AsosiyShou-biznes

“O`zbeknavo” ogoxlantiradi! San`atkorni oyoqosti qilishga hech kimning haqi yo`q

“O`zbeknavo” estrada birlashmasi! Shu vaqtgacha faqat san`atkorlargagina tanish bo`lgan tashkilot edi. Ammo so`ngi yillarda taniqli ijodkorlar bilan sodir bo`lgan muammolar tufayli bu tashkilot xalqqa ham anchayin yaqin bo`lib boryapti. Bugun qaysidir xonanda TVda ko`rinmay qolsa yoki radioda qo`shiqlari berilmasa darrov “O`zbeknavo” ruxsat bermagandir-da...” degan gaplar tarqaydi. “O`zbeknavo” estrada birlashmasi vakili Odiljon ABDUQAXXAROV bilan bo`lib o`tgan suhbatimizda birlashma faoliyati va bu faoliyat ortidagi gap-so`zlar haqida so`z bordi...

“Endi har bir QO`ShIQ “LISENZIYa” OLADI”

Odiljon aka, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan o`tkaziladigan yig`ilishlarda ba`zi san`atkorlarning milliy qadriyatlarimiz, o`zbekchiligimizga to`g`ri kelmaydigan qo`shiq va kliplari muhokamaga qo`yiladi. Lekin bu ijod mahsulotlari ommaga tarqalib bo`lganidan keyin muhokama qilishdan nima naf?

— Gapingizda jon bor. Hech qaysi san`atkorga “Falon qo`shiqni ayt, piston qo`shiqni aytma”, deyishga haqli emasmiz. Har bir xonanda o`zining bilimi, dunyoqarashi, saviyasidan kelib chiqqan holda kuylaydi. Shuningdek, masalaning yana bir jihati borki, bugungi kunda ko`pchilik xonandalarimiz studiyaga borib she`r tanlab, unga musiqa bastalatib, so`ng qo`shiq yozishmaydi. Bastakorlardan tayyor qo`shiqni harid qilib qo`ya qolishadi. Bu qo`shiqlarning aksariyati esa she`riy jihatdan ham, musiqa tomonidan ham talabga javob bermaydi. Xonanda esa buni tushunmay, qo`shiq yozaveradi. Bunday holatlarning oldini olish uchun “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan yangi loyiha ishlab chiqildi. Bunga ko`ra har bir viloyat, shahar markazlarida “O`zbeknavo” esrtada birlashmalarining ovoz yozish studiyalari tashkil etiladi hamda xususiy studiyasiga ega bo`lgan kishilar ham studiyalarini ro`yhatdan o`tkazishadi. Va har bir yozilgan qo`shiq uchun studiyalar tomonidan maxsus guvohnoma beriladi. Endi radio, TV va internet saytlari studiyalar tomonidan berilgan guvohnomasiz qo`shiqlarni ommaga targ`ib qilmaydi. Balki shu yo`l bilan biroz bo`lsa-da, ma`nisiz qo`shiqlar yaralishining oldini oliga erisharmiz.

“Jonli ijrodagi konsertlar XARAJATINI “O`ZBEKNAVO” TO`LAYDI”

— Ma`lumotlarga qaraganda, qaysidir xonanda jonli ijrodagi konsert qo`ymoqchi bo`lsa, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi konsert bilan bog`liq sarf-harajatlarni o`z gardaniga olarmish. Lekin jonli ijroning hammasi ham “jonli”mikin?

(Kulib) Fikriingizga qo`shilaman. Shuning uchun ham birlashma qoshidagi professional san`atkorlar, professor o`qituvchilar, cholg`uchilardan iborat ijodiy kengash tashkil etilib, jonli ijroda konsert bermoqchi bo`lgan san`atkorning ijro mahorati sinovdan o`tkaziladi. Konsertda aytiladigan qo`shiqlar bilan tanishiladi. Agar kengash a`zolari bir ovozda ma`qullasa, birlashma “Istiqlol” san`at saroyining ijarasi uchun to`lanadigan sarf-harajatlarni o`z bo`yniga oladi.

