Kecha Oliy liganing 9-turidan o`rin olgan "Paxtakor" hamda "Navbahor" klublari o`rtasidagi uchrashuv bo`lib o`tdi.
Unda 2:1 hisobi qayd etilib, toshkentliklarning g`alabasi bilan yakunlandi. Igor Sergeev uchrashuvning 5-daqiqasida hisobni ochib, maydon egalarini oldinga olib chiqdi. Oradan besh daqiqa o`tar-o`tmas Baxtiyor Yoqubov "Navbahor"ning javob golini yo`lladi. Qo`shib berilgan daqiqalarning so`nggi soniyalarida Boyan Miladinovich penaltidan ikkinchi golni kiritdi va maydon egalariga g`alaba keltirdi.
Uff.uz saytining bergan ma`lumotiga ko`ra, ikkinchi to`p 97-daqiqada kiritilgan. Championat.Asia saytining bergan ma`lumotiga ko`ra esa gol 94-daqiqada kiritilgan. Shunga o`xshash vaziyat "Dinamo"-"Paxtakor" uchrashuvida ham kuzatilgan bo`lib, o`shanda ham "Paxtakor" futbolchilari so`nggi daqiqada to`p kiritishgan va sport nashrlari gol urilgan daqiqalarni turli xil qilib ko`rsatishgan. Ushbu uchrashuvda samarqandliklar hakam harkatlaridan norozi bo`lishgan edi.
"Paxtakor"-"Navbahor" uchrashuvidan so`ng o`tkazilgan matbuot anjumanida esa "Navbahor" murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov hakam o`yinni o`ldirganini aytib o`tdi.