“Ko`p qavatli uyda yashaymiz. Qo`shnilarimiz ahil-inoq. Biroq, ularning hammasi haqida yaxshi gap aytish qiyin. Masalan, yonimizdagi uyda... bir ayol engiltak qizlar bilan turadi. Bu xonadon boshqacha aytganda buzuqlik, behayolik maskaniga aylangan. Begona erkaklarning qadami uzilmaydi. Tegishli idoralarga bir necha marta murojaat qildik. Oradan yillar o`tsada bu muammo echim topmayapti. Bu esa, qo`shnilarda jiddiy xavotir uyg`otyapti. Axir hammaning ham bolalari bor. Bu holat ularning farzandlari tarbiyasiga yomon ta`sir qilishidan xavotirda. Yolg`iz umid sizlardan...”
O.Yu. Samarqand shahri
Samarqandlik mushtariy o`z maktubida o`z manzilini aniq yozib ko`rsatgan bo`lsa-da, biz bu manzilni batafsil ko`rsatib o`tirmadik. Asosiy maqsad esa ushbu ma`lumot asl holicha Ichki ishlar Vazirligiga yo`naltirilib, jamiyatga dog` tushirayotgan chirkin illatni bartaraf etish edi. Bunga tegishli vazirlik amaliy ko`magi bilan erishdik. Quyida Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklarning oldini olish Bosh boshqarmasi boshlig`i U.Narzullaev imzosi bilan taqdim etilgan ma`lumotlar buni isbotlaydi.
Taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, O.Yu.ning murojaati bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilganda, fuqaro maktubida ko`rsatilgan manzilda ro`yxatda turmasligi, yashamasligi oydinlashgan. Ammo ko`rsatilgan manzilda chindan ham fohishaxona tashkil etilganligi qayd qilingan Samarqand shahridagi manzilda o`tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirda mazkur noqonuniy harakatga qo`l urgan fuqaro S.N. O`zbekiston Respublikasi JKning 131-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma`lum qilingan.
“Darakchi” gazetasizda aynan fuqarolar murojaatini qabul qilish, hududlarda echimini kutayotgan masalalarga oydinlik kiritishda vakolat doirasida amaliy ko`mak ko`rsatish yo`lga qo`yilgan.
Ayni shu jarayonda aksariyat hollarda murojaat qilgan fuqarolarning o`zi haqidagi ma`lumotlar yuqoridagi kabi isbotini topmasa, murojaatda keltirilgan masala ham ayrim davlat boshqaruvi organlari mas`ullari tomonidan o`rganilmay qolishiga sabab bo`lardi va xuddi shu vaj bilan chetlab o`tilgan hollar ham kuzatilgan. Shu bois vaqtida oldi olinishi mumkin bo`lgan muammo e`tiborsizlik oqibatida ildiz otishi, oxir-oqibatda xunuk oqibatlarni keltirib chiqarishi hech kimga sir emas.
Ana shunday xatolarga yo`l qo`yilmasligi uchun aynan O.Yu.ning murojaatining o`rganilishi misolida o`rnak olsa arziydi. Negaki, garchi murojaatchi o`zi haqidagi noto`g`ri ma`lumotlarni taqdim etsa-da, Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklarning oldini olish Bosh boshqarmasining murojaatda keltirilgan illatga barham berilishi bosh masala ekanligiga e`tibor qaratgani va unga qarshi chora ko`rilishini ta`minlagani bunday fikr yuritishimizga etarli asos bo`la oladi.
Axir davlatimiz rahbari ham har bir murojaat ortida bir taqdir yotganligiga da`vat qilganliklari bejiz emas.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 131-moddasida fohishaxona saqlash yoki qo`shmachilik qilish uchun jazo choralari belgilangan. Unga ko`ra:
— fohishaxona ochish yoki saqlash, shuningdek g`arazli yoki boshqa past niyatlarda qo`shmachilik qilish — eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O`sha harakatlar:
a) voyaga etmagan shaxsni jalb qilgan holda;
b) takroran, xavfli residivist yoki O`zbekiston Respublikasining jinoyat kodeksi 135 yoki 137-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan sodir qilingan bo`lsa,
— olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.