“Ummon” guruhi bilan bo`lgan intervyularimizda ular hech qanday “piar”larsiz mashhur bo`lgani haqida ko`p ta`kidlaganmiz. Biroq so`nggi vaqtlarda ularga oldingidek jo`shqinlik etishmayapti. Muxlislar orasida ham avvalgidek “Ummonomaniya”ni uchratish qiyin... Demak, suhbat davomida aynan shu va boshqa qiziqarli savollarga javob topishga harakat qilamiz...
— Tahririyatimizga xush kelibsiz...
— Taklif uchun tashakkur. “Darakchi”da yana bir bor mehmon bo`layotganimizdan xursandmiz.
— So`nggi paytlarda “Ummon” guruhining bo`sh vaqtini topish qiyin. Qachon qarama viloyatlardagi konsertlar bilan bandsiz...
Jasur Rafiqov: — Ish bo`lgani yaxshi. To`g`ri, bugun ishimiz ko`pligi har doimgidanda ko`ra qaynayapti. Deyarli har haftada viloyatlarda davlat tadbirlari bilan uyushtirilayotgan konsertlarda ishtirok etyapmiz.
Zohid Risqiev: — Biroq yangi qo`shiqlar yozishni ham unutib qo`yganimiz yo`q.
Shohrux Isamuhamedov: — Yangi sho`x qo`shiqlarimizdan biriga klip suratga olishni ham boshlash arafasidamiz. Ketma-ket mahzun yo`nalishdagi kliplarimizdan so`ng navbatdagi ijod mahsulimiz tinglovchilar e`tiboridan chetda qolmasligiga ishonamiz.
— Gaplaringizdan ijodingiz avvalgidanda jo`shqin davom etayotganini anglash qiyin emas. Ammo “Ummon” guruhining mashhurligi avvalgidek emasligini ham tan olish kerak...
Jasur: — Buni o`zimiz ham tan olamiz. 2013 yil guruhimiz uchun biroz og`ir keldi. Shaxsiy hayotimizdagi muammolar tufayli kichik ijodiy tanaffuslar qilishga majbur bo`ldik.
— Guruhning “lisenziya”si olib qo`yilganini nazarda tutyapsizmi?
Jasur: — Bu ham sabablardan biri, ammo asosiysi bu emas. Shaxsiy muammolarimiz tufayli biroz ijoddan chekindik.
Zohid: — Lisenziyamiz olib qo`yilganini hamma shov-shuv qildi. Ammo o`tgan yili qaytarib olganimiz haqida hech kim gapirgani ham yo`q. Yomon xabar tez tarqalishiga yana bir isbot bu.
Shohrux: — Lisenziyamiz vaqtinchalik to`xtatilganiga esa birinchi o`rinda o`zimiz aybdormiz. Buning uchun kimnidir sababchi qilib ko`rsatgimiz yo`q.
— Yangi qo`shiqlaringiz avvalgidek “xit” bo`lmayotganiga ham ko`z yumish qiyin. Bunga aybdor Zohidmi?
Zohid: — (Kulib) Qanday qilib qo`shiqlarimizni “xit” deyolamiz? Qo`shiqqa klip suratga olib, TVda yaxshilab “aylantirilsa” ana o`shanda “xit” derdik.
— Gapingizni bo`lishga majburman. Shu kungacha sizlarni televidenie ko`magisiz mashhur bo`lgan guruh sifatida tan olishadi...
Zohid: — Internetdagi “xit”larimiz haqida gapiryapsizmi? Unda “xit”laringiz yo`q”, degan fikringizga umuman qo`shilmayman. Internet saytlarida avvalgi reytingimizni saqlab qolganmiz.
Jasur: — Mening javobim esa Zohidnikidan biroz farq qiladi. To`g`ri, qo`shiqlarimiz avvalgidek emasdir. Bunga ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan o`ndan ziyod yangi ijod namunalari sabab. Bugun tongda internetga yangi qo`shig`imizni joylashtirib birinchilikda turgan bo`lsak, tushga borib o`z-o`zidan keyingi pog`onaga tushib qolyapmiz. Sog`lom raqobat va yangi qo`shiqlarning ko`pligi yo`limizni “to`sayotgan”dir balki. Mazkur holat nafaqat bizning, balki hamkasblarimizning ijodida ham seziladi.
— Guruh ma`muri o`zgaribdimi?
— Yo`q, shunchaki oldin ikkita ma`mur bilan ishlardik. Bugun esa ularning soni bitta.
— Sabab?
Jasur: — 2013 yil ijodimizning biroz susayganiga ham aynan mana shu holat sabab bo`ldi. Ma`murlarimizdan biri o`z ishiga mas`uliyat bilan qaramagani uchun ko`p joylarda boshimiz egilib, tanbeh eshitdik. Bu vaziyat takrorlanavergach, u bilan hamkorlikni to`xtatishga majbur bo`ldik.
Zohid: — Achinarlisi biz uning qing`ir ishlari haqida biroz kech bildik. Ammo hechdan ko`ra kech bo`lsa-da, ko`zimiz haqiqatni ko`ra olganidan hursandmiz.
— Guruhning aksariyat qo`shiqlarida asosiy ovoz sifatida Zohidni eshitamiz...
Zohid: — Nima demoqchi ekaningizni payqadim, “sistema”ni tushuntirib beraman. Qo`shiqda hammaning o`ziga yarasha ovozi bor. Vokal bilan kuylanishi kerak bo`lgan o`rinlarni men, rep va biroz milliylikni qolganlar kuylashadi. Shu sabab “Boshqalarning ovozi kam eshitiladi”, degan fikrlar noo`rin. Hatto ba`zi rep yo`nalishidagi qo`shiqlarda mening ovozimni umuman eshitmaysiz ham. Sababi, ular kabi rep uslubida kuylash qo`limdan kelmaydi. Bunday paytlarda biroz chekinaman.
— Klipmeykerlarning fikricha, “Ummon” klip uchun pul tejamaydigan guruhlar sirasiga kirar ekan...
Jasur: — Agar g`oya haqiqatda zo`r bo`lsa va u qo`shiqning ommalashishiga sabab bo`lsa, pul ayamaymiz. Axir klipni o`zimiz uchun ishlaymiz-ku!
— 2010 yildan buyon katta sahnadasizlar. Uni zabt etish esa sizlarni yanada ko`proq odam tan olishi ko`zlangan bir maqsad edi. Bugun-chi, uning o`rnini nima egalagan?
Jasur: — Bugunga qadar ham “Ummon”ni tan olmaganlar ko`p. Ularning yuraklariga yo`l topishimiz kerak.
Zohid: — Eng katta maqsadlarimizdan biri saviyamizni oshirish. Tanqidchilar bizni “Saviyasiz qo`shiqlar muallifi”, deb ta`riflashlariga chek qo`ymoqchimiz. Nasib qilsa, bu niyatimiz ham amalga oshadi, degan umiddamiz.
Shaxsiy bekat...
Uylanish...
Jasur: — Qachon oila qurishimizni hozirdan aniq aytolmaymiz. O`zimizga qolsa, yaqin yillarda uylanish niyatimiz yo`q. Yana kim biladi, balki bu yil ham to`y bo`lib qolar...
Ayolim san`atkor bo`lsa...
— (Hamma bir ovozdan) San`atkor bo`lishini istamaymiz!
Jasur: — Menga qolsa meni umuman tanimaydigan qiz bo`lsa yaxshi bo`lardi.
Shohrux: — Unday bo`lsa, senga kelinni o`zga sayyoradan izlar ekanmizda (kuladi).
Zohid: — O`rtoq, juda kamtarsan-da! Bo`lajak umr yo`ldoshim mening muxlisim bo`lsa yo`q, demasdim.
Jasur: — Voy, Zohid, o`ylab gapirdingmi? Unday bo`lsa u seni emas, ijodingni sevadi-ku! Masalan, men muxlisimga uylansam, xayolimda “U meni sevmasa-chi?” degan fikr aylanaveradi.
Zohid: — Yo`q, bu fikrga qo`shilmayman.
Aniqlik kiritamiz!
— Hamkasblaringizdan birining singlisiga sevgi izhor qilibsiz, hatto uylanish niyatingiz ham bor ekan?
Jasur: — O, bizsiz to`y boshlayapsanmi?
Shohrux: — Yo`g`-e, kim ekan? Yigitlar sizlardan yashirmasam kerak. Bu navbatdagi bo`hton. Hech qanday sevgilim yo`q.
Tan beraman...
Jasur: — Zohid qilayotgan ijodiy ishlarini men yillar davomida ming urinsam ham bajarolmasdim. Uni haqiqiy tug`ma iste`dod sifatida tan olaman. Shohrux esa oramizdagi eng xushchaqchaq yigit. Horg`in paytlarimizda ham quvnoqligi bilan charchoqlarni unutishga yordam beradi.
Zohid: — Jasurning ijro mahoratiga havas qilaman. U kuylayotgan replarni ijro etolmasligim aniq.
Shohrux: — Jasur odobi, og`ir-bosiqligi, etti o`lchab bir kesishi va to`g`ri qaror chiqara olaishi bilan ajralib turadi. Ichimizda mas`uliyatlisi ham aynan u. Zohidni esa bir soat ichida ham yaxshi qo`shiq yoza olganiga guvohman. Tan olaman, bu ish qo`limdan kelmaydi.
Zohid: — Shohrux, shu jihatimga ba`zida o`zim ham qoyil qolaman (kuladi).
Tanqid qilaman...
Jasur: — Bir erga boradigan bo`lsak, Zohid hammadan birinchi tayyor bo`lsa-da, negadir doim uni kutib turishga majburmiz. Aytilgan vaqtda, aytilgan erda bo`lishini istardim.
Muxlis maktubi
— Kuni kecha tahririyatimizga jizzaxlik Lobar Mamatmurodovadan maktub keldi. Xatda yozilishicha, u shu darajada guruhingizning muxlisi ekanki, hatto o`g`liga Ummon deb ism qo`yibdi...
Zohid: — (O`zida yo`q hursand) Bunaqasi hali bo`lmagan. Rostdanmi?!
Jasur: — Bunday muxlisi bo`lishni hamma san`atkor ham orzu qiladi.
Shohrux: — Guruhimiz nomidan tug`ilgan bolakayga uzoq-umr, baxtli hayot tilab qolamiz. Ortiqcha gapga til ojiz...
Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi





