AsosiyShou-biznes

Jasur Umirov: “Meni kim va nega “o`ldirganini” bilaman...”

Jasur Umirovning estrada olamiga kutilmagan tashrifi qisqa fursatlarda muxlislar e`tiborini qozona oldi. Bunga xonandaning noodatiy uslubdagi yo`nalishi sabab bo`ldi. So`nggi vaqtlarda tinimsiz ijod qiladigan Jasurning ijodiy tanaffusi ham ommani befarq qoldirmadi. Yangi qo`shiqlar sonining kamaygani balki u bilan bog`liq ba`zi gap-so`zlarning bolalaganiga imkon yaratgandir? Suhbat orqali esa bu masalalarga oydinlik kiritildi...

— Tahririyatimizga xush kelibsiz!

— Taklifingiz uchun sizga ham tashakkur.

Anchadan buyon ko`rinmay qoldingiz. Ijodiy yangiliklaringiz deyarli yo`q?

— Nega unday deysiz? Boshqa hamkasblarim qatori ijod qilyapman. Ayni kunlarda iyun oyida o`tadigan konsertimga tayyorgarlik ishlari bilan bandman. Umuman olganda ijodiy rejalarim bisyor. Nasib qilsa, bu yilgi konsertim o`tgan yildagi dasturlarimni takrorlamaydi.

Konsertga nom tanlashda tashkilotchilar bilan biroz kelishmovchiliklarga duch kelibsiz?

— U voqeani kelishmovchilik, deb bo`rttirish shart emas. Konsertga nom tanlash baxs-munozarali bo`ldi, xolos. Ularning fikricha, “Mehringizga zor qoldim” nomi konsertga mos ekan. Men esa biror boshqa qo`shiq nomini qo`yishni istagandim. Uzoq davom etgan baxsda baribir ular g`olib bo`lishdi (kuladi). Mayli, asosiysi konsertning nomi emas, uni qanday o`tkazish-ku, deya rozi bo`lishdan boshqa ilojim qolmadi.

— Jasur Umirov konsert berishdan cho`chimaydigan xonandalar sirasiga kiradi. Xatto ijodini boshlaganiga ko`p bo`lmasdanoq ilk yakkaxon konsertingizni taqdim etgandingiz...

— Bunga o`zim ham e`tibor berganman. Sahnaga chiqqanimda meni yaxshi kutib olishadi, degan ichki ishonchim kuchli. Xudoga shukr, bu ishonch shu kungacha pand bermadi.

— Yoz konsert mavsumi emas. Ammo siz aksincha yo`l tutyapsiz. Bu raqobatdan qochishmi yoki...

— Aslida qishda konsert berishni rejalashtirgandim. Ammo men istagan oylarda bo`sh kunlar yo`q ekan. Shuning uchun majburan yozga ko`chirdim.

— Prodyuseringiz o`zgargani haqida eshitdik...

— Siz jurnalistlar eshitmagan biror gap qolmaydi-ya? Ha, rost! Ayni kunlarda yangi prodyuser bilan hamkorlik boshladim. Biroq birinchi prodyuserim bilan ham hamkorlikni to`xtatganim yo`q. Shunchaki unga yuklatilgan vazifalar biroz kamaygan. U faqat to`y va konsertlar bilan bog`liq masalalargagina javobgar.

— Hamkorlik bunday tus olishiga nima sabab bo`ldi?

— Sabab... Bu savolga javob berishim shartmi?

— Albatta! Yoki oshkor etilmaydigan biror jiddiy sabab bormi?

—  Gap shundaki, prodyuserim Abdurasul mendan tashqari yana bir nechta xonandalar bilan ham ishlardi. So`ngi paytlarda boshqa ishlardan ortmay qolgani uchun uning vazifalarini kamaytirishga majbur bo`ldim.

— Aksariyat san`atkorlar vaqt o`tishi bilan prodyuserini almashtirib, vazifalarni biror-bir qarindoshiga yuklaydi. Sizda ham mana shu xolni kuzatish mumkinmi?

— Ishlarimga oila-a`zolarimni aralashtirishni istamayman! Ish va oila bir-biridan ayro bo`lishi shart! Shuning uchun ham prodyuser almashtirishga to`g`ri kelganida yaqinlarimni emas, shu kungacha yonimda yurib, ishimni yaxshi tushunadigan odamga topshirdim.

