1

Shavkat Mirziyoev odamlarning talab va istaklarini amalga oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi

Siyosat 03.03.2018, 07:43
Shavkat Mirziyoev odamlarning talab va istaklarini amalga oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Xatirchi tumanida Navoiy viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari viloyatda 2017 yilda bajarilgan ishlar, joriy yilda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar haqida ma`ruza qildi.

Navoiy viloyati boy tabiiy resurslarga, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Bu boylikni xalqimiz manfaati yo`lida ishlatish, yangi ish o`rinlari yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qiymati 3 milliard dollar bo`lgan 27 ta investisiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar natijasida 2026 yilga borib kombinatning ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qo`shimcha ish o`rni yaratiladi.

Qishloq xo`jaligi sohasida ham tarkibiy o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda paxta etishtirish va uni qayta ishlash to`liq klaster usuliga o`tmoqda. Fermer va tadbirkorlarning daromadi oshib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

Odamlarning dunyoqarashi, mehnatga munosabati o`zgarmoqda. Dunyoqarashni nima o`zgartiradi – ilm, daromad, manfaat, dedi Shavkat Mirziyoev.

Shunday klasterlar namunasi asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Suv tejaydigan texnologiyalar asosida meva-sabzavot etishtirishni ko`paytirish, yaylovlarda qorako`lchilik va echkichilikni rivojlantirish, Nurotada pistachilikka ixtisoslashgan o`rmon xo`jaligi tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida foydalinilmayotgan imkoniyatlarni tahlil qilib, ularni ishga solish orqali odamlarni ish bilan ta`minlash, moliyalashtirish bazasini kengaytirish, mahalliy byudjetlarni mustahkamlash zarurligini ta`kidladi. Xorijiy investisiyalarni jalb etish, imortni qisqartirish va eksportni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi.

Viloyatni ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash, ko`p qavatli uy-joylar qurish, aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalar hal etildi. Xususan, arzon uy-joylar qurish o`tgan yilgiga nisbatan ikki barobar oshiriladigan, viloyat sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish va shifoxonalarni jihozlash uchun 4,5 million dollar mablag` ajratiladigan bo`ldi. Kam ta`minlangan oilalar to`ylarini davlat tomonidan ixcham tarzda o`tkazib beruvchi jamg`arma tashkil etilishi ma`lum qilindi.

Videoaloqa orqali boshqa tuman va shaharlardagi odamlar bilan muloqot qilindi. Davlatimiz rahbari ularning talab va istaklarini bajarish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Navoiy viloyatining mehnatkash aholisi belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, har tomonlama rivoj topishiga ishonch bildirildi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1