Shunday filmlar bo`ladiki, ularni qayta-qayta, takror va takror ko`rsang arziydi. Negaki ular badiiy asardan ekranga olib chiqilgan, deb yozmoqda Adme.ru nashri.
Dunyo kinematografiyasi tomonidan yaratilgan yuzlab filmlar hali-haligacha kinomuxlislar e`tiboriga, mehriga sazovor bo`lib, millionlab teletomoshabinlarning qalbini zabt etib kelmoqda.
Ma`lumki, filmlar insoniyat madaniy merosi ichidan eng yaxshilari – sayqal topgan namunalarini tarqatish, tashviq qilish kabi ulkan ijtimoiy vazifani bajaradi.
Tasavvur qilib ko`ring, biz umrimiz davomida qancha kitob o`qiymiz va ularni qay darajada atroflicha eslab qolamiz? Ular, albatta, biz istaganimizchalik xotiramizda yaxlit tiklanolmaydi. Adabiyot va kinematografiyaning birdamligi esa adabiy obrazlarga hayot bag`ishlab, ularni esda qoladigan va yana ham ishonarli darajaga olib chiqadi. Bu esa qisqa muddat ichida butun boshli bir kitobni o`zlashtirib olish imkonini beradi.
Quyidagi kitobdan ekranga ko`chgan asarlar o`ntaligi berilmoqda.
Cho`qintirgan ota
Muallif: Mario Pyuzo
Rejissyor: Frensis Ford Koppola
Muallif mazkur kitobida amerikalik hamda sisiliyalik mafiyachilarning kirdikorlarini, ularning siyosiy arboblar, qonun himoyachilari bilan aloqalarini to`la-to`kis ochib bergan. Shu boisdan ham bu asar jahon miqyosida ommalashib ketgan va dunyoning eng kuchli rejissyori tomonidan ekranlashtirilgan. Eng qizig`i, filmda ham, kitobda ham biron marta “mafiya” so`ziga duch kelmaysiz.
Yashil yo`lak
Muallif: Stiven King
Rejissyor: Frenk Darabont
Dunyoning eng boy yozuvchilaridan biri Stiven King o`zining ushbu asarini do`sti – rejissyor Frenk Darabontga atigi bir dollarga sotgan. Shunday bo`lsa-da, muallifning rejasi amalga oshgan. Ezgulik tarafdori bo`lmish Stiven King o`zining ezgulik va yovuzlik kurashi haqidagi eng yaxshi asarining ommalashishiga erishdi.
Rita Xeyvort yoxud Shoushenkdan qochish
Muallif: Stiven King
Rejissyor: Frenk Darabont
Stiven Kingning “Rita Xeyvord yoxud Shoushenkdan qochish” qissasida qamoqxona hayotining dahshatlari borasida so`z yuritiladi.
“Rita Xeyvord yoxud Shoushenkdan qochish” qissasi garchi Stiven King uslubiga xos bo`lmagan noodatiy psixologik realizm yo`nalishida yozilgan bo`lsa-da, yozuvchining “shoh” asarlaridan biriga aylangan.
O`ngga evrilgan dahshatli tush... Umrbod qamoq jazosiga mahkum bo`lgan bir begunohning taqdiri. Tirik qolish amri mahol bo`lgan erda hayot uchun kurash. Hali biron kimsa qochib qutulolmagan turmadan qochish haqidagi maroqli qissa...
Agar hali o`ttiz yoshga to`lmagan bo`lsang-u, umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan bo`lsang, u holda eng og`ir sinovlarga shaylan, negaki Shoushenkdan chiqish uchun senda hech qanday najot yo`q.
Forrest Gamp
Muallif: Uinston Grum
Rejissyor: Robert Zemekis
Ushbu asarning ommalashib ketishida birgina asosiy sababni aytish mumkin – ko`p qirrali aktyor Tom Xenksning qoyilmaqom ijrosi va rejissyor Robert Zemkisning mahorati. Bolaligidan aqli zaif, lekin qalbi ezgulikka yo`g`rilgan Forrest nimagiki qo`l urmasin, barchasini muvaffaqiyatli uddaladi. Hatto urush olovidan ham eson-omon chiqdi. Bir u ham sevib qoldi. Ammo... uning sevgisiga javob juda kech keldi.
Kakku uyasi uzra parvoz
Muallif: Ken Kizi
Rejissyor: Milosh Forman
Ushbu asar ekranlashtirilgandan so`ng kitob muallifi Ken Kizi filmni ko`rishdan bosh tortgan. Negaki asar kitob bo`yicha yuz foiz suratga olinmagan ekan. Ammo bu “kakku uyasi” deb yuritiladigan AQShdagi jinnixona hayotidan so`ylovchi asarning keng kitobxonlar va kinomuxlislar orasida ommalashishiga to`sqinlik qilolmadi.
Shu`la
Muallif: Stiven King
Rejissyor: Stenli Kubrik
Mazkur asar xorror janridagi eng yaxshi film va kitob hisoblanadi. Axir, asar atrofida mashhur “uchlik” ishlagan: qalami o`tkir Stiven King, professional Stenli Kubrik va har bir rolga maxsus tayyorgarlik ko`radigan Jek Nikolson.
Qo`zichoqlar sukuti
Muallif: Tomas Xarris
Rejissyor: Jonatan Demme
Kitobidan ko`ra kinosi muvaffaqiyatli chiqqan ushbu asar 1991 yili 5 ta “Oskar”ni qo`lga kiritgan (jumladan, “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi rejissyor”, “Eng yaxshi aktyor” nominasiyalari bo`yicha). Film psixologiya, tafakkur o`yinlari, his-hayajonga to`la. Sovuqqon Gannibal Lekter rolini o`sha mashhur Entoni Xopkins qoyilmaqom qilib ijro etgan.
Shindler ro`yxati
Muallif: Tomas Kenilli
Rejissyor: Stiven Spilberg
Asar real voqealarga asoslangan bo`lib, unda 2-jahon urushi arafasida mingdan ziyod yahudiylarni qonxo`r nasistlar changalidan qutqargan Oskar Shindlerning qahramonliklari haqida so`ylanadi. Mahoratli rejissyor Stiven Spilberg ekranlashtirgan uchbu film 7 ta “Oskar”, 7 ta BAFTA, 3 ta “Oltin globus” hamda Gremmi mukofotlarini qo`lga kiritgan.
Istig`for
Muallif: Ien Makyuen
Rejissyor: Jo Rayt
Asar voqealari urush davrlarida ro`y bersa-da, asosiy urg`u muhabbat va nafrat, o`kinch va alam, iztirob va tazarruga berilgan. Chinakam drama sifatida suratga olingan film barchaning sevimli aktyori va aktrisasi Jeyms Makevoy hamda Kira Naytli ishtirokida yanada qiziqarli tus olgan.
Tafakkur o`yinlari
Muallif: Zulfiya Nazar
Rejissyor: Ron Xovard
1988 yili kelib chiqishi asli o`zbek bo`lgan jurnalist va adiba Zulfiya Nazar (Zulfiyaning otasi Ro`zi Nazar 2-jahon urushi paytida nemislarga asir tushadi va Germaniyada qolib ketadi. Keyinchalik Ro`zi Nazar nemis ayoliga uylanadi) “G`aroyib tafakkur: matematika dahosi va Nobel sovrindori Jon Neshning hayoti” degan kitob yozadi. O`shandayoq asar G`arbda sensasiyaga aylanib, sotilish bo`yicha rekord o`rnatadi. Keyinroq, ya`ni 2001 yili mazkur asar bo`yicha dunyo kinematografiyasidagi eng yaxshi filmlardan biri “Tafakkur o`yinlari” katta ekranlarga chiqariladi. Eng qizig`i, filmning suratga olish ishlari bosh qahramon ijrochisi – aktyor Rassel Krouni “Gladiator” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofoti bilan taqdirlash marosimining ertasi kuniyoq boshlab yuborilgan edi.