Yoshlar ijod saroyida Toshkent shahar hokimligi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi, shahar prokuraturasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy bo`limi hamkorligida “Ta`lim va mutaxassislik” ko`rgazmasi hamda bo`sh ish o`rinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Ko`rgazma-yarmarkaga poytaxtimizdagi korxona, tashkilot va muassasalar vakillari, joriy yilda kasb-hunar kollejlari, oliy o`quv yurtlarini tamomlayotgan yoshlar, ota-onalar, o`qituvchilar taklif etildi, deya xabar beradi O`zA.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida muntazam tarzda o`tkazilayotgan “Ta`lim va mutaxassislik” ko`rgazmasi va bo`sh ish o`rinlari yarmarkasidan ko`zlangan maqsad yoshlarni kasbga yo`naltirish, ularni korxona va tashkilotlar, oliy ta`lim maskanlari, kasbiy qayta tayyorlash, qo`shimcha ta`lim markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, bo`sh ish o`rinlari haqida xabardor etishdan iborat.
Joriy o`quv yilida poytaxtimizdagi kasb-hunar kollejlarini 44,5 ming nafardan ko`proq yigit-qiz bitiradi. Ularning muayyan qismi oliy ta`lim dargohida o`qishni davom ettirish istagini bildirgan bo`lsa, boshqalari ixtisosligi bo`yicha korxona va tashkilotlarda o`z faoliyatini boshlaydi.
Ko`rgazmada 80 ga yaqin korxona va tashkilotdagi bo`sh ish o`rinlari haqida atroflicha ma`lumot berildi. Ayni paytda 2183 korxona va tashkilotdagi 13 ming 492 bo`sh ish o`rnining elektron ro`yxati, tumanlardagi barcha bandlikka ko`maklashuvchi markazlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Ko`rgazmada poytaxtimizdagi oliy o`quv yurtlari, ulardagi ta`lim yo`nalishlari bilan ham tanishish imkoniyati yaratildi.