Jasur Umirov dadasining erka o`g`li”, degan gaplarga munosabatingiz qanday?

(Kuladi) Balki qachondir erka bo`lgandirman, ammo bugun mustaqil shaxs sifatida shakllandim. Ishlarim va muammolarimni dadamning zimmasiga ortmay, o`zim hal qiladigan yoshdaman. Erkaliklar bolalikda qolgan.

Dadangiz og`ir betob bo`lib qolibdi?

Bu haqda gapirishni istamayman! Ammo bu javobim siz aytgan gapni  tasdiqlamaydi. Shunchaki, oilaviy savollarga javob berishni istamayman. Savollaringiz orasida yana oilamga doirlari bo`lsa bermasligingizni iltimos qilaman.

— Jasur Umirov vafot etibdi, degan gaplar sizga qanday ta`sir qildi?

(Jig`ibiyron bo`lib) Bu gapni kim tarqatganini yaxshi bilaman. Gap shundaki, bir necha oy oldin bir sayt (sayt nomini keltirmaymiz) menga qo`ng`iroq qilib, yangi klipimni o`z saytida joylashtirmoqchi ekanini aytdi. Albatta ularning ijodimga qiziqishi meni quvontirdi. Biroq sayt rahbari klipimning namoyishi uchun pul talab qilgani hafsalamni pir qildi. Nega internet saytlari o`z istagi bilan qo`yayotgan klipimga pul to`lashim kerak? Ijodim ma`qul bo`lsa - marhamat! Ammo ularning birortasiga pul bermayman. Mendan rad javobini olishiga qaramay, bir necha bor qo`ng`iroq qilib, hol-u jonimga qo`ymadi. Tinimsiz qo`ng`iroq va “sms”lari javobsiz qolgach, ijtimoiy saytlardagi shaxsiy sahifasiga meni vafotim haqida ma`lumotni rasmim bilan joylashtiribdi. Bunga nima deysiz? Bu g`alvani boshlagan “muallif”ga qanday ta`rif berishni ham bilmayman. Ularga O`zi insof bersin.

— Ijodingizni boshlagan yillaringiz fe`l-atvoringiz sabab siz bilan chiqisholmay yurgan hamkasblaringiz ko`p edi. Ammo bugun ularning aksariyati atrofingizda...

— Gapingiz rost! Avvaliga ko`p san`atkorlar bilan kelishmovchiliklar bo`lgan. Ularning nigohidan meni o`ziga  yaqinlashtirishni istashmayotganini sezardim. Ammo o`tgan vaqt va faoliyatimdagi yutuqlarim tinglovchilar qatori, ularni ham Jasur Umirovni tan olishiga sabab bo`ldi. Bugun men boshqalarga emas, ular menga yaqin bo`lishga intilishyapti.

— Bu xol sizni ranjitmaydimi?

— Yo`q! Oz fursat ichidagi faoliyatim davomida bu aslida shou biznesning shavqatsiz yozilmagan qonuni ekanini angladim. Hamkasblarim bilan suhbatlashganimda, ularda ham xuddi shunday holat bo`lganini eshitdim. Bu xol hafa bo`lishga arzimaydi...

— Bugun sizning ijodingizda oldingi xitlarni uchratmayapmiz?

— Nafaqat menda, balki boshqalarda ham hozir “xit”larni uchratish qiyin.

— Sabab?

— Bugun xonandalarning o`z qo`shig`ini “aylantirish”ga imkoniyati biroz kamaygan. Faqat internet bilan bog`lanib qolganmiz.

— Yaxshi qo`shiq uchun reklama shart emas, degan fikrlar ham bor!

— Bugun reklamasiz ishlash qiyin.

Uylanishingiz haqida gap ketganda, har yili “Shu yil uylanaman!” deb va`da berasiz...

(Kulib) Ochig`i, haqiqatdan ham uylanish niyatida ekanim rost. Intervyularda “uylaman” deganimda, o`zim istagandek qiz uchrab qolar, degan yaxshi niyatda gapirardim. Ammo ming afsuski, hali-xanuz o`zim orzu qilgan qizni uchratganim yo`q. Biroq bu yili uylanishim aniq. Nasib qilsa, iyunda bo`ladigan konsertimni o`tkazib olsam, keyin to`y harakatlarini boshlayman.

Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar