Hozirda O`zbekistonda yapon kinochilari suratga olish joylarini tanlash ishlarini davom ettirishmoqda. Loaded Films kinokompaniyasi mutaxassislari Toshkent shahridan keyin Jizzax viloyatiga tashrif buyurishdi, deb xabar berdi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan ushbu ishchi sayohat mobaynida eng go`zal tabiat manzaralari va suv havzalari bilan tanilgan Jizzaxda yapon mehmonlarga Aydarko`l qirg`og`i tanishtirildi. Bu erdagi sohilbo`yi fauna va florasi, baliqchilar manzili, zamonaviy baliq fermalari, sohil bo`ylab qurilgan o`tov lagerlari kabi ob`ektlar birma bir o`rganildi.
Shundan so`ng mehmonlar Zomin tumaniga yo`l olishdi. Yapon ijodkorlari bir necha asrlik archa va yong`oq daraxtlari, chang`i uchish yo`laklari, qorli tog` va qalin o`rmon manzaralarini yaqindan o`rganib, bo`lajak film voqealarining bir qismini Jizzax tabiatida suratga olishga qaror qilishdi.
Eslatib o`tamiz, taniqli rejissyor Kiyoshi Kurosava tomonidan suratga olinadigan ushbu film Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, “O`zbekkino” milliy agentligi hamkorligida amalga oshirilmoqda va Evropaning etakchi kinofestivallari uchun mo`ljallangan.