AsosiySiyosat

Prezident “Aholi trans” korxona tashabbuskorlariga minnatdorlik bildirdi

'Prezident “Aholi trans” korxona tashabbuskorlariga minnatdorlik bildirdi'ning rasmi

Prezidentimiz “Aholi trans” mas`uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Klasterga tumandagi bo`sh turgan bino va inshootlar “nol” qiymatda berilgan edi. Binolar ta`mirlanib, Xitoydan bir kecha-kunduzda 450 tonna chiqindini qabul qilish quvvatiga ega texnologiya keltirib, o`rnatildi.

Bu erda metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yog`och-taxta bo`laklari, shox-shabbalar, makalatura, qurilish materiallari, matolar chiqindisi saralanadi. Ulardan briket, sintetik tola, qog`oz karton, to`qimachilik matosi, qurilish bloklari, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.

To`rt yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxona bugungi kunda Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon tumanlaridagi maishiy chiqindilarni tashib keltirmoqda. Keyinchalik korxona faoliyatini kengaytirib, viloyatning barcha hududlarida paydo bo`ladigan chiqindilarni yig`ib keltirishni rejalashtirgan.

Prezidentimiz klasterning mazkur rejalarini ma`qulladi.

Shu paytgacha bu masala bilan hech kim shug`ullanmagan edi, dedi Shavkat Mirziyoev. Chiqindi qayta ishlansa, tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi, ko`plab ish o`rinlari yaratiladi. Eng muhimi, ekologiyamiz toza bo`ladi, keyinchalik suv va havo orqali aholi salomatligiga etkazilishi mumkin bo`lgan zararning oldi olinadi.

Korxona atrofidan ishchilar uchun uy-joy, savdo va maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchasi, yopiq suzish havzasi, shifoxona, sport maydonchasi, avtoturargoh, ularning farzandlari uchun maktab hamda maktabgacha ta`lim muassasasi qurishni mo`ljallamoqda.

Davlatimiz rahbari korxona tashabbuskorlari va jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Chiqindi yig`ish qamrovi va qayta ishlash quvvatini yanada kengaytirish, shunday korxonalarni boshqa joylarda ham tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyovning Buxoro viloyatiga tashrifi nihoyasiga etdi.

    Boshqa yangiliklar