1

Urgut tumanidagi "qiz ovchilari"ning nayranglari

Mutolaa 23.02.2018, 13:20
Urgut tumanidagi "qiz ovchilari"ning nayranglari

Odam savdosi va oqibatlari haqida ko`pchilik biladi. Ammo biz aytmoqchi bo`lgan, turli mish-mishlarga sabab bo`layotgan, odam savdosidan ham oshib tushayotgan mana bu voqealarni eshitib, ochig`i, nima deyishni ham bilmay qolasan.

Eshturdi yolg`iz qizini uzatish maqsadida chet davlatdan uch-to`rt so`m ishlab keldi. "Xayrli ishning erta bo`lgani yaxshi", deyishadi. Kunlardan bir kuni olis qishloqda yashaydigan qaynisi ikki notanish odamni boshlab keldi. Mehmon hamisha aziz. Dasturxon yozilib, noz-ne`matlar qo`yildi. Mehmonlar tanishtirilgach, muddaoga o`tildi.
– Biz Xorazmdan qulchilikka keldik, – dedi mehmonlardan biri.
Avvaliga bu gapdan Eshturdi gangib qoldi.
Oraga qayni qo`shildi. Gap quda-anda bo`lishga borib etdi. O`rtaga pul, boylik aralashgach, Eshturdi qanday qilib "Xo`p, roziman", deb yuborganini bilmay qoldi. Hangomaning qizig`i to`y kuni bo`ldi. Qiz kuyovni o`sha kuni ko`rdi.

Bazmu jamshid paytida qaerdandir bir juvon paydo bo`ldi. Odamlar bu ayolni Eshturdining qaynisi yashaydigan qishloqda ko`rishganini aytishdi. To`y chiqimlari, xususan, restoranga, san`atkorlarga beriladigan va boshqa sarflanadigan xarajatlar haqida ikki quda kelishib olishgandi. Ayol bu sirlardan qanday voqif bo`lganligini o`sha paytda hech kim sezmagandi. To`y avjida ayol xorazmlik qudani chetga chaqirib, kelin tomondan qudasi bilan kelishilgan pullarni berishini, to`yxona egalari talab qilayotganini aytadi. Mehmon ikkilanmay pullarni ayolga topshiradi. Voqea to`y tugagach, oydinlashadi. Ayol ham, pul ham izsiz yo`qolgandi. Kuyov tomon kelishilgan pulni berganini aytsa, to`yxonadagilar hech qanday pul olmaganini bildirishadi. O`rtada og`irlik Eshturdiga tushadi. Ikki-uch kun o`tgach, mol-holini sotib, pulni restoranga eltib berishga majbur bo`ladi. Molidan ayrilgan Eshturdi hozirgacha boshini changallab yuribdi.

– Bunday hol Urgut tumanida tez-tez sodir bo`lib turibdi, – deydi qishloq oqsoqollaridan biri. – Eshitishimizcha, boshqa viloyatdan ikki-uch kishi qishloqma-qishloq kezib, qiz "ovlab" yurganmish. Ayrim soddadil odamlarni, avrash yo`li bilan qizlarini kelin qilib olib ketayotganmish. Ahvol shu darajaga borib etibdiki, uch-to`rt nafar qizi bor xonadonlarga kirib, "Unisini emas, bunisini kelin qilaman", deya saralab olmoqda ekan.
Bunday "ovchi"larga "homiylik" qilayotganlar begona emas, o`zimizdan. Ular qaysidir qishloqda yashovchi kishi bilan oshno tutingan. Qiz oldi-berdisi shu uyda "pishiriladi". Besh-olti so`m egasi bo`lib qolgan boyagi shaxs qaysi qarindoshida nechta qiz bor, qaysi xonadon nochor, kimni chuv tushirish mumkinligi haqida ma`lumot to`plab yuradi va mehmonlarni shu joyga olib boradi.

Mana bunisini eshiting. Qizni uzatib borgach, kuyov tomonidan elga to`y berish odatimiz sanaladi. Qizni kuzatib borgan mehmonlarga mezbon: "To`y qoldirildi. Bobomiz vafot etdi", deya yolg`on gapirib, mehmonlarni qaytarib yuboribdi.
Bunday ishlar boshqa joylarda ham uchrayotgani sir emas. Nega shunday bo`lyapti?...

A.ISKANDAROV.

"Zarafshon" gazetasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1