16 may kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqa va o`zaro hamkorlik bo`yicha NATO xodimi byurosining rasman ochilish marosimi bo`lib o`tadi.
Gazeta.uz nashrining xabar berishicha, tadbirda NATOning Kavkaz va Markaziy Osiyo bo`yicha bosh kotibi maxsus vakili Jeyms Appaturay, O`zbekistondagi NATOga a`zo mamlakatlar elchilari, elchilar, shuningdek O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rahbar xodimlar ishtirok etadi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqa va o`zaro hamkorlik bo`yicha NATO xodimi kichik shtat bilan birga NATOning joylardagi diplomatik vakili vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, mudofaa rejasi va tahlili, NATO operasiyalariga yordam berish, harbiy ta`lim va tayyorgarlik, ilmiy va ekologik masalalar bo`yicha hamkorlik, jamoatchilik diplomatiyasi kabi sohalarda NATOning Markaziy Osiyodagi sheriklar bilan amaliy hamkorligiga ko`mak beradi.
NATO xodimi O`zbekistonda 2013 yilning martidan ish boshlagan, uning ofisi 2013 yilning iyul oyida diplomatik vakolatxona sifatida akkreditasiyadan o`tgan.





