1

Maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijadorligi tahlil qilindi

Siyosat 15.02.2018, 10:01
Maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijadorligi tahlil qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 14 fevral kuni maktabgacha ta`lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasining birinchi va muhim bo`g`ini bo`lgan maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirishg alohida e`tibor qaratmoqda. 2017 yil 16 avgust va 19 oktyabr kunlari bo`lib o`tgan yig`ilishlarda bu masala atroflicha muhokama qilingan edi. 2017 yil 30 sentyabrda Prezidentimiz tomonidan “Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmon hamda “O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qaror qabul qilindi. Davlatimiz rahbarininghududlarga tashriflari chog`ida o`tkazilgan majlislarda ham bu boradako`plab vazifalar belgilab berildi.

Yig`ilishda joylardagi maktabgacha ta`lim muassasalarining ahvoli, sohadagi ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu tizimni chuqur tahlil qilib, shu paytgacha nazardan chetda bo`lgan eng kichik jihatlarigacha e`tibor qaratdi.

Dastlab bu masalada Andijon, Namangan, Samarqand, Farg`ona va Jizzax viloyatlarida o`tkazilgan o`rganishlar natijalariga e`tibor qaratildi. Masalan, Andijon viloyatidagi 87 ta mahallada bironta ham bolalar bog`chasi yo`qligi, 84 ta bog`cha filialini mustaqil muassasaga aylantirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog`chalarini tashkil etish bo`yicha tuman hokimliklari tomonidan aniq choralar belgilanmagani tanqid qilindi.

Viloyatda mavjud 451 ta maktabgacha ta`lim muassasasidan 200 tasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus ombor yo`q, sovutkich, shkaf va stol-stullar etishmaydi. Shuningdek, hanuzgacha 123 ta bog`chaga ichimlik suvi tashib keltiriladi, 71 tasining atrofi o`ralmagan, 134 tasida musiqa xonalari jihozlanmagan, 420 tasida kichik kutubxonalar tashkil etilmagan.

Shunday kamchiliklar Namangan, Samarqand, Farg`ona va Jizzax viloyatlarida ham kuzatilgan.

Barcha hududlarda uchraydigan bu kabi kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, maktabgacha ta`lim muassasalarini yaxshilash maqsadida davlatimiz tomonidan katta mablag` va resurslar yo`naltirilmoqda. 2018 yil uchun tasdiqlangan Investisiya loyihalari ro`yxatiga muvofiq, 771 milliard so`m byudjet mablag`lari hisobidan 60 ta bog`cha yangidan quriladi, 295 tasi rekonstruksiya qilinadi va 176 tasi mukammal ta`mirlanadi.

Yig`ilishda joriy yilda davlat maktabgacha ta`lim muassasalari qurish, ta`mirlash va jihozlash bo`yicha manzilli ro`yxatni tasdiqlash, bolalar bog`chalarining moddiy-texnik holatini o`rganib, mebel, oshxona jihozlari, o`yin maydonchalari va sport inventarlariga bo`lgan talabni aniqlash hamda yaqin 2 yilda mamlakatimizdagi barcha bog`chalarni jihozlash bo`yicha hujjatlarni tayyorlash zarurligi ta`kidlandi.

Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bog`chalarning loyiha-smeta hujjatlarini sifatsiz tayyorlash, qurilish va ta`mirlash ishlarini oxiriga etkazmaslik, ba`zilarini ta`mirlamasdan qoldirib ketish holatlari ko`p uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

Masalan, o`tgan yili Xorazm viloyati Urganch shahridagi 14-bog`chada qurilish-ta`mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, muhandislik tarmoqlariga to`liq ulanmagan, jihozlar to`liq etkazib berilmagan. Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi 3-, Nishon tumanidagi 20-, Koson tumanidagi 32-bog`chada ta`mirlash ishlari nihoyasiga etkazilmagan. Buxoro shahridagi 3-, Buxoro tumanidagi 19-, Romitan tumanidagi 11-, Qorako`l tumanidagi 7-bog`chalarda pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, jihozlarning 50 foizi etkazib berilmagan. Ko`plab loyihalarda nazarda tutilmagani sababli bog`chalar hududini obodonlashtirish, atrofini o`rash, tashqi kommunikasiya tarmoqlariga ulash ishlari bajarilmay qolmoqda.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hokimliklar, Maktabgacha ta`lim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasiga tegishli topshiriqlar berildi. Maktabgacha ta`lim muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarida yordamchi binolarni ham ta`mirlash va jihozlashni nazarda tutish, ularni aholi uchun qulay va muhandislik-kommunikasiya tarmog`i mavjud hududlarga joylashtirish zarurligi qayd etildi. Namunaviy loyihalarni qayta ko`rib chiqib, yangi quriladigan bog`chalar uchun sarflanadigan xarajatlarni arzonlashtirish vazifasi qo`yildi.

Navbatdagi muhim masala, dedi Shavkat Mirziyoev, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog`chalar tarmog`ini kengaytirishdir. Hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan 2018 yilda jami 222 ming nafar bolaga mo`ljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bog`chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda va 470 tasi uy bog`chasi sifatida tashkil etiladi.

