AsosiyJamiyat

Xalqaro mehnat tashkiloti: O`zbekistonda mehnatidan foydalanishga butkul barham berilgan

'Xalqaro mehnat tashkiloti: O`zbekistonda mehnatidan foydalanishga butkul barham berilgan'ning rasmi

O`tgan yil sentyabr oyida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so`zlagan nutqida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo`yicha ta`sirchan choralar ko`rilganini alohida ta`kilagan edi.

Kecha XMT rasmiy saytida e`lon qilingan “O`zbekistonda 2017 yilda paxta hosili yig`im-terimi paytida bolalar va majburiy mehnatni tugatish bo`yicha chora-tadbirlarning mustaqil monitoringi” (“Third-party monitoring of measures against child labour and forced labour during the 2017 cotton harvest in Uzbekistan”)da yurtimizda bu borada olib borilayotgan sa`y-harakatlar samaralari alohida e`tirof etildi.

Hisobotda ta`kidlanishicha, O`zbekistonda paxta yig`im-terimida bolalar mehnatidan tizimli foydalanishga butkul barham berilgan, amaliyotda majburiy mehnatni tugatish uchun aniq chora-tadbirlar ko`rilayapti.

Paxta mavsumida faoliyat olib borgan ishchilar bilan reprezentativ tanlov asosida qilingan 3000dan ortiq suhbatlar ana shunday xulosaga kelishga asos bo`ldi. Xalqaro mehnat tashkiloti rahbariyatining bildirishicha, bunday muloqotlar boshqalarning kuzatuvisiz va oldindan ogohlantirishlarsiz olib borildi. Mehnatkashlar bilan uchrashuvlar respublikaning barcha viloyatlarida o`tkazildi. O`z navbatida ixtiyoriy tanlangan 1000 nafar fuqaro o`rtasida telefon orqali so`rov ham uyushtirildi. Paxta mavsumi avvalida esa terim uchun yollanishga bevosita aloqadar 6300 kishi uchun o`quv ishlari tashkil etildi.

Natijada mamlakat paxta sanoatida asosiy mehnat huquqlarini ta`minlashga yo`naltirilgan sezilarli o`zgarishlar qilinayotgani ma`lum bo`ldi.

Hisobtga ko`ra, xususan, o`tgan yilda mehnat qilgan 2,6 million nafar paxtakorning deyarli hammasi terimga o`z ixtiyori bilan chiqqan. Ular bolalar va majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik mezonini yaxshi anglaydi. O`z navbatida mahalliy hokimiyat organlariga paxta teruvchilarni faqat ixtiyoriy asosda ishga yollashni ta`minlash topshirig`i berilgan. Qolaversa, XMT va Jahon banki tavsiyalariga asosan paxtakorlar mehnatiga to`lanadigan haq oshirilgani e`tirof etilgan.

Monitoringda shular asosida bolalar mehnatidan foydalanish bo`yicha qilingan xulosalar yana bir bor qat`iy tasdiqlangan.

“2017 yilgi paxta mavsumi ochiqlik va o`zaro muloqot sharoitida o`tkazildi”, - deydi tashkilotning mehnat sohasidagi asosiy prinsiplar va huquqlar bo`yicha bo`limi boshlig`i Beate Andres.

Hisobotda XMT bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish yo`lidagi hamkorlik izchil davom ettirilishini bildirib o`tgan.

    Boshqa yangiliklar