“Jasur UMIROV va “UMMON”ni kim “sindirmoqchi?”

— O`tgan yili xonanda Jasur Umirov va “Ummon” guruhining  lisenziyasi ikki marotaba to`xtatilgan edi. Ammo buning sabablari ko`pchilik muxlislar uchun mavhumligicha qoldi. “O`zbeknavo”ning bunday keskin choralari endigina o`sib kelayotgan ijodkorlarni sindirib qo`ymaydimi?

— Jasur Umirov hamda “Ummon” guruhining lisenziyasi vaqtinchalik to`xtalishi sabablari mavhumligicha qoldi, degan gapingizga qo`shilmayman. “O`zbeknavo” estrada birlashmasi o`sha vaqtda ham bu savollarga oydinlik kiritgandi va hozir ham javobdan bo`yin tovlamoqchi emasmiz. Nafaqat Jasur Umirov yoki “Ummon” guruhi, balki o`sha vaqtda lisenziyasi vaqtincha to`xtatilgan boshqa xonandalar “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan respublikamizning chekka-chekka hududlarida o`tkazilgan konsert dasturlarida ishtirok etishmagani va bir necha yillik ijodlari davomida Vatanga sadoqat, ajdodlarimiz, ota-ona va milliy qadriyatlarimizga xurmat ruhidagi qo`shiqlar yozmaganlari uchun lisenziyalari vaqtincha to`xtatilgan edi.

         Savolingizning ohangidan siz ularga yon bosayotganingiz sezilib turibdi. Lekin shuni aytishni xohlardimki, agar nomlarini keltirilgan san`atkorlar lisenziya to`xtitilgunga qadar uzoq yillar “yashaydigan” qo`shiqlar yaratishganida, lisenziyaning vaqtincha to`xtatilishi ularga bu qadar katta zarba bo`lmasdi.

 

“Munisa RIZAEVANING LISENZIYaSI nega OLINMADI?!”

— Vatanni madh etuvchi qo`shiqlar yozmaslik yoki gastrollarda ishtirok eta olmaslik har xil  videotasvirlari tarqalib ketgan xonandalarnikidan-da og`irroq “jinoyatmi”? Nima uchun Munisa Riazevaning lisenziyasi to`xtatilmadi?

— Munisa Rizaeva o`zi bilan bog`liq tasvirlar tarqalgan kuniyoq birlashmaga chaqirilgan va tushuntirish xati olingan. Xonanda videotasvirlar qo`l telefoni yo`qolgani sababli tarqalganini, bu atay qilinganini aytganidan so`ng unga yana bir bor imkoniyat berildi. Bundan tashqari, bu video tasvirlar xonandaning shaxsiy hayoti bilan bog`liq. Unga daxl etkazishga esa hech kimning haqi yo`q.

 

“SAN`ATKORNING oyoqosti qilishga hech kimning HAQI YO`Q!”

—San`atkorlarning faoliyati asosan to`ylar bilan bog`liq. “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan to`ylarda reydlar o`tkazilib turishidan xabarimiz bor. Lekin xonandalarning xalq xizmatlariga qanday libosda borayotganlariga, nojo`ya harakatlar qilib janjallar ko`tarayotganiga ko`z yumayotgandeksizlar? Masalan, bir necha bor xonanda Nilufar Usmonova va Manzurani to`ylarga o`zbek xonandalariga xos bo`lmagan kiyimlarda  borganlarini ko`rdik. O`tgan yili esa Dilfuza Ismoilovaning ustidan shikoyat kelib tushgandi. Janjallarga kelsak, bu borada hozircha Munisa Rizaeva etakchilik qilyapti.

— Dilfuza Ismoilovaning videotasvirlari qo`l telefonlari va internet tarmog`i orqali tarqalganidan keyin uni ham birlashmaga chaqirtirib, tushuntirish xati oldik. Video tasvirlari tarqalayotgan xonandalar hamma vaqt ham aybdor bo`lib chiqavermaydi. Ko`plari “emagan somsa”lariga pul to`laydigan holatlarini ham kuzatyapmiz. Ba`zi odamlar taniqli san`atkorni obro`sizlantirish uchun nimalar qilmaydi, deysiz. Nilufar Usmonova va Manzuraning liboslariga keladigan bo`lsak, bizningcha ularning kiyinish madaniyati risoladagidek. Chunki, siz aytayotgan holatga biz duch kelmadik. Ammo muxlislar va tahririyat tomonidan e`tirozlar bo`lsa albatta ularni ham tartibga chaqiramiz.

         Munisa Rizaeva bilan bog`liq janjallarga keladigan bo`lsak “O`zbeknavo” estrada birlashmasi bu holatda Munisaning tutayotgan yo`lini to`g`ri deb baholaydi. Boisi janjallarning asosiy qismi Munisaga mast kishilarning pul qistirishidan, yuziga bir dasta pulni sochib yuborishidan kelib chiqyapti. To`g`ri, u xalq xizmatiga, odamlarning yaxshi kuniga boryapti. Lekin bu xonandani to`yda istagan ko`yga solish mumkin, degani emas. San`atkor ham kimningdir onasi, otasi yoki singlisi... Uning g`ururini oyoqosti qilishga hech kimning haqi yo`q! Yana shuni alohida ta`kidlash kerakki, to`yda qo`shiq aytayotgan san`atkor odamlar qistirgan pullarni olishga majbur emas!

 

“Endi nomaqbul KLIPLAR INTERNETDA TARQALMAYDI”

— Bugun milliy qadriyatlarimizga to`g`ri kelmaydigan, ommaviy madaniyatni ochiqchasiga targ`ib qilayotgan qo`shiqlar radio yoki TVga berilmasa-da, internet orqali ommaga etib boryapti. Bunga misol tariqasi xonanda Tamilaning “Ana yana san” qo`shig`iga ishlangan klipni keltirish mumkin...

— To`g`ri aytasiz! Bugungi kunda “O`zbeknavo” estrada birlashmasi bunday holatlarning oldini olishga ham e`tibor qaratgan. Xususan, internet olamida musiqalar va kliplar tarqatish faoliyati bilan shug`ullanadigan har bir sayt bilan hamkorlik yo`lga qo`yilib, badiiy kengashdan o`tmagan kliplar qo`shiqlarning internet tarmog`iga joylanishi ham nazorat qilinadi. Albatta bu ishlarni bir hafta yoki bir oydan keyin amalga oshiramiz va siz aytayotgan holatlar butkul yo`q bo`ladi, deyish qiyin. Chunki bu masalalar bizdan ancha vaqt va katta kuch talab qiladi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarsagina ijobiy natijaga erishishimiz mumkin.

“NAZARBEKOV va MAMAZOITOVAning davomchilari hozirdanoq IZLANYaPTI”

— “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan yangi loyiha yo`lga qo`yilayotgani haqida xabar topdik. Endilikda el ardog`idagi ko`pgina san`atkorlarimiz musiqa va san`at maktablarida taxsil olayotgan yosh yigit qizlarni shogirdlikka olib, ularni katta san`at maydoniga tayyorlar ekan. Shu rostmi?

— Ha. Bu loyihaga ko`ra ko`pgina professional san`atkorlardan iborat hay`at a`zolari musiqa va san`at maktablarida tahsil olayotgan talabalarni sinovdan o`tkazib, eng iste`dodlilarini saralab olishadi. Ular orasidan eng munosiblarini esa qo`llab-quvvatlab professional san`atkor bo`lib etishishlariga ko`mak bermoqchimiz. Gapning indallosini aytganda, O`zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazotova, Mahmud Nomozov, Zulayho Boyxonovaning davomchilarini hozirdanoq tarbiyalab borish niyatidamiz.

Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar