1

KAMPIR

Mutolaa 03.03.2018, 17:49
KAMPIR

Taqdir bizni ikki xil yo`l bilan — istagan narsamizni bermay va istamaganimizni muhayyo qilib sinaydi.

Anri-Frederik Amel

Kampir yo`lga chiqdi. Ko`zi xira, qaddi teng bukilgan. Odim otadi, yo`l unmaydi. Qo`lida tol hassa.

Bugun singlisining qirqi. Bormasa bo`lmas.

Gil tuproq yo`l. Oyoq do`p etib gilga kiradi, gil pov etib tepaga ko`tariladi.

Ikki yuz metrlar yursa, katta ko`cha. Undan avtobusga o`tirsa, bir soatlik yo`l. Duoi fotihaga qo`shilmasa bo`lmas.

Kelin borsa bo`lardi, aksiga dalada ish qistov. Ro`zg`or va tomorqa ham shuni bo`ynida. Bola-chaqa, osh-ovqat deganday... O`zi borgani ma`qul.

Mana, singil ham ketdi. Borar manzil o`zigayam u qadar uzoq qolmadi-yov.

Jiydazordan o`tdi. Jiydazorni rahmatli choli ikkalasi barpo qilishgan. Bu yurtlarda bularnikiday baland o`sgan, qandaydir sirli va katta jiyda daraxtlari yo`q hisob.

Jiydazorda to`qqizta sigir, to`rtta ho`kiz, beshta buzoq, ikkita eshak bog`log`lik. Yigirmata kurka, to`rt yuztacha tovuq-xo`roz don cho`qilab yuribdi. O`n quti asalari ham bor.

Majolsiz qadam olayotgan bo`lsa-da, hali beli baquvvat. Kunda-kunora non yopadi. Ertalab va kechki payt sigir sog`adi. O`choqqa o`t qalab, sut pishiradi. Qopqog`i bor sirli chelaklarda qatiq ivitadi.

Oh-oh-oh. U ivitgan qatiq yuzasi bir qarichcha qaymoq bog`laydi. Shaharlik nevaralari har kelganida tani yayrab ichishadi. So`ng qatiqqa suv aralashtirib, ayron chayadi. Yuziga yig`ilgan moyni ajratib olib, qozonda kuydiradi. Bay-bay, sariyog`misan-sariyog` bo`ladi. Bir litrlik shisha bankalarga solib, og`zini elim qopqoq bilan bekitadi-da, nim qorong`i salqin xonaga qator terib qo`yadi. Ayronni chakki xaltaga solib, suvini chakillatib qo`yadi.

Choli asalari ko`paytirardi. Asal ham o`zlaridan chiqardi. Bidon-bidon asal. Birov qayrilib qaramasdi. Hammaning ko`zi to`ygan.

Har kuni tushlik ovqatga bir tovuq so`yib, go`shtini tozalab, keliniga beradi. Kelin qozonni o`zi osadi. Qo`li shirin-da tushmagurning. Agar mehmon kelib qolsa, yana bir-ikki tovuq so`yiladi. Suyuq ovqatlarga butun-butun tovuq go`shtini solib qaynatishadi. Ko`pincha xamirni to`rtburchak kesib qo`shib yuborishar, shunda ovqatmisan-ovqat bo`lar edi. Tush mahali katta qozonda pishgan bu taom dalaga kelgan ishchilardan tortib, Xudoning bergan kuni yo`qlab keladigan qizlari, kuyovlari, alohida uy qilib chiqib ketgan boshqa o`g`illari va kelinlariga ham etib ortardi.

Qirqqa yaqin nevarasi katta uy atrofidagi soya-salqin gujumlar tagida maza qilib o`ynashardi. Eski temir chelaklarni ko`tarib, keng atrofdagi har burchakdan — tovuqxonadan, og`ilxonadan, tom ustlaridan, somonxonadan, jiydazordan tuxum terishardi. Kuniga kamida to`rt yuz-besh yuzta tuxum yig`ilardi. Nevaralar uchun tuxum yig`ish maroqli o`yin kabi. Kim kurka tuxumiga duch kelib qolsa, undan baxtli odam yo`q.

