AsosiyJamiyat

Ilm-fan og`ir judolikka uchradi

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi.

O`zbek tilshunosligi sohasidagi yirik olim, filologiya fanlari doktori, akademik Ergash Fozilov 81 yoshida vafot etdi.

E.Fozilov 1933 yili Toshkent viloyatining Yangiyo`l shahrida ishchi oilasida tug`ildi.

1957 yilda Moskva davlat universitetini tugatib, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tilshunoslik instituti aspiranturasida tahsil oldi, dastlab nomzodlik, so`ngra doktorlik dissertasiyalarini himoya qildi.

2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.

Jonkuyar va iste`dodli olim o`zining qariyb 40 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, institut direktori o`rinbosari, Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti bo`lim boshlig`i, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari lavozimlarida  samarali mehnat qildi va o`zbek tilshunosligining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.

E.Fozilov birinchilardan bo`lib o`zbek tilining tarixiy rivoji, leksikologiyasi va leksikografiyasi hamda grammatikasini o`rgandi. U Alisher Navoiy asarlari tilini tadqiq etib, «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug`ati» va «Eski o`zbek tili»  lug`atlarini nashr ettirdi. Taniqli olimning tilshunoslikning dolzarb masalalariga bag`ishlangan maqola va risolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma`lum.

Talabchan ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.

Atoqli olim, kamtarin inson Ergash Fozilovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.  

I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, 

Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar