1

Biopasport haqida 5 ma`lumot yoxud tizimdagi e`tirozlarga echim

Jamiyat 03.05.2014, 15:05
Biopasport haqida 5 ma`lumot yoxud tizimdagi e`tirozlarga echim

Shaxsingizni tasdiqlovchi eng asosiy hujjat pasportga ehtiyotsizlik natijasida zarar etkazilsa, qanday chora ko`riladi? Pasport almashtirilayotganda familiyasini o`zgartirishni istagan shaxslar uchun maxsus tartib mavjudmi? Xorijda yo`qotsa-chi? Mushtariylarni qiziqtirgan ana shu savollarga O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig`i B.Shorixsiev imzosi bilan taqdim etilgan javoblar asosida oydinlik kiritamiz.

BIOPASPORT UYDA HAM RASMIYLAShTIRILADI...

         Yurishga imkoni bo`lmagan, nogiron va qariyalarga biometrik pasport berish qay tartibda amalga oshiriladi?

Dilorom Solixodjaev,

Toshkent shahri

— Biometrik pasport olishda Ichki ishlar idorasida joylashgan ma`lumotlarni yig`ish punktiga etib kela olmaydigan nogironlar uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limlarida mobil stansiya xizmati yo`lga qo`yilgan. Ushbu shaxslarni yaqin qarindoshlari ariza bilan murojaat etgan taqdirda, tuman yoki shahar pasport xizmati xodimlari mobil stansiya bilan yashash joyiga borishadi va fuqarolarning qo`l-barmoq izlari va uning surati tushiriladi, xujjatlar rasmiylashtiriladi, pasport tayyor bo`lgach esa fuqaroning uyiga olib kelib topshiriladi.

ABITURIENTLAR UChUN BIOPASPORT ShARTMI?

         Oliy o`quv yurtlariga mazkur yilda hujjatlar qabul qilishda faqat biometrik pasport talab qilinadimi?

Nurbek Mansurov,

Namangan shahri

         — Pasport olish yoshiga to`lgan fuqarolar amaldagi pasporti bilan hujjat topshirishlari mumkin. Biometrik pasport talab etilmaydi.

Ma`lumot o`rnida:

         Amaldagi qonunchilikka asosan, 16 yoshga to`lgan fuqarolar fuqarolik pasportini olish huquqiga ega bo`ladi.

BIOPASPORTSIZ XORIJGA ChIQOLMAYMANMI?

2014 yil iyun oyidan chet elga chiquvchilar uchun faqat biopasport talab qilinishi munosabati bilan viloyatlar pasport stollarida navbat kutishlar avj olmoqda. Ayni paytda aynan viloyatlarda biometrik pasportlar berish jarayoni qay tartibda amalga oshirilmoqda?

Ortiq Boev,

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani

— Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 fevraldagi 24-sonli Qaroriga binoan, fuqarolarning xorijga chiqishlari 2014 yil 1 iyuldan faqat biometrik pasport bilan amalga oshirilishi belgilab qo`yildi. Bugungi kunda respublikamizning barcha shahar va tumanlarida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida raqamli ro`yxat tartibi yo`lga qo`yilgan bo`lib, har bir shaxsga berilgan raqamda fuqaroni qaysi vaqt mobaynida navbati kelishi ko`rsatib qo`yilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining Olmazor tumanida biometrik pasport olish uchun navbatga yozilish tizimi joriy etilgan. Unda fuqaro internet tarmog`i orqali hujjatlarni ma`lumotlarni yig`ish punktiga yuboradi va fuqaroga qachon va qaysi vaqt oralig`ida murojaat etishi yuzasidan javob yuboriladi.

“XORIJDA YO`QOTDIM...”

Xorijda pasportni yo`qotgan shaxsga yangi pasport olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi? Pasport berish qancha muddat talab qiladi?

To`raqul Bozorov,

Buxoro viloyati, Qorako`l tumani

— O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarida doimiy va vaqtincha konsullik ro`yxatiga olingan fuqarolar pasportini yo`qotgan taqdirda, yangi pasport olish uchun konsullik muassasalaridagi ma`lumotlarni yig`ish punktiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

— belgilangan shakldagi ariza;

— 35x45 mm o`lchamdagi fotosurat;

— pasportni yo`qotib qo`yganligi haqidagi ma`lumotnoma;

— konsullik yig`imi va boshqa yig`imi to`langanligi haqida kvitansiya ((P/S: mazkur yig`imlar miqdori fuqaroning qaysi davlat hududida hujjatni yo`qotganligi bilan tavsiflanadi).

Ushbu taqdim etilgan hujjatlar asosida ma`lumotlarni yig`ish punkti arizachining biografik ma`lumotlarini elektron ko`rinishdagi qo`l-barmoq izlarini yig`adi, shaxsni old tomondan raqamli formatda suratga oladi va pasportni rasmiylashtirish uchun talabnoma tuzib, so`ng Davlat personallashtirish markaziga jo`natadi. Talabnoma Markazga yuborilganidan keyin pasport xorijda o`n besh ish kuni mobaynida beriladi.

“QAYTA RUYXATGA QO`YMOQChI EDIM...”

Oilaliman, 3 nafar farzandim bor. Yaqinda uyimni sotib, ota-onamning uyiga propiskaga qo`ymoqchi bo`ldim. Ammo pasport bo`limiga borsam, shu uyda ro`yxatda turadigan, hozirda Rossiyaga ishlashga ketgan singlim va ukamning pasportidan nusxa kerakligini aytishyapti. Shu asoslimi?

Nargiza Rustamova,

Buxoro viloyati, Qorako`l tumani

— Amaldagi qonunchilikka asosan, fuqarolar doimiy va vaqtincha yashash joyida ro`yxatdan o`tishlari shart. Fuqaro yashashi mo`ljallanayotgan joyga doimiy ruyxatdan o`tishi uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

— belgilangan shakldagi ariza;

— fuqaroning pasporti;

— 3-shakl bo`yicha ariza;

— tug`ilganlik haqidagi guvohnoma (16 yoshga to`lmagan, ota-onasidan, vasiylaridan yoki homiylaridan alohida yashaydigan shaxslar uchun);

— kontrakt asosidagi harbiy xizmatchining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma yoki O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofiserining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma (kazarma, kemadan tashqarida yashovchi harbiy xizmatchilar uchun);

— turar joy hujjatlari;

— davlat boji to`langanligi haqida kvitansiya (P/S: ayni kunda mazkur boj miqdori amaldagi eng kam ish haqining yarim baravarini tashkil etadi).

TAHRIRIYaT IZOHI: demak, fuqaroga nisbatan talablar asossiz. Negaki guvohi bo`lganingizdek, taqdim etilgan ma`lumotlar fuqaro doimiy ro`yxatdan o`tmoqchi bo`lgan manzilda doimiy ro`yxatda turganlarning hujjatlari nusxasi talab qilinmaydi.

Ma`lumot o`rnida...

Hali 16 yoshga to`lmagan va ota-onalari (vasiylari, homiylari) bilan birga yashaydigan bolalarni ro`yxatdan o`tkazish tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma bo`yicha ular haqidagi ma`lumotlarni uy daftarlariga (ro`yxatdan o`tkazish kartochkalariga) kiritish orqali amalga oshiriladi.

XULOSA O`RNIDA...

O`zbekiston fuqarolari nafaqat mamlakat hududida, balki uning tashqarisida ham O`zbekiston Respublikasi himoyasida bo`lishi Konstitusiyamizda ham belgilab qo`yilgan. Shunday ekan, biz ham bu boradagi davlat himoyasi kafolatini unutmagan holda, uni asrab-avaylash, bu boradagi qoidalarga qat`iy rioya etishimiz maqsadga muvofiqdir. Ha, aytgancha, agar sizning hududingizda aynan pasportni rasmiylashtirish va to`lovlar bo`yicha ortiqcha ovoragarchiliklarga yo`l qo`yilayotgan bo`lsa, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining (8-371) 231-48-10 ishonch telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Farida EGAMBERDIEVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1