O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mirza Azizov kino va teatrda yaratgan katta-kichik rollari tufayli xalq nazariga, tomoshabin mehriga sazovor bo`ldi. Nazarimizda, u ko`proq salbiy obrazlari orqali ko`z oldimizda namoyon bo`ladi. Xo`sh, u aslida qanday inson? Aktyorning umr bekatlariga to`xtalib, mana shu jihatiga nazar solamiz...
1-bekat: “Besh yoshimda dutor chalib, kuylardim!”
— Men 1963 yilning 22 mayida Namangan viloyati, Chust tumanida san`atkor oilasida tug`ilganman. Dadam Mahamadusmon o`z davrining mumtoz qo`shiqlarini maromiga etkazib kuylovchi hofizi bo`lgan. Onam — uy bekasi. Bobom — Abduusmon ham o`z davrinig mashhur xofizlaridan. Oilada beshta farzandning kenjasi edim. Bosh farzand — Jo`raxon akam. Hulkarxon, Manzuraxon, Matlubaxon ismli opalarimdan so`ng onam qarigan chog`larida men dunyoga keltirganlar. Besh yoshimda dutor chalib ashula aytardim. Etti yoshimda birinchi sinfga borganman.
Maktabda o`qib yurgan paytlarimda “Boy ila xizmatchi” va shu kabi turli spektakllarni sahnalashtirardik. Turli to`garaklarga borib, musiqa maktabiga qatnardim. Maktabda menga Ma`sudxon Eshonxonov, musiqa maktabida Mirzatulla Ne`matullaev ustozlik qilishgan. Boshqa fanlardan ham a`lo baholarga o`qiganman. Dadam rahmatli meni biror marta chertgan emas. Xo`ja, eshonlardan bo`lganligimiz bois hammamizni sizlab gapirardilar. O`sha paytda mahallamizda artezian bo`lar edi. “Bolam ezilib qolmasin, kenjatoyimga tegmanglar. Kerak bo`lsa o`zim olib kelaman”, deb dadam keksa bo`lishiga qaramay o`zlari suv tashib kelar, meni ishlatmasdilar.
Uchinchi sinfligimda dadamdan shashmaqomni, ustoz Sobirxon xofizdan “Bayot-1”, “Bayot-2” larni o`rganganman
— Bu hali yosh-ku, qiynamang! — deya meni ayardi onam.
Dadam esa roza bo`lmasdi:
— Men borligimda o`rganib olsin. Bola bunday katta qo`shiqlarni yoshligidan kuylab o`rganishi kerak!
“Bayot-1”, “Bayot-2”, “Samarqand ushshog`i”ni qiynalmay ijro etardim. O`quvchilik paytlarimda inshoyimga “men katta bo`lsam san`atkor bo`laman”, deb yozganman. Demoqchimanki, san`atga bo`lgan havas menda bolaligimdan, o`zim o`sib katta bo`lgan muhit orqali paydo bo`lgan.
2-bekat: “Qo`shiqdan uzilib qolmaslik uchun...”
— Maktabni tamomlab, hozirga O`zbekiston davlat madaniyat va san`at instituti musiqali drama aktyorligi bo`limiga o`qishga kirdim. Kelajakda qo`shiq ijro etishdan uzilib qolmaslik uchun ham aynan musiqali drama aktyorligi bo`limini tanlaganman. Kinofilmlarda suratga tusha boshlaganimdan so`ng qo`shiq aytishni to`xtatdim. Institutda katta ustozlardan professor Saidazim Murodxonov, Asad Abdievlardan vokal san`ati bo`yicha besh yil davomida saboq olganman. 1992 yildan 1997 yilgacha O`zbekiston Davlat drama teatrida O`zbekiston xalq artisti, mashhur rejissyor Bahodir Yo`ldoshev qo`lida besh yil ishladim. Eng hayajonli damlarni shu teatrda ko`rdim, desam to`g`rirroq bo`ladi. Amir Temur bobomizning 660 yilligida Bahodir Yo`ldoshev boshchiligida Fransiyada, Parij shahridagi tashkil etilgan tantanalar va xalqaro bayramlarda ishtirok etganman. Shov-shuvlarga sabab bo`lgan shoh asarlarda katta-kichik rollarni ijro etishga harakat qildim.
