O`zbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqot – “Muhokamatu-l-lug`atayn” haqida

Moziydan sado 06.02.2018, 16:55
O`zbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqot – “Muhokamatu-l-lug`atayn” haqida

9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Alisher Navoiy bundan besh asr oldin tillarning o`zaro chog`ishtirma tadqiqiga asoslangan “Muhokamatu-l-lug`atayn” (“Ikki til muhokamasi”) monografiyasi bilan dunyo tilshunosligida mutlaqo yangi ilmiy yo`nalish – komprativistikaga asos solgan edi. Shu bois Navoiy ilmiy tafakkurining gultoji hisoblangan ushbu tadqiqot o`zbek fani tarixida ham tengsiz maqomga ega. Ushbu asar bizgacha etib kelgan ilmiy ishlar orasida o`zbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqotdir.

“Muhokamatu-l-lug`atayn” asarining to`rtta qo`lyozmasi bizgacha etib kelgan bo`lib, uning birinchi nusxasi Istanbuldagi To`pqopi saroyi muzeyi Revan kutubxonasida saqlanadi. Taxminlarga ko`ra, u mavjud nusxalarning eng eskisidir. Asarning yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih bo`limidagi Navoiy kulliyotidan o`rin olgan. 1526 – 1527 yillarda ko`chirilgan Parij nusxasi u erdagi Milliy kutubxonada va to`rtinchisi esa Budapeshtda saqlanmoqda.

– Yaqinda ana shu asarning yangi nashri turkiy tillar tarixining bilimdonlaridan biri Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida chop etildi, – deydi filologiya fanlari doktori Qudratulla Omonov. – “Akademnashr”da chop etilgan mazkur kitobda asarga bag`ishlangan tadqiqot, “Muhokamatu-l-lug`atayn”ning ilmiy transkripsiyasi, hozirgi o`zbek tiliga soddalashtirilgan o`girmasi, asarda ishlatilgan ilmiy atamalar so`zligi berilgan. Ilova sifatida Parij va To`pqopi nusxalarining faksimili ham keltirilgan. Turkologiyadagi eng so`nggi ilmiy qarashlarga tayanilgan kitobda so`zlarning o`qilishi, talaffuz shakllarida o`zgarishlar kiritilgan. Asar matni lotin alifbosi asosidagi xalqaro ilmiy transkripsiyada berilgan bo`lib, bu Navoiy asarlari birinchi bor ana shu transkripsiyada ilmiy tatbiq etilishi muhim ahamiyatga ega.

Nasiba Ziyodullaeva, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1