AsosiyShou-biznes

Karan Johar: “Shohrux va Kajol bilan ishlash men uchun katta baxt”

Karan Johar! Bollivuddagilar u bilan ishlash istagini hech qachon yashirmaydi. Ayni paytda Karan aktyor va aktrisalar uchun “Omadli yo`lak” hozirlaydigan sehrgardek...

Rejissyor sifatida shu qadar ommalashib ketdingizki, barcha siz bilan uchrashish istagini yashirmayapti?

— Bunday munosabatdan mamnunman! Lekin afsuski, studiyamizga kelgan har bir odam bilan ishlash, o`tirib bafurja suhbatlashish imkoni yo`q.

Shu qadar ishga ko`milganmisiz?

— Har holda bekorchi ham emasman! Vaqtimni rejali sarflashni ma`qul ko`raman. Bu bilan boshqalarning vaqtiga ham xiyonat qilmayman.

Teleshoularingiz ommalashdi, filmlaringiz dunyo ekranlarini egallayapti, Dxarma Prodakshning faoliyati ham “gullayapti”... Omadingiz keldi?

— Faqat omadga bog`liq bo`lganida edi, dunyodagi millionerlar topgan-tutganini mediaga, xususan kinoga sarflagan bo`lardi. Shunchaki, har bir ishimni sidqidildan bajardim va muvafaqqiyatlarimga ishonib qadam tashladim. Natijasi shunday bo`layapti!

Shohrux va Kajol sizdan qanchalik minnatdor?

— Bunisini hatto, hazil bilan ham so`rab ko`rmagan ekanman. Lekin men ular bilan ishlash baxtidan hech qachon o`zimni mosuvo qilmayman!

Shohrux bilan o`rtangizda muammolar tug`ilgandi?

— Buni inkor etmayman. Lekin sababi va bo`lib o`tgan gap-so`zlarga to`xtalish shart emas.

Turli xil mish-mishlar bolaladi. Izohlash kerakmidi?

— Yo`q! Shunday voqealar borki, har qancha ommalashmasin izohga hojat yo`q. Shohruh bilan o`rtamizdagi munosabatlarimizda dallollarga ehtiyoj sezmaymiz.

Uylanish haqida ancha yillardan beri gapirasiz. Lekin shaxsiy hayotingizda hamon “jimjitlik”?

— To`g`risi, bu jimjitlikdan o`zim ham bezganman. Qani edi oilam, bolalarim bo`lsa, deganimda boshqa ishlarga sho`ng`ib ketgan bo`laman. Ishni yakunlab, yana shunday o`yga berilganimda... shu tariqa davom etayapti hayot. Turli gap-so`zlar qulog`imga chalingan, o`zim haqimdagilarni aytayapman. Men sevib qolishim kerak!

Karan siz uchun oila...

— Er-xotin qo`shnilardek yashashni hazm qilolmayman. Ishga borib kelish, farzandlar tarbiyalash, yana qandaydir jarayonlar... Men odatiylikda tuyg`ular emirilib ketishidan qo`rqaman. Balki shu sabab hali ham yolg`izdirman.

Bollivudni kimsiz tasavvur qilolmaysiz?

— O`tmishni Yash Choprasiz, bugunni Shohruxsiz, kelajakni Karan Joharsiz!

O`zingizga yaxshi baho berishni bilasiz...

— Agar odam o`z imkoniyatini chegaralasa, uning g`alabalari ham barmoq bilan sanarli bo`ladi. Raqamlar besh yoki o`n bilan tugamaydi-ku!

“Yil talabasi 2” yana muvafaqqiyatli chiqishiga umidvorsiz?

— Agar ishonmaganimda ikkinchi loyihaga qo`l urmagan bo`lardik. Ko`zim etadigan ishni qilishni yaxshi ko`raman. “Qurbon” ustida ishlamasligimni maslahat berganlar bugun o`sha filmni qayta-qayta ko`rganini aytayapti.

Yana Shohrux va Kajol juftligini ekranga qaytarish taraddudidasiz?

— Ularni sog`indim. Shuning uchun bu ishga sho`ng`imoqchiman.

SEVDO tayyorladi

 

    Boshqa yangiliklar