Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari, “O`zbekneftegaz” AJ boshqaruvi raisi Alisher Sultonov va Qozog`iston bosh vaziri o`rinbosari Askar Maminni qabul qildi. Bu haqda “Xalq so`zi” xabar bermoqda.
Ushbu davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, O`zbekiston va Qozog`iston vakillari “Turkmaniston – Afg`oniston – Pokiston – Hindiston”(TAPI) gaz quvurining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi, “Turkmaniston – Afg`oniston – Pokiston” elektr uzatish va optik-tolali aloqa liniyalariga poydevor qo`yish munosabati bilan o`tkaziladigan tantanali tadbirlarda hamda “Serxetabat – Turgundi” temir yo`lining ochilish marosimida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.
Turkmaniston prezidentining O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvida ijobiy tajriba hamda ikki xalqning tarixiy, madaniy va ma`naviy birligi asosiga qurilgan istiqbolli hamkorlik bo`yicha fikr almashildi.
A. Sultonov ushbu tadbirlar ahamiyati haqida to`xtalib o`tar ekan, mazkur tarixiy voqealar mintaqadagi barcha davlatlar uchun yaqin qo`shnichilik munosabatlarini, do`stona rivojlanish, o`zaro foydali va teng huquqli hamkorlikni mustahkamlashda yangi bosqichga aylanishini ta`kidlab o`tdi.
Turkmaniston rahbari G. Berdimuhamedov A. Mamin bilan suhbati doirasida Turkmaniston – Qozog`iston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari haqida so`z yuritildi.
A.Mamin bunday transmilliy loyihalarning amalga oshirilishi Osiy mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga kuchli turtki berib, davlatlararo aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishini aytib o`tdi.






