Ayrim mutaxassislarning fikricha: ayol bolani parvarishlash ta`tili paytida yoxud u tugagandan keyin ko`p o`tmay (1 yil davomida) yana homilador bo`lgan bo`lsa, homiladorlik va tug`ish bo`yicha to`liq nafaqa olishga haqli emas. Norma.uz buning qanchalik haqiqatga mosligini tekshirishga urindi.
Avvaliga Prezidentning 27.12.2016 yildagi PQ–2699-son qarori 23-bandi bilan tanishib chiqamiz. U erda ishga yangi kirayotgan yoki 12 oydan ko`proq tanaffusdan so`ng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchilar uchun homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqalar ishga qabul qilingan kundan boshlab amalda ishlangan vaqtiga qarab tabaqalashtirilgan miqdorda tayinlangan:
• 6 oygacha – o`rtacha oylik ish haqining 50%i miqdorida;
• 6 oydan 12 oygacha – o`rtacha oylik ish haqining 75%i miqdorida;
• 12 oydan ko`proq vaqt – o`rtacha oylik ish haqining 100%i miqdorida.
«Kamroq to`lash» pozisiyasi tarafdorlari quyidagi dalilni ro`kach qiladilar: ayol bolani parvarishlash ta`tilida bo`lgan (muddati 3 yil,shundan 2 yiliga haq to`lanadi). Binobarin, u go`yo mehnat faoliyatini 12 oydan ortiq muddatga to`xtatib qo`ygan, bolani parvarishlash ta`tilidan chiqish esa mehnat faoliyatini tiklash hisoblanadi. Shu sababli u to`liq ish yili ishlamaganda unga keyingi bolasining homiladorlik va tug`ish nafaqasi to`liq miqdorda to`lanmaydi.
Nima sababdan bu noto`g`riligi izohi keltiriladi.
Birinchidan, ayol bolasi 3 yoshga to`lgunga qadar uni parvarishlash chog`ida ijtimoiy ta`tillardan birida bo`ladi (MKning 234-moddasi). Har qanday ta`til faqat ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo`lgan kishiga beriladi. Bunda bolani parvarishlash ta`tilida bo`lgan davr umumiy ish stajiga qo`shiladi.
Bundan tashqari, MKning 64-moddasi hamda Mehnat organlarida fuqarolarni ro`yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi nizomga (13.10.1999 yilda 831-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) muvofiq, uzoq, 12 oydan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlayotgan shaxslar – ishsiz shaxslar toifalaridan biri.
Ikkinchidan, homiladorlik va tug`ish nafaqasi miqdorlari ayol ishga qabul qilingan kundan boshlab o`tgan muddatga bog`liq. Ya`ni mehnat shartnomasi tuzilgan va ishga qabul qilish to`g`risida buyruq chiqarilgan kundan boshlab (MKning 82-moddasi).
Homiladorlik bo`yicha nafaqaning 100 foiz miqdorini olish huquqini beruvchi ish stajini hisoblash sanasi Prezidentning 27.12.2016 yildagi PQ–2699-son qarorida aniq ko`rsatilgan (4 baravar).
Shu tariqa, quyidagi xulosaga kelish mumkin. Bolani parvarishlash ta`tilidan chiqish va mehnat faoliyatini tiklash – boshqa-boshqa narsa. Ularni chalkashtirmaslik lozim. Ishga qabul qilish to`g`risida buyruq chiqarilgan paytdan boshlab 12 oydan ko`p vaqt o`tgan bo`lsa, ayol tegishli homiladorlik va tug`ish nafaqasi miqdorining 100%ini olish huquqiga ega.