AsosiyJamiyat

I chorakda 534 kilometr yo`l qurilish ishlari uchun 621 milliard so`mlik shartnomalar tuzildi

“O`zavtoyo`l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Anjumanda Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 22 aprelda qabul qilingan “2009-2014 yillarda O`zbekiston milliy avtomagistralini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda 2010 yil 21 dekabrdagi “2011-2015 yillarda infratuzilmani, transport va kommunikasiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to`g`risida”gi qarorlari soha rivojida dasturilamal bo`layotgani ta`kidlandi.

Ushbu qarorlarga muvofiq 2014 yilning birinchi choragida oltmishdan ziyod ob`ektda 534 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo`llari foydalanishga topshirilishi ko`zda tutilgan. Investisiya dasturi doirasida mahalliy pudratchi korxonalar 534 kilometr yo`l qurilish-ta`mirlash ishlari uchun 621 milliard so`mlik, shundan “O`zavtoyo`l” kompaniyasi korxonalari 257 kilometr yo`l qurilish-ta`mirlash ishlari uchun 503,4 milliard so`mlik shartnomalar tuzgan bo`lib, qurilish-ta`mirlash ishlari davom etmoqda.

Tadbirda hisobot davrida kompaniya tomonidan 171,1 milliard so`mlik yo`l qurilish, ta`mirlash, saqlash va tashqi pudrat ishlari bajarilgani ma`lum qilindi.

Mamlakatimizda 42 ming 654 kilometr umumfoydalanishdagi, jumladan, xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo`llari mavjud. Ularni texnik soz holatda saqlab, transport vositalarining uzluksiz va xavfsiz qatnovini ta`minlash borasida “O`zavtoyo`l” kompaniyasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2014 yilning 1-choragida xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo`llarida kompaniya tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan 12,1 milliard so`mlik kapital ta`mirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, umumiy foydalanishdagi xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega 42 ming 654 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo`llarida 118 milliard so`mlik saqlash va joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bu borada kompaniya tarkibidagi hududiy korxonalar, avtomobil yo`llarini saqlash uchun mas`ul idoralar,  ilmiy-tadqiqot instituti va maxsus qurilish korxonalari  faoliyati samarali bo`layotir.

O`zbek milliy avtomagistrali bo`ylab yo`l infrastrukturasi va servisini rivojlantirish choralari ko`rilmoqda. Yo`lovchilar va haydovchilarga qulaylik yaratish, xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash maqsadida hozirga qadar bir qator xizmat ko`rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar qurildi. 2014-2015 yillar davomida servis xizmati  ko`rsatuvchi  bunday  ob`ektlar soni yanada ortadi.

Tadbirda sohaga xorijiy sarmoyalarning keng jalb etilayotgani mamlakatimiz avtomobil yo`llarining sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tarilishiga xizmat qilishi qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar