1

Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosarini qabul qildi

Siyosat 02.03.2018, 10:12
Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosarini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 mart kuni Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo qo`shma komissiyasining navbatdagi yig`ilishi doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari Bayram Annameredovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki davlat o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnilik va o`zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yili mart oyidagi Turkmanistonga davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari O`zbekiston – Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko`tarib, uni sifat jihatdan yangi amaliy mazmun bilan boyitgani ta`kidlandi.

Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, energetika sohalaridagi keng miqyosli hamkorlik istiqbollari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperasiya aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

2017 yilda O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qildi. Yuqori qo`shimcha qiymatga ega mahsulotlarni o`zaro etkazib berish ko`rsatkichlari ham oshib bormoqda.

Turkmanobod – Farob yangi avtomobil va temir yo`l ko`priklarining ishga tushirilishi hamda yuklarning temir yo`l tranzitida o`zaro chegirmalar taqdim etilishi yuk tashish hajmi va ikki mamlakat tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Chegaraoldi mintaqalar o`rtasidagi aloqalar, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik faollashyapti.

Davlatimiz rahbari erishilgan kelishuvlarning o`z vaqtida amalga oshirilishini ta`minlash, navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko`rishning samarali mexanizmi sifatida Hukumatlararo qo`shma komissiya faoliyatiga yuksak baho berdi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

B.Annameredov Turkmaniston tomoni keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki qardosh davlat o`rtasidagi do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1