O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida Amerika Qo`shma Shtatlari Mudofaa vazirligi Markaziy qo`mondonligi qo`shinlari qo`mondoni general Jeffer Xarrigan boshchiligidagi harbiy delegasiya tashrif buyurdi. Bu haqda Jahon AA xabar berdi.
Tashrif doirasida AQSh harbiy mutaxassislari ishtirokida “Profilaktik tibbiyot bo`yicha axborot almashinuvi” mavzusida seminar tashkil qilindi. Unda harbiy-tibbiyot yo`nalishida tahsil olayotgan kursantlar, harbiy shifokorlar ishtirok etdi.
— Bu tadbirni harbiy-tibbiy ta`lim sohasidagi axborot almashinuvi, desak to`g`riroq bo`ladi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy-tibbiyot fakulteti boshlig`i, tibbiy xizmat polkovnigi Jahongir Sobirov. — Albatta, mazkur seminar mashg`ulotlarida yangiliklar ham ko`p bo`ldi. Ayniqsa, innovasion texnologiyalar sohasida. Kelajakda bunday tadbirlarga ko`proq xorijiy ekspertlar jalb qilinsa, mashg`ulotlar samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi.
AQSh harbiy mutaxassislari bu borada innovasion texnologiyalardan foydalanib, tezkor va samarali natijalar qo`lga kiritish mumkinligini namoyish qildilar.
Shuningdek, delegasiya a`zolari akademiya tarixi muzeyida bo`ldi. O`quv xonalarini ko`zdan kechirdi, axborot-resurs markazi, kursantlarning yashash sharoitlari bilan tanishdi.
General Xarrigan bundan keyin ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojiga umid qilishini ta`kidlab, yurtimizga tashrifidan mamnunligini bildirdi, deb yozadi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.






