatto mansabdorlarni ham

Jamiyat 26.04.2014, 13:44
Qonun hech kimni chetlab o`tmaydi, hatto mansabdorlarni ham

“... Fuqarolarning og`zaki va yozma murojaatlari bir xil ahamiyatga ega...”

“Fuqarolarning murojaatlari to`g`risida”gi  qonundan

“... Manfaatdor vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralariga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda aniqlangan kamchiliklarni to`ldirish hamda ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish taklif qilingan, ularning norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha aniq choralar amalga oshirilgan”.

Bu ma`lumotlar joriy yil 10-11 aprel kunlari poytaxtimizda bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisi ikkinchi kunida Adliya vazirining 2013 yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati to`g`risidagi axborotida zikr etildi. Xo`sh, bunday yondashuv nimadan dalolat? Ehtimol sahifamizda taqdim etilayotgan murojaatlar va davlat organlarining tegishli masalalarni o`rganib, muammolarning echim topishida qonunning ustunligini ta`minlashi ana shu savolga javob bo`lar...

“BANKKA E`TIROZIM BOR”

Chirchiqda yashasam-da, markazda ishlayman. Nafaqaga chiqqanimga ham ancha bo`lgan. Oylik maoshimizdan 1 foizdan jamg`arma yig`ilib, 666 000 so`mdan ko`proq yig`ilib qolgandi. Tanish-bilishlardan xuddi shunday yig`ilib qolgan jamg`armalarni olishganini eshitib, naqd pulga zarurat tug`ilganda bankka ana shu jamg`armani olish uchun murojaat qildim.

Ammo Chirchiqda yashaganim bois meni o`zim istiqomat qiladigan shahar xalq bankiga murojaat qilishimni aytishdi. Men kabi jamg`arma pulini olish bank oldida navbat kutib turganlar anchagina edi. Men ham navbatga yozildim.

Bank xodimlarining aytishicha, faqatgina o`sha bankdan plastik kartochka ochilganda, tegishli mablag` to`lig`icha ana shu plastikka o`tkazib berilish mumkin ekan. Ammo mening oylik maoshim uchun ochilgan plastik kartochkamga 65 foiz ish haqim o`tkaziladi. Bu mablag` muntazam kommunal to`lovlarni to`lashga va boshqa chiqimlarga etib ortadi.

Menga esa naqd pulga ehtiyoj tug`ilmoqda. 666 000 so`mni naqd olish uchun necha kun bankda navbat kutib turaman? Axir bankda naqd pul beriladigan kunlar har oyning 5 sanasidan 15 sanasigacha qilib belgilangan bo`lsa. Iltimos, jamg`armamdagi 666 000 so`m mablag`ni Chirchiq shahar Xalq bankidan hech bo`lmaganda ikki marta bo`lib olishda yordam bersangiz…

Sagdulla O`rinbaev, Chirchiq shahri, Haydar Maqsudov ko`chasi 127-uy

Masala o`rganilganda esa...

Ushbu murojaat tegishliligi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki boshqaruviga yo`naltirilib, o`rganish natijalari yuzasidan ma`lumotlar olindi. O`zbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki boshqaruvi raisining birinchi o`rinbosari A.Islamov imzosi bilan taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, fuqaro S.O`rinbaevning Xalq banki Chirchiq shahar filialidan shaxsiy jamg`arib boriladigan pensiya hisobvarag`idagi jami mablag`ini 2013 yilning 11 noyabr sanasiga qadar to`liq naqd pul shaklida olganligi aniqlangan.

TAHRIRIYaT: Shuningdek, javob xatida fuqaroning ushbu masala o`rganilganligi yuzasidan tushuntirish xati ham ilova qilingan. Quyida uning nusxasi hech qanday o`zgarish va tahrirsiz taqdim etilyapti. Xulosa chiqarish o`zingizga havola.

ESLATIB O`TAMIZ: Fuqaro murojaati aslida avval Markaziy bankka yo`naltirilgandi. Masala garchi o`rganilgan bo`lsa-da, tahririyatga natijalar taqdim etilmagani bois 2014 yil 19 fevralda Davlat-tijorat Xalq banki boshqaruviga qayta yo`naltirdik, javob xati esa 2014 yilning 5 mart sanasida taqdim etilgan.

PENSIYa TO`G`RI TAYINLANGANMI?

Yoshim 72 da. Ish stajim 45 yil. 2002 yil 15 yanvardan pensiyaga chiqqanman. 17 ming so`m pensiya tayinlangan. 2012 yilgacha foizlar qo`shilib, 279 000 so`m bo`lgan edi. 2012 yil yanvar oiyda 149 000 so`m qilib vedomostga chiqarishgani uchun sababini so`rab, Marhamat tuman ijtimoiy ta`minot bo`limiga murojaat qildim. Oshiqcha pensiya tayinlanganini aytishdi. Tekshirilganda 1989-1991 yildagi ish haqimni ko`rsatishdi. Ammo 1992-2002 yilgacha bo`lgan ish haqim, ish stajim haqidagi dalolatnoma yo`q. Men ularni tuman arxividan olib ijtimoiy ta`minot bo`limiga taqdim etganimdan keyin pensiyam 2012 yil fevraldan 170 000 so`m qiymatida  qayta tayinlandi. Ammo bu puldan ham 2012 yil sentyabr oyigacha 76 000 so`mdan ushlab qolinib, 94 000 so`mdan olib keldim. Shu tayinlangan pensiya to`g`rimi?

Turg`unboy Allanazarov, Andijon viloyati Marhamat tumani

Ham ortiqcha, ham kam to`lov

Ushbu murojaat Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi ijro etuvchi apparatiga yo`naltirildi. Tegishi apparatning ijro etuvchi direktori birinchi o`rinbosari M.Ziyadullaev imzosi bilan taqdim etilgan ma`lumotlar esa quyidagicha:

“Fuqaroga Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi Marhamat tumani (sobiq ijtimoiy ta`minot) bo`limi tomonidan 2002 yil 15 yanvardan 42 yil umumiy ish staji va 1997-2001 yillardagi oylik ish haqi hisobidan yoshga doir pensiya tayinlangan.

2004 yil 1 avgustdan qo`shimcha ish staji va oylik ish haqlari to`g`risida taqdim etilgan ma`lumotga 1992-1996 yillardagi oylik ish haqlari va 42 yil 9 oy umumiy ish staji hisobidan pensiya miqdori qayta hisoblangan hamda uning miqdori O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlariga muvofiq muntazam oshirib kelingan.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi Marhamat tumani bo`limida fuqarolarga tayinlangan pensiya va nafaqalarning qounnchilik talablariga rioya qilingan holda tayinlangani o`rganilganda 1989-1993 yillardagi ish haqlari arxiv muassasalarida saqlanayotgan birlamchi hujjatlarda mavjud,  haqiqatdagi miqdoridan oshirib yozilganlaigi aniqlangan. Natijada 2 016 228 so`m miqdorida ortiqcha mablag` to`langanligi ma`lum bo`lgan.

Shuningdek, bo`limning sobiq xodimi T.Mamajonov (mehnat shartnomasi bekor qilingan) tomonidan oxirgi o`n yillik ish haqidan hisoblash tartibi buzilgani natijasida qo`shimcha 1 728 303 so`m miqdorda kam to`lov amalga oshirilganligi aniqlangan.

Yuqorida aniqlangan 2 016 228 so`m ortiqcha to`lov va 1 728 303  kam to`lov o`rtasidagi 287 925 farq pensiya miqdoridan undirib qolinganligini ma`lum qilamiz”.

“DARAKChI” ESLATADI!

O`zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunning 65-moddasi “b” bandiga asosan, pensiyalardan chegirmalar O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tuman (shahar) bo`limining qaroriga binoan — *pensionerga uning tomonidan qilinggan suiiste`molliklar oqibatida (qasddan noto`g`ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a`zolari tarkibidagi o`zgarishlar haqida ma`lumotlar taqdim etmaslik) yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to`langan taqdirda qilinishi mumkin.

TAHRIRIYaT: Guvohi bo`lganingizdek, masala hal, e`tirozga o`rin yo`qdek. Ammo bir savol: bunday holatlarni har doim ham “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunning 65-moddasi “b” bandi bilan izohlash to`g`rimi? Fuqarolar hujjatlarni Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tuman (sobiq ijtimoiy ta`minot) bo`limlari talablariga ko`ra, mahalliy arxiv bergan ma`lumotlar bilan taqdim etishlarini inobatga olsak... Bizningcha, bu savolning javobi ayni shu jihat bilan ham e`tiborlidek.

* Murojaatlar va ularga taqdim etilgan ma`lumotlar mazmuni saqlangan holda qisqartirib olindi.

P/S: Aziz mushtariylar! Hududingizda echimini kutayotgan masalalar e`tibordan chetda qolishini istamasangiz, yashash manzilingiz, ism-familiyangizni to`liq yozib, shaxsiy imzongiz bilan bizga maktub yo`llang. Manzilimiz: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko`chasi, 53-uy. Aloqa indeksi: 100060. Shuningdek, har kuni soat 09.00 dan 19.00 gacha (+99895) 194-64-16 raqamlariga qo`ng`iroq qilib yoki xatlar@darakchi.uz  manzili orqali o`z savollaringiz bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Barno MADALIEVA tayyorladi 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1