Joylarda bu borada qator ishlar boshlangani, lekin Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida sust borayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlarning uzoqni ko`ra olmasligi va davlat siyosatini tushunmasligi oqibatida ishlab turgan davlat bog`chalarini xususiylashtirish va tadbirkorlarga berib yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa aholining o`rinli va jiddiy e`tiroziga sabab bo`lmoqda.

Shu bois tadbirkorlarga ishlamay turgan bog`chalarni berish, binoni ta`mirlab va jihozlab ishlatish vazifasini qo`yish zarurligi ta`kidlandi.

Xususiy bog`cha uchun yaxshi joydan er, bino va imtiyozli kredit olib, qurilgan yoki ta`mirlangan binodan 1-2 yildan keyin boshqa maqsadda foydalanaman, degan “xomxayol” bilan yurgan “qo`shtirnoq ichidagi tadbirkorlar” ham bor, dedi Prezidentimiz. Shu sababli hokimliklar xususiy bog`chalar uchun er va bino ajratish, banklar esa kredit berish to`g`risidagi o`z qarorlarida bunday binolardan kamida 15-20 yil davomida bog`cha sifatida foydalanish zarurligi to`g`risidagi shartlarni nazarda tutishi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bog`chalar tashkil etish bo`yicha ham qator vazifalar belgilandi.

Moliya vazirligiga Nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalarini rivojlantirish jamg`armasini tuzish, Jamg`arma mablag`larini nodavlat bolalar bog`chalari uchun bino va inshootlarni xarid qilish, yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash ishlariga imtiyozli stavkada kredit ajratishga yo`naltirish topshirildi.

Maktabgacha ta`lim vazirligiga davlat-xususiy sheriklik asosida bog`chalarni tashkil etish modellari, davlat va xususiy sherikning xuquqlari va majburiyatlari, bog`chalarni malakali kadrlar bilan ta`minlash bo`yicha nizom loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasi qo`yildi.

Hokimliklar va banklarga 2018 yilda tashkil etiladigan 3 mingdan ziyod xususiy bog`chaning har biri bo`yicha er, bino va kredit ajratish, bog`chalarni ishga tushirish muddatlari aniq belgilangan jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlatish yuzasidan ko`rsatma berildi.

Hal etishimiz zarur bo`lgan yana bir muhim muammo, dedi davlatimiz rahbari, bog`chalarda bolalarni belgilangan me`yorlar asosida to`g`ri va sifatli ovqatlantirishni tashkil etishdir.

Afsuski, bolalarga sut mahsulotlari va meva tasdiqlangan normadan kam miqdorda berilmoqda, baliq mahsulotlari esa deyarli berilmayapti.

Yig`ilishda bu borada berilgan topshiriqlarga muvofiq, bolalarni sifatli ovqatlantirish, ko`rpa, yostiq va choyshablarini belgilangan muddatlarda almashtirish, dori-darmon va yuvish vositalari uchun ajratiladigan mablag`lar miqdori etarli ekani aniq hisob-kitob qilinadi.

Maktabgacha ta`lim vazirligi va uning joylardagi bo`linmalari rahbarlari bog`chalarda bolalarning belgilangan me`yorlar asosida sog`lom va to`g`ri ovqatlanishini tashkil etishga shaxsan mas`ul bo`ladi.

Sog`liqni saqlash vazirligi bog`chalarda taomlarni tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish va saqlashda sanitariya normalari va gigiena qoidalariga qat`iy rioya etilishini nazorat qiladi.

Yig`ilishda maktabgacha ta`lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko`nikmalari masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma`lumotli, 79 foizi esa o`rta maxsus ma`lumotga ega ekani qayd etildi.

Bolalar tarbiyasi jarayoniga o`z ishini puxta biladigan, malakali va har bir bolaga individual yondasha oladigan pedagog-kadrlarni jalb qilgan holda, ularni go`dakligidan ongi va tafakkurini to`g`ri shakllantirib bormasak, kelajakda yuksak saviya, bilim va ma`naviyatga ega bo`lgan barkamol avlodni tarbiyalash qiyin bo`ladi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Bu boradagi o`rganishlar natijasida kelgusi 3 yilda maktabgacha ta`lim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy ma`lumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo bo`lishi aniqlangan. Shu bois, 2018-2019 o`quv yilidan boshlab, oliy ta`lim muassasalarida “Maktabgacha ta`lim” yo`nalishida kunduzgi shaklda 3 yillik bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunda ilg`or xorijiy tajriba, jumladan, Janubiy Koreyaning etakchi universitetlari tajribasi asosida yangi o`quv rejasi va dasturlari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, yangi o`quv yilidan boshlab, oliy ta`lim muassasalarida sirtqi va kechki shaklda bakalavrlar tayyorlash tizimi yo`lga qo`yiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog`chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o`quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Bu haqda so`z yuritar ekan, Prezidentimiz Janubiy Koreyaning Puchon universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Maktabgacha ta`lim universitetini tashkil etish zarurligini ta`kidladi.

Yig`ilishda yuqori malakali, oliy ma`lumotli kadrlarni rag`batlantirish, maktabgacha ta`lim muassasalari pedagog xodimlarining oylik ish haqini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalarga mo`ljallangan bog`chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham e`tibor qaratildi.

Muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddi rahbar va hokimlarning axborotlari tinglandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1