Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning IV sammiti yig`ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin 20 may kuni Xitoy rahbarining Shanxay shahridagi qarorgohida uchrashuv o`tkazdi. Suhbat chog`ida tomonlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro munosabatlarning bugungi holatini yuksak baholadi va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilashda bunday uchrashuvlar muhimligini ta`kidladilar, deya xabar beradi O`zA.
Davlatimiz rahbari o`zaro hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etib, Xitoy rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
XXR Raisi mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta`kidladi. Si Szinpin O`zbekiston rahbari bilan bundan buyon ham yaqin shaxsiy muloqotni davom ettirishga, ikki tomonlama munosabatlarda “yanada yuksak marralarga erishish uchun barcha sa`y-harakatlarni ishga solishga” tayyor ekanini qayd etdi.
Xitoy rahbari davlatlarimiz o`rtasida mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish lozimligini ta`kidladi. Si Szinpin O`zbekiston mintaqadagi muhim davlat ekanini qayd etib, Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi ishonchni, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot borasida mamlakatimiz bilan o`zaro sa`y-harakatlarni birlashtirishni taklif etdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning 2013 yil sentyabr oyida O`zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda tarixiy voqea, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi munosabatlarning tobora mustahkamlanib borayotgan asoslarining amaliy ifodasi ekani ta`kidlandi. Toshkentda bo`lib o`tgan muzokaralar yakuni bo`yicha Islom Karimov va Si Szinpin Do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo`shma deklarasiyani imzoladi. Shuningdek, texnik-iqtisodiy hamkorlik to`g`risida hukumatlararo bitim, iqtisodiy, moliyaviy, neft-gaz, ta`lim sohalaridagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Ayni paytda O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi aloqalar Do`stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma hamda Strategik sheriklik o`rnatish to`g`risidagi qo`shma deklarasiya ruhida barcha sohalarda rivojlanmoqda. O`zaro manfaatdorlikka asoslangan ushbu hamkorlik munosabatlarning barcha yo`nalishlarini qamrab olgan. Bunda davlat rahbarlarining o`zaro ishonch va hurmat ruhidagi shaxsiy muloqotlari muhim omil bo`lmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar va tashriflar muntazamlik kasb etgan.
O`zaro savdo aylanmasi hajmining barqaror o`sib borayotgani ham diqqatga sazovordir. Masalan, so`nggi olti yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 6 barobar oshdi va 2013 yilda 5,2 milliard dollarga etdi.
Eslatib o`tish joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil iyun oyida Xitoyga tashrifi chog`ida o`ttizdan ortiq investisiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan 5,3 milliard dollardan ziyod miqdordagi hujjatlar imzolangan.
XXR Raisining 2013 yil sentyabr oyida O`zbekistonga davlat tashrifi doirasida umumiy qiymati 15 milliard dollarga teng loyihalarni amalga oshirishga oid 31 hujjat imzolandi. Ushbu hujjatlarda Xitoydan 7,7 milliard dollarlik moliyaviy resurslar, shu jumladan, Xitoy kompaniyalarining 1,3 milliard dollarlik to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari, ushbu mamlakat banklarining 6,1 milliard dollarga teng kredit mablag`lari va 0,3 milliard dollarlik davlat grantlarini jalb etish ko`zda tutilgan.
O`zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 466 korxona, jumladan, to`la Xitoy sarmoyasi bilan tashkil etilgan 77 korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Xitoyning 71 kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan.
Noxomashyo va yuqori texnologiyali sohalarda ham investisiyaviy sheriklik izchil rivojlanmoqda. O`zbekiston va Xitoy hukumatlari o`rtasida 2010 yilda imzolangan Hamkorlik dasturi bu borada muhim asos bo`lib xizmat qilmoqda.
O`zbekiston XXR rahbariyati tomonidan 2011 yilda ilgari surilgan Xitoy kompaniyalari ishtirokida O`zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parkini tashkil etish to`g`risidagi tashabbusni qo`llab-quvvatladi. Ushbu maqsadda 2013 yilning mart oyida Sirdaryo viloyatida filiali bo`lgan “Jizzax” maxsus industrial zonasi tashkil etildi. 2013 yil iyun oyidan boshlab ushbu industrial zona hududida mobil telefonlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.
Joriy yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasida Xitoy kompaniyalarining qiymati 50 million dollardan ziyod to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari ishtirokida o`n beshdan ortiq qo`shma loyihani amalga oshirish ko`zda tutilgan.
Yoqilg`i-energetika kompleksida ham XXR bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Markaziy Osiyo – XXR gaz quvurining to`rtta tarmog`i ham O`zbekiston Respublikasi hududidan o`tishi neft-gaz sohasida yuksak darajadagi o`zaro ishonch va yaqin hamkorlikdan dalolat beradi.
Xitoy Milliy neft-gaz korporasiyasi nafaqat istiqbolli uglevodorod konlarini o`rganish va ularni o`zlashtirish, balki Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash loyihasini amalga oshirishda ham qatnashmoqda.
Mamlakatlarimiz o`rtasida eng qisqa temir yo`l tarmog`ini barpo etish o`zaro iqtisodiy hamkorlikning dolzarb strategik yo`nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo, undan keyin Janubiy Osiyo mamlakatlariga chiqishini ta`minlaydi. Mazkur yo`nalish Angren-Pop temir yo`li qurilishi loyihasini o`z ichiga olgan. «O`zbekiston temir yo`llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi va Xitoyning «China Railway Tunnel Group» kompaniyasi o`rtasida dovondan tunnel orqali o`tadigan Angren-Pop temir yo`lini qurish bo`yicha umumiy qiymati 455 million dollarlik shartnoma imzolandi va xitoylik hamkorlar ishtirokida 2013 yilning iyun oyida mazkur yo`l qurilishi boshlandi.
Moliyaviy sohadagi hamkorlik, jumladan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki bilan aloqalar faol rivojlanmoqda. Xitoy moliya institutlarining jami kreditlari hajmi 4,5 milliard dollardan, shu jumladan, hukumat kafolatisiz kreditlar 3,5 milliard dollardan oshdi.
Ta`kidlash joizki, Xitoy Davlat taraqqiyot banki energetika, transport, telekommunikasiya, sog`liqni saqlash, ta`lim va boshqa yo`nalishlardagi umumiy qiymati 3,8 milliard dollardan ziyod turli loyihalarda ishtirok etmoqda.
Xitoyning Eksimbanki tomonidan 2005 yildan boshlab umumiy qiymati 1,15 milliard dollarlik 32 loyihani moliyalashtirish tasdiqlangan.
Mamlakatlarimiz o`rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni, fan va texnika, turizm sohalaridagi hamkorlikni ham yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga egadir. Ta`kidlash kerakki, 2013 yil 15 may kuni Shanxay shahrida Xitoyda birinchi marta Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy-tadqiqot instituti negizida O`zbekiston tadqiqotlari va ta`lim almashuvlari markazi ochildi. Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian, Navoiy va Chjuchjou shaharlari, Toshkent viloyati va Xunan viloyati, Samarqand viloyati va Shensi viloyati o`rtasida birodarlik aloqalari o`rnatilgan.
Ikki davlat rahbarlarining bu galgi uchrashuvi O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida o`zaro manfaatli va serqirra hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarishga va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezident Islom Karimov samimiy suhbat va samarali muloqotdan so`ng XXR Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash sammitiga a`zo davlatlar rahbarlari sharafiga tashkil etilgan Xitoy san`at ustalarining tantanali konsertiga tashrif buyurdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.