Uy oldidan shig`ir (arava) yo`l, undan keyin esa eni 5 metrlar keladigan yop (kanal) o`tgan. Yopga suv huv naridagi arnadan keladi.

Mana o`sha arnaga etay deb qoldi. Arna yoqalab yana yuz metrcha yurishi kerak. Buncha unmadi bu yo`l. Jadallamasa bo`lmaydi.

Hali kun yoyilmagan bo`lsa-da, oftob erni kuydiraman deydi. Bilq-bilq gil tuproq yo`l ortda qoldi. Arna bo`yi ko`chasiga tosh to`kilgan. Tuprog`i ham qatqaloq.

So`l tomonda yakkam-dukkam xonadonlar. Xonadonlar oralig`i uzoq. Manavinisi eng yaqin qo`shnisining uyi. Qo`shnisi rahmatlini Ivan deyishardi. Asl ismini hech kim bilmaydi, bilsayam birov eslamasdi, yo unutgan bo`lardi.

Ularning hatto farzandlarining ismlari ham bir xil — O`g`iloy, Sa`dulla, Nazira... Tavba, chekka bir qishloqning ovloq bir go`shasida yashaganliklari uchun o`sha paytlari qo`shnisi farzandiga qanday ism qo`ysa, rahmatli choli ikkalasi ham farzandlariga o`sha ismlarni qo`yaverishibdi.

Yo`l qurg`ur ado bo`lmadi-bo`lmadi-da. Bir amallab bekatga etib borsa, bas. Avtobus ertalabki soat to`qqizda va tushdan keyin to`rtda keladi. Boshqa qatnov transportining o`zi yo`q. Ko`p zamonlar ilgari singlisi uzoq qishloqqa kelin bo`lib ketuvdi. Naq to`qayzorning yonidagi ovulga. O`sha yurtlarda qoldi suyagi.

Etmish etti bahorni ko`rdi. Dunyoga keldi, esini tanidi — mehnatni ko`rdi. Ikki yoshidan singlisining belanchagini tebratishga o`rgatishdi, to`rt yoshidan qamish o`rib kelishga chiqdi. Qaysar qamishpoyalar nozik qo`lchalarini tilib-tilib kesib tashlar, yirtiq kalishidan oyog`iga sanoqsiz tikanlar sanchilardi. Qamish poyalarini quritib qo`yib, chiy to`qirdi. Buni unga uydagilari o`rgatishgan. Sal esi kirganidan so`ng yakshanbada eshak aravaga chiy yuklab, sotib kelish uchun akasi bilan bozorga jo`nardi.

Bu joylar tun cho`kkanida vahimali bo`ladi. Ilgarilari ham shunday edi, hozir-da shunday. Shirin uyquga cho`mganingda yaqinginada uligan shoqol ovozlari eshitiladi. Tovuqqa kelgani aniq. Esa ebdi-da, deb o`ylaydi, shuncha tovuq bo`lsa... Shoqol besh-o`ntasini egani bilan tugab qolarmidi.

Esida, o`n to`rt-o`n besh yashar qiz edi o`sha paytlari. Dalaga ishga chiqardi. Dala ovuldan olis edi. Ishga tongotarda kelardi, ammo qaytishda vaqt allamahal bo`p ketardi. Paxtasini o`lchatganiga dovur qorong`i tushib bo`lardi. Uyga poyi piyoda kimsasiz shig`ir yo`ldan yurib kelardi. Shig`ir yo`li arava g`ildiraklari ezgan ikki qator so`qmoq. Zamonlar yaxshimidi, odamlarmi, bilmaydi. Xira oy yorug`ida narigi so`qmoqdan kelayotgan erkak sharpasini ilg`aydi. Mana, u chap tomondan yurib kelyapti, bu o`ng tomondan... Masofa qisqargani sayin yuragi dupurlaydi, qo`rqadi. Ammo erkak o`z yo`lidan jimgina o`taveradi, bu o`z yo`lidan.

O`sha odamlarda iymon kuchlimidi, insof kuchlimidi, loaqal so`z qotmagan. Agar “Qaerga ketyapsan?” deb so`raganidayam, yuragi yorilib o`lardi. Qo`rqqanga qo`sha ko`rinadimi, yo juda yoshmidi, uyga qaytayotganida hamisha mavhum hodisotlarga duch kelaverardi.

Mana, asfalt yo`lga etay deb qoldi. Arnaga katta to`r tutishibdi. O`g`li va o`rtoqlari qilishgani aniq. Necha zamonlardan beri bu to`r shu arnada baliq tutadi. Baliq ham tugab bo`lgandir-ov.

Hozir baliq qimmat. Odamlar bitta qo`ymay bozorga olib chiqishyapti. Tavba, bir paytlar katta doshqozonlarda haddan ortiq semirib ketgan laqqa baliq go`shtlarini qovurishardi. Rahmatli choli ovchi edi, ba`zan dasturxonlarini tustovuq, quyon go`shti bezab qolardi.

Mana bekat. Va nihoyat etdi-ya bir amallab. Aslida bu erda bekatni eslatuvchi hech nima yo`q. G`ishtday keladigan bir-ikkita tosh bor, xolos. Charchagan kishi shunda o`tirib, avtobus kutadi. Sal narida ikki bo`z yigit turishibdi. Kimni nevarasi ekan bular? Ular tavoze bilan salom berdilar. Mayingina ming`illab alik oldi.

Balki mehmonga kelishgandir, bu erlikka o`xshamayapti ko`rinishlaridan. Shu taxlit toshga cho`kkaladi-da, oftob tig`ida o`tirib, avtobusni kutdi.

Ancha vaqt o`tirdi, yoniga o`girilib, cho`p bilan er chizib o`ynab o`tirgan bolakayni ko`rdi. Nevarasimi? Voy tavba, bu qachon ergashdi ekan?

Aslida bu mayda bolacha kenjatoyining kenjatoyi. Ba`zi chevaralaridan ham kichkina shu nevarasi. Ammo shuni yaxshi ko`radi-da. Chevaralar ko`p bo`lgani bilan, tez-tez kelib turgani bilan alohida xonadonda, boshqa muhitda ulg`ayishyapti. Bu kichkintoy shu uyda tug`ilib, o`ziga ergashib katta bo`lyapti. Mehr ko`zda-da bari bir. Har kun ko`rganingga tushadi.

Ha, ana avtobus ham keldi. Yo`l chetidagi tuproqni changitib to`xtadi. Tirishib-tirmashib, boyagi o`spirinlarning ko`magida bir amallab chiqib oldi. Erkatoy nevarasi uning yoniga, o`rindiqqa cho`kdi. “PAZ” bir silkinib oldi-yu, asfalt yo`lda ketayotganiga qaramay sakrab-sakrab yo`lida davom etdi.

Bu paytga kelib kun yoyilib, oftob temir mashinani ham qizdira boshladi. Kampir lohaslandi, avtobus derazalari ochiqligiga qaramay, havo dim edi. Qimir-qimir, qimir-qimir... Shu nevarasi ko`p chuldirayvermaydi-yu, faqat o`yinqaroq, bir joyda tinch o`tirolmaydi. Endigina besh yoshga to`lay deb turgan bo`lsa-da, o`z bilganidan qolmaydi. Hozir ham onasining gapiga kirmay ortidan iyargani ma`lum. Aks holda kelini buni egniga tuzukroq bir kiyim ilgan bo`lardi. “Enam bilan ketaman”, degan-u, onasining hay-hayiga qaramay chopqillab kelavergan.

Ey xudoyim-ey, avtobus tormoz berdi. Etib kelishdi. To`qayzorni yoqalab hali ancha piyoda yurishlari ham kerak. Munkillab-sunkillab, ikki qo`lini orqasida birlashtirib, yo`lga tushdi. Nevarasi qandaydir cho`p-tayoqni topib olgan, o`sha bilan er chizib, goh undan o`zib ketadi, goh orqada qoladi. Ammo bir so`z demaydi. O`ziga o`zi gapirinsa-da, savol beraverib, buvisining jig`iga tegmaydi.

Ketib boryapti. O`ng tomoni to`qayzor, chap tomoni daryo. Hozirgina shu daryoning narigi betidan o`tib kelishdi. Ular chiqqan avtobusni ham parom boshqa ulovlar va yo`lovchilar bilan qo`shib, shundoqqina daryoning bu betiga o`tkazib qo`ydi.

Tunukalari ko`chib, choponning yirtig`iday har-har joyi ochilib qolgan, ancha yillardan beri ta`mirlanmagani ko`rinib turgan temir ko`prik ancha olisda. Odamlar va ulovlar masofani qisqartirish uchun parom orqali narigi betga o`tishadi.

To`qay ham faqat shu joylardagina qoldi hisobi. Bir zamonlar zamona zayli bilan to`qayzorlarga o`t qo`yilganida yovvoyi hayvonlarning jon talvasasida o`kirib, o`zlarini to`rt tomonga otganlarini eslaydi.

Nevarasi qoqilib ketdi. Abjirgina bola-da, o`zini o`nglab qoldi, yiqilmadi. Iligi to`q o`sdi shu kenjatoy. Kasal bo`lganini, injiqlanganini eslolmaydi. Biroq har narsaga qiziqaveradi. Bir qarasa chumolilarni kuzatayotgan, ularning iniga cho`p suqayotgan yoki inni to`ldirib suv quyayotgan bo`ladi. Dakki eshitgach, pastak ko`cha eshigi tepasidagi ari inini turtib tushiradi. Daraxtga chiqib, qush bolasini olib tushib, otasining eski do`ppisiga solib boqmoqchi bo`ladi. It boylog`lik bo`lsa, vovillab ko`radi, mushukning jig`iga tegadi, tovuqlarni quvadi, daraxtdagi qushlarga rogatka otadi.

Yon-atrofda saksovullar o`sib yotibdi. Saksovul juda chiroyli o`sadi. Ham ko`rimsiz, ham o`lik rang, pastakkina, ko`zdan pana. Qish paytida shugina xokisor daraxtni ham tandirga o`tin qilib yoqib bitirishdi. Ilgarigi baland-baland daraxtlar yo`q, bu zaminning daraxtlari bo`yi odamnikidan-da pastlab boryapti. Jannat joylar edi bu erlar. Endi ne ko`yga tushdi, yo ajab.

Ovulga yaqinlab qolishdi. Huv anavi uch paxsali pastqam, devorlari nuragan, suvoqlari nog`oraday-nog`oraday kattalikda har-har joyidan ko`chib tushgan uy. Rahmatli singlisining umri o`tgan go`sha.

Nabira, momo oldinma-ketin kirib bordilar. Kampirning vujudiga keng uyning salqini yopirildi. Kelinlar peshvoz chiqdilar. Ko`zlariga yosh olgan bo`lishdi. Erkak jiyanlari kelib so`rashishdi. Nevarasiga bir siqim shimiladigan konfet berib, tashqariga, kichkinalarning oldiga jo`natishdi. O`zini yuqoriroqqa — xona to`riga o`tqazishdi. U o`tirgan joyida hamma bilan bir-bir so`rashdi.

Keng xonaga devor yoqalab ko`rpacha to`shalgan. Do`konlarda sotiladigan kleyonka dasturxonni qaychi bilan teng ikkiga kesib, ko`rpachalar bo`ylab solib chiqilgan. Choy keldi. Har-har joyga uchta-uchtadan kichikroq obi non, dag`al qora undan pishirilgan bo`g`irsoq, kichkina plastmassa taqsimchalarda parvarda, yana shunday taqsimchalarda pomidor-bodringdan to`g`ralgan salat, kattaroq likoplarda to`rt dona sho`r olma ustiga qo`yilgan bir bosh uzum, boshqasida bir kapgirdan sabzilari yirik-yirik to`g`ralgan osh. Bori shu.

