1

Xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi

Siyosat 08.02.2018, 07:45
Xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 7 fevral kuni xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash masalalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi, deb xabar qiladi davlat rahbarining matbuot xizmat.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo`nalishi sifatida belgilangan.

O`tgan yillar mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq shu paytgacha xotin-qizlar manfaatlarini ro`yobga chiqarish bo`yicha samarali mexanizm yaratilmagan.

Xotin-qizlar qo`mitasi, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari yillar mobaynida faqatgina turli tadbir va yig`ilishlar o`tkazish bilan cheklanib, ijtimoiy vaziyati og`ir oilalar, ayollar va yosh qizlarga chinakam yordam berish bo`yicha samarali faoliyat olib bormagan. Buning oqibatida joylarda ko`plab masalalar to`planib qolgan, ularning echimi bo`yicha aniq manzilli ishlar amalga oshirilmagan.

O`tgan yil jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etilib, xotin-qizlar hayotidagi muammolar o`rganildi. 2017 yil jami 5 milliondan ortiq xonadonga kirib borilib, oilalar tomonidan ko`tarilgan masalalarni hal etish choralari ko`rildi. Jumladan, 22 mingta oilada ajrashib ketishning oldi olindi, 36 ming fuqaro ishga joylashtirildi, 14,5 ming yurtdoshimizga imtiyozli kredit olishda yordam berildi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, bu oilalar farovonligini ta`minlashga qaratilgan muhim ishlarning bir qismi xolos. Hali bu borada amalga oshirish zarur bo`lgan qator dolzarb vazifalar turibdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni shu maqsadda qabul qilindi.

Xotin-qizlarga e`tibor hamma vaqt barcha sa`y-harakatlarimiz markazida bo`lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Oilaga e`tibor aslida bu o`zligimizga e`tibordir.

Yig`ilishda xotin-qizlar qo`mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko`mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga etarlicha e`tibor berilmagani ta`kidlandi.

Oxirgi yillarda ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgani tashvishlanarlidir. 2017 yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida, asosan, ayollar va bolalar jabr ko`rmoqda. Ayollar o`rtasida jinoyatga qo`l urish hollari ko`p uchramoqda.

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmonida shu kabi muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Respublika, viloyat, shahar va tumanlar xotin-qizlar qo`mitalari tuzilmasi tubdan takomillashtirildi.

Barcha mahalla fuqarolar yig`inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi.

Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo`linmalari tashkil etilib, aniq vazifalari, maqomi belgilab berildi.

Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organi faoliyatini muvofiqlashtirish tuman hokimi o`rinbosari – xotin-qizlar qo`mitasi raisi zimmasiga yuklatildi. Bu bilan joylardagi xotin-qizlar masalalari bo`yicha hokim o`rinbosarlari hamda Respublika qo`mitasining imkoniyati va ta`siri kuchaytirildi.

Onalar va go`daklar o`limi qayd etilayotgani, nogiron bolalar tug`ilayotgani – xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini ta`minlash bo`yicha ishlarning mutlaqo qoniqarsiz ekanini ko`rsatmoqda. Har yili 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining tekshiruvidan o`tkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti. Shu bois oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida “ayollar maslahatxonalari” tashkil etilishi belgilandi.

Respublika komissiyasi va 7 ta ishchi guruh tashkil etilib, bu boradagi ishlarni bajarish O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini ta`minlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo`yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Topshiriqlarga muvofiq, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining barcha bo`g`inlaridagi rahbarlar faoliyati tanqidiy o`rganilib, vazifasiga noloyiq kadrlar o`zgartiriladi.

Og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogiron xotin-qizlarning manzilli ro`yxati shakllantirilib, ular bilan yakka tartibda ishlash tizimi joriy etiladi.

“Oila” markazi va Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi.

Sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganda, birinchi navbatda, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan ta`minlashga qaratilgan choralar ko`rish bo`yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Joylardagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati tanqidiy o`rganilib, ularga o`z vazifasi mohiyatini tushunadigan, adolatli, oilaviy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, professional kadrlar tayinlanadi.

Ishlash istagi bo`lgan xotin-qizlarning manzilli ro`yxatlari shakllantirilib, ularning bandligini ta`minlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib boriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, o`tgan yili maxsus ro`yxatdan chiqarilgan 2 ming 587 nafar diniy oqim a`zosi bo`lgan ayollarning hayotda o`z o`rnini topishi, ijtimoiy muammolarini hal etishga alohida e`tibor qaratiladi.

Xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, kam ta`minlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam ko`rsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada rivojlantirish bo`yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Yig`ilishda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Istiqboldagi muhim vazifalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1