AsosiyJamiyat

Turizm haqida videoroliklar tanlovi e`lon qilindi

Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O`zbekturizm” Milliy kompaniyasi, O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, “O`zbekkino” Milliy agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg`armasi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda “Yangi nigoh” videoroliklar tanlovini e`lon qiladi.

Tanlovning asosiy maqsadi O`zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning turistik salohiyati, joylardagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni targ`ib etish, media mahsulotlarning keng tarqalgan turi – videoroliklar yordamida mamlakatning turizm salohiyati to`g`risida keng jamoatchilikni xabardor qilishdan iborat.

Tanlov nominasiyalari:

- “O`zbekistonning turizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi videorolik”;

- “O`zbekistonning ekoturizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi videorolik”;

- “Milliy qadriyat va urf-odatlarni targ`ib etishga qaratilgan eng yaxshi videorolik”;

- “Videorolik ssenariysi uchun eng yaxshi g`oya”;

- “O`zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari to`g`risidagi eng yaxshi videorolik”.

Tanlov quyidagi bosqichlarda o`tkaziladi:

- Ijodiy ishlarni qabul qilish – 2014 yilning 1 oktyabrigacha.

- G`oliblarni aniqlash va taqdirlash marosimini tashkil etish – 2014 yilning 15 noyabrigacha.

Tanlovda ta`lim muassasalarining o`quvchi va talabalari, ijodiy birlashmalar, markaz va klublar a`zolari, jurnalistlar, videomahsulotlar yaratish bilan shug`ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etishi mumkin.

Ijodiy ishlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining tuman (shahar), viloyat kengashlarida qabul qilinadi.

Batafsil ma`lumotlarni www.kamolot.uz sayti orqali olish mumkin.

    Boshqa yangiliklar