Yil sayin ommaviy axborot vositalari safi va qamrovining kengayishi xalqimizning axborot, davlat va jamiyat hayotida ro`y berayotgan voqea va xodisalar, jahonda yuz berayotgan jarayonlarga qiziqishi ortayotganidan dalolat. Ammo bugungi kunda telekanallarimiz o`z oldiga qo`yilgan vazifalarini to`laqonli ado etyaptimi, tomoshabinlarning telekanallarimiz va teleko`rsatuvlardan ko`ngli to`lyaptimi, degan haqli savol tug`iladi. Bugun milliy telekanallarimizda efirga uzatilayotgan ko`rsatuvlar xususida tahririyatimizga kelib tushgan fikrlarni o`rtaga tashlamoqchimiz. Quyida aytilajak mulohazalar aynan sizning o`ylaringiz bilan mushtarak bo`lsa ajabmas...
“Men va U”
Vasila Nurmatova, uy bekasi: — “O`zbekiston” teleradiokanalida faoliyat yuritadigan jurnalist Aziza Usmonova va nihoyat “Men va u ” nomli yangi ko`rsatuv tayyorlabdi. Ochig`i, “Azizim”dan ancha zerikkandik. Lekin “Men va u” bugungi kundagi oilaviy rishtalarni mustahkamlovchi, insonning ruhiy olamini oziqlantiruvchi, saviyali ajoyib dastur bo`libdi. Faqat Aziza Usmonova ekspert sifatida “Azizim”da chiqqan mutaxassis va ruhshunoslarni qayta chaqirayotgani unchalik to`g`ri emas. Ayniqsa, ruhshunos Mavluda Toshpo`latovaning fikrlari ko`pchilikka yod bo`lib ketgan bo`lsa kerak.
“Biz uchun muhim”
Munira Rozieva, uy bekasi: — “O`zbekiston” teleradiokanalidagi “Biz uchun muhim”, “O`zingni angla”, “Oydin hayot” tok-shoulari xorij telekanallaridagi dasturlardan qolishmaydi. Xususan, “Oydin hayot” ko`rsatuvi nafaqat salomatlik balki, sog`ligimiz bilan bog`liq boshqa sohalarni ham qamrab olayotgani quvonarli hol, albatta. “Biz uchun muhim” dasturi esa bugungi kunda efirga uzatilayotgan tok-shoulardan mavzuning aniqligi, dalillarga boyligi va jurnalistning mutaxassislarga bog`lanib qolmay, auditoriyani ham erkin fikrlashga imkon yaratayotgani bilan ajralib turadi. Lekin befarqlik mavzusi yoritilgan dasturda ko`p hollarda mavzudan chetga chiqib ketish holatlari kuzatildi.
“Imkon shou” “Krokodil”ga o`xshaydimi?
Nigina Karimbekova, kotiba: — “Yoshlar” teleradiokanalining “Imkon shou” dasturini bugun telekanallarimizdagi eng yaxshi ko`rsatuvlardan biri, deb ayta olaman. Bu dastur nimasi bilandir garchi MuzTV telekanalidagi “Krokodil” ko`rsatuvini esga solsa-da, u tez orada chinakam tomoshabinlarini topdi. Eng muhimi, bugunga kelib montaj va ijodiy masalalar borasidagi kamchiliklarini bartaraf etishning uddasidan chiqishdi.
“Oz vaqt ichida muxlisini topgan dasturlar”
Lutfulla Javxarov, o`qituvchi: — “Madaniyat va ma`rifat” telekanali orqali namoyish etilayotgan dasturlarning hammasi tomoshabinlarga birday manzur bo`lyapti. Ayniqsa, “Kaftdagi chiziqlar”, “Qiyofa”, “Ko`ngil bekatlari” ko`rsatuvlari oz vaqt ichida o`z tomoshabinlarini topishga ulgurdi. Bu ko`rsatuvlar qahramonlari o`zlarining ham ijodiy, ham hayotiy tajribalari bilan yoshlarimizga o`rnak bo`la olyapti. “She`r sehri” ko`rsatuvida esa yosh shoirlar bilan bir qatorda el tanigan, she`rlari qo`lma-qo`l bo`lib o`qilgan shoirlarimizni ham taklif qilinsa, Muhammad Yusuf, Zulfiyaxonim kabi shoirlarimizning she`rlari esa aktyorlarga o`qitilsa yaxshi bo`lardi.
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi





