1

Boringizga shukr, OTA!

Mutolaa 26.02.2018, 14:24
Boringizga shukr, OTA!

Yaqinda bir davrada yoshi ulug`roq ayol «Nega oilaviy muammolar avj olib ketayapti, bilasizlarmi? Bizayollar, oilada otaning o`rnini yo`qotib qo`yayapmiz», dedi. Haq gap. Zero, otaning oiladagi o`rni nafaqat bo`lak, yuksak hamdir.


Ko`chada o`tinchi, uyda sulton

Qadimda bir o`tinchi bo`lgan ekan. U tog`lardan o`tin terib kelib, shaharda sotib, xotini va o`g`illarini boqardi. O`g`illar esa o`tinchining farzandi ekanligidan or qilishardi. «Otamiz o`tinchi», deb birovga aytisholmasdi. Oshna-og`aynilar davrasida ulardan otalari nima ish qilishini so`rashsa, aytgani uyalishar, ko`pincha yolg`on gapirishardi. O`tin ko`tarib ketayotgan otalarini ko`chada ko`rib qolishsa, borib yordam berish o`rniga o`zlarini olib qochishar, «Bizni o`tinchining o`g`li deb o`ylashmasin», deyishardi.

O`tinchining xotini esa oqila, itoatgo`y ayol edi. U doim eri uyga kelishini sabrsizlik bilan kutar, charchab qaytganida shirin so`zlar bilan kutib olar, darrov qo`liga suv quyib, sochiq tutardi. O`tinchilik asboblarini esa yuvib, tozalab joy-joyiga qo`yardi. Darrov dasturxon yozib, eri bir-ikki piyola choy ichguncha ovqat suzib kelardi. Topib kelgan pulini bir hamyon tilla olgandek sevinib olar, «Bugun doimgidan ham ko`p pul topib kelibsiz», derdi. Ba`zida o`tinchi «Bugun kamroq pul topdim» desa ham «Xafa bo`lmang, barakasini bersin. Bugun kamroq topgan bo`lsangiz, Allohim ertaga ko`prok berar», deb uning ko`nglini ko`tarardi.

Bir kuni o`g`illari onasidan so`rashdi:

— Onajon, otamiz bir oddiy o`tinchi bo`lsa, nega uyga kelganida buncha girdikapalak bo`lasiz?

— Rost, otamiz kelishi bilan xizmatiga shaylanasiz, — o`rtancha o`g`il so`z qo`shdi.

— Іatto otamizning oyoqlarini o`zingiz yuvib qo`yishingizni tushunmaymiz, — dedi kenja o`g`il.

— Biz otamiz o`tinchiligidan uyalamiz, — deyishdi bir ovozdan.

Bunga javoban ona:

— Eh, soddagina bolalarim-a, otalaring ko`chada o`tinchi, uyda esa otalaring Sulton! — dedi...

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,

Toshkent Islom Instituti o`qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi


O`rnak

O`g`il keksayib qolgan otasini mehmon qilish istagida shaharning osoyishta tamaddixonalaridan biriga olib keldi.

«Buyuk otalar hayrat to`la nigohini yulduzlardan uza olmayotgan jajji farzandlarini elkalariga o`tqizadilar-da, ularni yulduzlar sari yaqinroq olib chiqadilar». Har gal padariga qaraganida mana shu fikr xayolidan o`tadi, uning.

Ovqatlanish mahali beixtiyor kaftlari qaltirayotgan otaning qoshig`idagi ovqat to`kilib, kiyimlariga sachrar, xijolatdan qizarib ketgan otaxon o`g`liga yumshoq nigohlarini tikar, o`g`il esa xotirjam jilmayar, sachragan taom dog`larini zudlik bilan artib qo`yar edi. Ularga yonma-yon o`tirgan stoldagilar, jumladan, uch o`smir yigit qurshovida ovqatlanayotgan kishi va uning rafiqasi bu manzarani zimdan kuzatib turishardi.

Ota-o`g`il ovqatlanib bo`lishgach, o`g`il otaning qo`llaridan tutib yuvinish xonasiga boshladi, otasining kiyimini non hamda ovqat qoldig`i, dog`lardan tozalab, qo`llarini yuvishga yordamlashdi, dadasining bosh kiyimini tuzatib qo`ydi.

Yuvinish xonasidan chiqishganida barchaning e`tibori ularda edi.

Ota-o`g`il emakxonani tark etayotganlarida qo`shni stolda farzandlari bilan o`tirgan kishi ortlaridan etib keldi.

— Siz bu erda nima qoldirib ketayotganingizni bilasizmi? — so`radi u o`g`ildan.

— Yo`q, hech narsamiz qolib ketayotgani yo`q, — stolga ko`z yugurtirganicha javob qaytardi o`g`il.

— Qoldirib ketyapsiz, juda qimmat narsa qoldirib ketyapsiz. Siz har bir o`g`il va otaga, menga va mening farzandlarimga o`rnak qoldirib ketyapsiz, do`stim! Otangizga ming rahmat! — u kishi o`g`ilning qo`lidan mahkam siqqanicha minnatdor nigohda boqdi.

Shuhrat SATTOROV tarjimasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1