3-bekat: Poezdda kelgan palov
— Dam olish kunlari kechki poezdda Chustga ketardim. Onam rahmatli men yaxshi ko`radigan taomlarni tayyorlab, o`zlari emay kutib o`tirardilar. Men borganimdan keyin ovqatlanardik. So`ng yana shu poezdga chiqib, ertalab Toshkentga etib kelardim. Agar uyga bora olmasam, onam o`zlari kechqurun poezdga chiqib, behi solingan, sergo`sht palovni sovumasin deb to`rtta-beshta dasturxonga o`ragancha Toshkentga kelardilar.
— Nima qilib yuribsiz? — koyirdim men.
— Bolam, uyga bormaganingga puling qolmadimikan, deb xavotir oldim. Sog` salomatmisan?
Bu gapdan so`ng hech narsa deyolmasdim. O`rtoqlarim bilan birga osh erdik. Endi o`ylasam, bechora onam erinmay, katta tog`oralarda to`rt-besh kilo oshni ko`tarib kelgan ekan.
Beshinchi kursni tamomlaganimda onam olamdan o`tdilar. Rahmatli dadam esa sakkizinchi sinfligimda vafot etganlar. Onam juda ham jasoratli ayol edilar. Dadamning vafotidan so`ng bizni uyli-joyli qilib, meni o`zlari o`qitganlar. Ana shu ikki yaqin insonlarimni yo`qotganimdan so`ng yashashga bo`lgan umidim so`nib, men ham o`lib qolsam kerak deb o`ylaganman. Teatrda ishlab, birinchi maoshimni onamga sovg`a qilaman, deb niyat qilar edim. Afsus, shu niyatim amalga oshmadi. Dunyoda ota-onadan ortiq yaxshi do`st yoki mehribon inson yo`q. Ayni balog`at yoshiga etgan, har xil yo`llarga kirib qolish havfi bo`lgan bir paytda onamning vafot etganlari juda alam qilgan. O`zimni yo`qotib, qattiq tushkunlikka tushib qolganman.
O`sha paytlar bariton ovoz egalari orasida men, xorazmlik Baxtiyor Omonboev, Aleksandr Bekjonovlar eng yaxshilar safida edik. Jahon klassikasidan eng yuqori partiyali operalarni aytardik. Shu bois diplom spektakllarimizdan “Gusarning uylanishi”, “Paranji sirlari” kabi spektakllarda bemalol rol ijro etganman. Shuning uchun menga “Moskvadagi konservatoriyaga ikki-uch yilga amaliyotga jo`natamiz. Ota-onangdan ruxsat olib kel”, deyishgan.
Uyga borib, vaziyatni tushuntirdim.
— Mayli bolam, dadangning sakson so`m nafaqasiga meni etmish etti so`m nafaqamni qo`shamiz. Stipendiyaga qo`shimcha yana madaniyat vazirligidan yuz so`m beradi deyapsan. Hammasini qo`shsak, bemalol o`qib kelasan, — deya onam rozi bo`ldi.
Taqdirki qarangki, o`sha bir hafta ichida o`zlari vafot etib qoldilar.
4-bekat: “Ota kasbni tanlab adashmadim”
— San`at sohasini tanlaganimdan hech ham afsuslanmayman. Sababi, ota kasbi — juda ulug` kasb. 1989-1990 yillar oralig`ida iqtisodiy tomondan qiynalib qolgandim. O`shanda Chustda hovlim, hamma narsam bor, qarindosh urug`larim yonimda edi. Shunday bo`lsa-da, “Ishlolmay qaytib keldi”, degan isnodga qolmaslik uchun qiynalsam ham ishlayverganman.
Ustozim Bahodir Yo`ldoshev hamisha “Ish, mehnat har qanday vaziyatdan qutqaradi”, deb nasihat qilardilar. Shunga amal qildim va kam bo`lmadim.
5-bekat: Tanqidchilar va tomoshabin fikri
— Birinchi rolimni hecham unutolmayman. Muqimiy teatrida ilk marotaba hayajonlanib, qaltirab Ahad Farmonov sahnalashtirgan “Kuyovlar konkursi”da Kenjavoy rolini o`ynaganman (kuladi).
2005 yili Misrda to`qson to`rtta davlat ichida men o`z diplom spektaklim bilan ishtirok etdim va laureat bo`lib qaytdik. Keyin “To`da” spektaklini sahnalashtirdim. “Na malakman, na farishta” spektaklida Mashrabbek, “Alpomishning qaytishi”da Alpomish, Bahodir Yo`ldoshev sahnalashtirgan “Iskandar” spektaklida Iskandar, Firdavsiyning “Shohnoma” asarida bosh rollardan biri Eroziy, Muqimiy teatri sahnasida esa “Xotinimning uch shaydosi”da hozirgi kungacha Boysoatni o`ynadim. O`zimga juda ham yoqadi shu rolim.
Shuningdek, “Super qaynona”da Mardon va shu kabi ko`plab spektakllarda o`ynadim. “To`da”, “Toshkentning nozanin malikasi”, “Sinfdosh”, yohud ”Kuyovlikka nomzod” musiqali dramasi, “Xasis va xizmatkor” bolalar uchun musiqali dramasini sahnalashtirdim. Teatr tanqidchilari va tomoshabinlar birinchi rolimdayoq shunday umid bildirishgan:
— Kelajakda yaxshi musiqali drama aktyori bo`ladi!
Bu ishonchni qay darajada oqlayotganimni bilmayn-u, lekin harakat qilyapman.
6-bekat: “Ijod qilishga yo`l berishmagan...”
— Inson hamma vaqt nafs va aql o`rtasida yashaydi. Aqlning ortidan borgan inson komillikka erishadi. Nafs esa halokatga etaklaydi.
Orzu-havaslarimning cheki yo`q edi. Xudoga shukr, deyarli barcha orzularimga erishdim deb bemalol ayta olaman. Jannatmakon yurtimizda o`zbek bo`lib tug`ilganligimiz, to`kin-sochin, ozod va obod yurtda yashayotganligimizning o`zi bir baxt. Ishlab, halol pok yashayman desangiz, siz uchun hamma imkoniyatlar eshigi ochiq. Shu imkoniyatlarni ushlab qolish insonning o`z qo`lida. Bugungi kunda o`zimga yarasha muxlislarim bor. Teatr va kinoda ijod qilib kelayotganligimning o`zi katta baxt.
Bilasiz, turmush o`rtog`im Tojibar Azizova ham O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Shuhrat medali sovrindori. Kamchiligimiz yo`q. O`g`il-qizlarimizni voyaga etkazdik. Bir armonimiz, mana shu kunlarni ota-onalarimiz ko`rmadi... Hozir ularni hajga, chet ellarga jo`natishga qurbimiz etadi. Lekin ota-onamiz yo`q! Nima bo`lganda ham bu Yaratganning irodasi. Kelmoq bor ekan, ketmoq ham bor.
Oilada birgina quvonchimiz, o`g`limning o`g`li Sarvarxon. Nabira farzanddan ham shirin bo`larkan. Ba`zida farzandlarimiz ham esimizdan chiqib qoladi (jilmayadi). Bobo bo`ldik, Tojibarxon momo bo`ldi. Xudoga shukr, ana shu baxtli onlarni boshimidan kechiryapmiz.
To`g`ri, taqdir taqozosi bilan har xil sharoitlar tufayli ijod qilolmagan, biror spektaklni sahnalashtirishda teatrning o`zida tazyiqlar qilib, menga yo`l bermagan paytlar ham bo`ldi. Ana shu paytlarda vaqtim bekor ketganiga achinaman. Lekin meni ana shu alam va iztiroblar yanada qattiq ijod qilishga, yanada kuchliroq bo`lishga undagandir, deya o`tmishni yaxshilikka yo`yaman.
7-bekat: “Oilamizga tuhmatlar tahdid solgan!”
— Tojibar bilan institutda birga o`qiganmiz. Biz bilan birga O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Sharofat Tojiboeva, Mirzaabdulla Rahmonov, O`zbekiston xalq artisti Zulayxo Boyxonovalar ham o`qigan. Bugunga kelib hammamiz o`z kasbimiz bilan shug`ullanib, san`atning nonini eb kelyapmiz. San`at nonini eyish uchun chidash kerak. Ilgari bir burda non topish masalasi muammo bo`lgan paytlar bo`lgan. Lekin biz chekinib, kasbimizni tashlab ketmadik. Bugunga kelib mustaqilligimiz sharofati bilan gastrol, kino va teatr festivallarida ishtirok etib kelyapmiz. Buyuk ustozlarimiz orzu qilgan davrda yashamoqdamiz.
Oilada bir-birimizni rashk qilmaganmiz deb ayta olmaymiz. Bir-biriga mehr qo`yish orqali rashk qilinadi, qizg`aniladi. Lekin o`zaro ishonch tufayli rashkka barham berilgan. Har xil fisqu fasodlar, tuhmatlar oilamizga tahdid qilgan, keyinchalik buning oxiri yolg`on ekanligi aniqlangan. Chunki rafiqam ham, men ham bir-birimizni tushunib, bir-birimizga ishonib, ana shu qiyinchiliklarni birgalikda engib o`toldik...
Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi