O`zbekiston Milliy matbuot markazida mamlakatimizda aholiga onkologiya yo`nalishida tibbiy yordam ko`rsatishning bugungi holati va istiqbollari, kasallik diagnostikasi va davolashning zamonaviy usullariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 29 martda qabul qilingan «Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori mazkur yo`nalishdagi ishlarda muhim dasturilamal bo`layotir.
Davlat byudjeti mablag`lari va investisiya dasturlari doirasida onkologik yordam ko`rsatishga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Bugungi kunda Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi onkologiya dispanserlari yangi binoda faoliyat yuritmoqda. Qator dispanserlarda radiologiya bo`limlari tashkil etilgan. Onkologiya sohasida yagona elektron axborot bazasi shakllantirilgan. Ushbu tizim onkologik xastaliklarga chalingan bemorlarni hisobga olish, ularga tashxis qo`yish, davolash va kuzatish ishlarida uzviylikni ta`minlash, tibbiy yordam ko`rsatish sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, deya xabar beradi O`zA.
Onkologiya sohasida ilm-fan yo`nalishida ham salmoqli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, olimlarimizning bu boradagi ilmiy izlanishlari natijasida ko`krak bezi, me`da, yo`g`on ichak, qovuq saratonini jarrohlik yo`li bilan davolashda samarali natijalarga erishilmoqda. Davolashning ushbu yangicha usullari yaratilishi tufayli minglab bemorlar sog`lom hayotga qaytarilmoqda.
Qishloq vrachlik punktlarida tashkil etilayotgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklar aholi o`rtasida ko`plab og`ir xastaliklar, jumladan, o`sma kasalliklarining oldini olish, el salomatligini muhofazalashda muhim omil bo`layotir.
«Sog`lom bola yili» Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko`lami ortmoqda. Tibbiyot muassasalarini modernizasiyalash va rekonstruksiya qilish, zamonaviy tibbiy-diagnostik uskunalar bilan jihozlashga yo`naltirilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mamlakatimiz ilm-fani erishayotgan yutuqlarni ommalashtirish va jahon tibbiyotining ilg`or tajribasini sohaga keng tatbiq etish maqsadida dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlaridagi ilm-fan markazlari bilan hamkorlik tobora kengaymoqda.
Tadbirda mamlakatimizda onkologik yo`nalishda tibbiy yordam ko`rsatishning bugungi ahvoli, sohada qo`llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, mazkur yo`nalishdagi xalqaro hamkorlik samaralari, tibbiy-profilaktik ko`riklar, diagnostika va davolash ishlarida uzviylikni ta`minlashga qaratilayotgan e`tibor hamda istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar xususida atroflicha ma`lumot berildi.