Kampir choydan ho`plab-ho`plab ichdi. Oshdan cho`qinib qo`ydi. Salatni nari surib, bir dona uzumni g`ujumidan uzib, og`ziga soldi. Non, bo`g`irsoqqa teginmadi.

Nevarasini tashqari hovlida ovqatlantirishgan bo`lishsa kerak. To`y-ma`rakalarda birinchi bo`lib bolalarning qornini to`ydirish odatga aylangan.

Odam ko`p bo`lsayam — jimlik, hamma oyoq uchida yuribdi, pichirlab gaplashishyapti. Odatda yoshi o`tgan kishilar vafot etganida keyingi ma`rakalarda yig`i-sig`i qilaverishmaydi. “Iymonini bersin”, deyishadi.

Ayollarning biri “Mulla tilovatni boshladi” degan xabarni keltirdi. Shundoq ham jim o`tirgan ayollar endi boshlarini egib, bir nuqtaga qaragancha qotib qolganday edilar. Erkaklar o`tirgan uydan mullaning qiroat bilan Qur`on suralarini o`qiy boshlagan ovozi eshitildi. Uzoq o`qidi.

Xabar beruvchi ostonaning u tomonida turib tilovat tugaganini, qo`llarni fotihaga ko`tarish kerakligini imo qildi.

Jami chin dunyoga rihlat qilgan mo`min-musulmonlarning haqiga, shu xonadondan o`tganlarning haqiga, marhumaning haqiga duo o`qildi. Marosim tugadi.

Ikki uyni to`ldirib o`tirgan erkak-ayol, ko`chadagi bola-baqra bir necha daqiqalarda birin-ketin tarqab ketdi. Kampir hali ayollar to`lib o`tirgan xonada bir o`zi qoldi. Nevarasi kelib pinjiga suqildi. Endi singlisining o`g`il-qizlari, kelinlari, kuyovlari, nevaralari kelib, boshqatdan hol-ahvol so`rashib, ko`rpachalarga cho`kkaladilar. Anchaga dovur gurunglashib o`tirdilar. So`ng fotiha o`qib, jiyanlarining hay-hayiga qaramay avtobusga kech qolmay deb o`rnidan turdi. Kelinlar qo`liga non, qand-qurs tugilgan tugun tutqazishdi. Nabira jiyanlardan biri bekatgacha motosiklda tashlab keladigan bo`ldi.

Motosikl aravachasiga bir amallab chiqib oldi. Nevarasi ham amal-taqal yoniga joylashdi. O`ydim-chuydim ko`chadan tarillab yurib, birpasda avtobus to`xtaydigan joyga etib kelishdi. O`spirin ularni qoldirib, o`zi ortiga qaytib ketdi.

Vaqt asrdan o`tgan, bekatda hech kim yo`q. Kechga tomon kim ham yo`lga otlanardi. Endigi keladigan avtobusda ertalab bozor-o`charga ketganlar qaytishadi, ammo bu yoqdan bir-ikki kishi chiqsa chiqadi, chiqmasa yo`q.

Kun issiq. Kampir lohaslanib, tol soyasidagi yarimta pishiq g`isht ustiga o`tirdi. Ko`zi ilinib ketyapti. Uydaligida tush payti dumaloq yostiqqa bosh qo`yib, bir nafasgina mudrab olardi. Bugun uyqusini yo`qotib, mast odamdek gangib o`tiribdi. Nevarasi tetik, bir nimalar bilan kuymalanib yuribdi. Goh tuproq erga nimanidir chizadi, goh toshlarni yig`ib, uychaga o`xshagan bir nimalar quradi.

Ancha poyladilar, ko`p kutdilar. Avtobusi qurib ketsin, yo`l-po`lda buzilganmi, nima balo? Issiq elitdi, tol tanasiga suyanib, ko`zi mizg`ib ketib qoldi.

Bola o`zi o`ylab topgan har xil o`yinlardan zerikdi. Kattaroq xivich topib, kamon yasab ko`rmoqchi bo`ldi. Ana u erda tayoq yotibdi. Olib, u yoq-bu yog`ini ko`rdi. Yo`q, bo`lmaydi. Tashladi. Kamonga mos novda qidirib, qiziqsinib to`qay ichkarisiga qarab keta boshladi. Aksiga olib topganlarini qayirib ko`rishi bilan sinib ketaverdi. Yanada ichkarilab ketaverdi.

...Avtobusning bo`g`iq signalidan cho`chib ko`zini ochgan kampir garangsib o`rnidan turdi. Kun shomga tomon og`a boshlabdi. Bu zormanda rosa kech qoldi-da o`ziyam. Zinalariga urinib-surinib bir amallab bo`m-bo`sh ulovga chiqdi. Chap tomondagi o`rindiqqa joylashishi bilan g`ildiraklar qo`zg`aldi, orqasida quyuq chang ko`tarib, ilgari eldi.

Kampir pinakka ketgandek ko`zlarini yumdi. Bolalik paytlarini, singlisining belanchagini tebratib o`tirgan damlarni esladi. Go`yo o`sha onlarga qaytgandek xayoli uzoq-uzoqlarga uchdi.

Keyingi bekatlarda ham bir-ikki kishi chiqdi. Daryodan o`tib, ovuli yaqinida tushib qolganida atrofga qorong`ilik pardasi tortilib borardi. Uyga qadar sekin piyoda yurib bordi. Kelini sut sog`ilgan chelagini ko`tarib molxona tomondan kelayotgan ekan.

– Keldingizmi, ena? Yaxshi yurishgan ekanmi hammalari? – dedi. So`ng qo`lidagi chelakni ayvondagi ilgakka osdi-da, ustiga doka yopib, kampirga qayta peshvoz chiqib, qo`lidagi tugunni oldi. Ichkari tomon bir-ikki qadam bosib, ortiga o`girilib so`radi:

– Nevarangiz qani, hojatga o`tdimi?

– A? – dedi kampir birdan talmovsirab. Shilq etib tuproq erga o`tirdi-da, keliniga qarab “Bola qani?” dedi.

...O`g`li bir-ikkita do`stini olib, bolani qidirishga ketdi. Xufton kirib qolganda qaerdan ulov topadi endi? Kelini esidan og`gan, katta nevaralari onasini elpiydi. Kampir bir burchakda g`ujanak bo`lib o`tiribdi. Shuncha yashagani nima bo`ldi-yu, hozir o`ziga o`lim tilab o`tirgani nima bo`ldi. O`g`li ulov topgani taqdirdayam, kechasi daryodan o`tish, katta to`qaydan kichik bolani qidirish...

“E Xudo, jonimni ol”, dedi kampir ichida. “Jonimni ol, Yaratgan!”

Bir umr yashash uchun kurashib, o`limni engib keldi. Mana endi jon-jahdi bilan o`lishga oshiqyapti.

* * *

Ertasiga kun yoyilib qolgan payt ikki o`rtog`i bilan o`g`li maykachan, bir qo`lida ko`ylagiga tugilgan allanima bilan kirib keldi. Bittasining qo`lida ov miltig`iyam bor.

– Bolam qani? – jonholatda eriga peshvoz yugurdi kelini.

– Topolmadik, – uning o`rniga javob berdi o`rtog`i boshini quyi solib.

– Bu nima? – ko`zlari ola-kula bo`lib tugilgan erining ko`ylagini apil-tapil echa boshladi kelini.

Tugun suyaklar bilan to`la edi, yosh bolanikiga o`xshab ketadigan suyaklar bilan...

Kampirning tilagi ijobat bo`lmadi, Yaratgan jonini olmadi. “Bunday kunni ko`rganimdan ko`ra o`lganim yaxshi edi, o`lib ketganim yaxshi edi” ko`nglidan o`tkazdi titraganicha.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1