O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari rahbarlari ishtirokida Hay`atning kengaytirilgan selektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi Axborot xizmati xabar beradi.
Yig`ilishda 2014 yil 5 may kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida»gi Qonuni bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari belgilab berilganligidan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlarida amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar belgilab olindi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining 2014 yil 5 maydagi 04/1-476-sonli xatida qayd etilgan naqd pul tushumlarining to`liq bank kassalariga topshirilishini ta`minlash, naqd pul mablag`larining bankdan tashqari noqonuniy aylanishini qisqartirish borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek belgilangan topshiriqlar ijrosini tashkil qilish borasidagi muhim vazifalar muhokama qilinib, hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 1 noyabrdagi «Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 511-sonli qarori ijrosini ta`minlash borasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikdagi ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta va eksport-import operasiyalarini amalga oshirishda qonun hujjatlariga qat`iy rioya etilishi yuzasidan olib borilayotgan nazorat ishlarining natijadorligi Buxoro, Qashqadaryo va Farg`ona viloyatlari misolida ko`rib chiqilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar belgilandi.
Hay`at yig`ilishida soliq to`lovlarining to`liq va o`z vaqtida to`lanishi borasida aniqlangan huquqbuzarlik holatlari, ularning oldini olish yuzasidan tashkil etilayotgan targ`ibot-tashviqot ishlari natijalari tahlil qilindi, bu borada bajarilishi lozim bo`lgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan soliq va moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga to`liq elektron ko`rinishda taqdim etilishini ta`minlash, bu borada korxonalar rahbarlari va buxgalterlarini o`qitish, hisobotlarni elektron ko`rinishda topshirishda amaliy yordam berish maqsadida tashkil etilgan Axborot resurs markazlari faoliyatini samarali tashkil etish bo`yicha hududiy davlat soliq organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi ko`rib chiqilib, aniq vazifalar belgilandi.
Muhokamada markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, faoliyatida kamchiliklarga yo`l qo`ygan 3 nafar rahbar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 23 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo`llanildi.
Yig`ilish so`ngida davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.





