1

Lord Muhammad Iltaf Shayx: “Agar Mirzo Ulug`bek hozir hayot bo`lganida, oyga o`zbeklar birinchi bo`lib safar qilgan bo`lardi”

Madaniyat 05.03.2018, 12:55
Lord Muhammad Iltaf Shayx: “Agar Mirzo Ulug`bek hozir hayot bo`lganida, oyga o`zbeklar birinchi bo`lib safar qilgan bo`lardi”

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga safari chog`ida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, o`tgan qisqa fursatda yurtimizda diniy-ma`rifiy sohada katta islohotlar, ijobiy o`zgarishlar ro`y bergani, O`zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi tashkil etilgani, galdagi vazifa – ushbu tuzilmalar bilan xalqaro markazlar o`rtasida ilmiy aloqalarni yo`lga qo`yish, xalqaro konferensiyalar o`tkazish, buyuk ajdodlarimiz merosini dunyo bo`ylab keng targ`ib etish bo`yicha topshiriqlar bergan edi.

Ana shu maqsadda Buyuk Britaniyaga safar qilgan O`zbekistonning etakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegasiya, xabar qilganimizdek, mazkur mamlakat ilmiy doiralari, ta`lim va madaniyat muassasalari vakillari, ziyolilar, diniy soha namoyandalari bilan uchrashuv va muzokaralar o`tkazmoqda.

O`zbekistonning Londondagi elchixonasida bo`lib o`tgan tadbirda Buyuk Britaniyaning yirik siyosat arbobi, Parlamentning Lordlar palatasi a`zosi Muhammad Iltaf Shayx boshchiligida ushbu mamlakat naqshbandiylik tariqati vakillari, ulamolar, turistik kompaniyalar mutasaddilari qatnashdi. Uchrashuvda O`zbekistonda diniy-ma`rifiy sohada ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlar, ziyorat turizmini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, halol standartning joriy etilgani, yurtimizdagi tabarruk qadamjolarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar xususida ma`lumot berildi. “O`zbekiston – islom madaniyati javohiri” mavzusidagi taqdimot va film namoyishi bo`lib o`tdi.

— O`zbekiston islom madaniyati, fani rivojiga ulkan hissa qo`shgan. Agar Ulug`bek hozir hayot bo`lganida, oyga o`zbeklar birinchi bo`lib safar qilgan bo`lardi. Al-Xorazmiy bo`lmaganida zamonaviy texnologiyalar ham bo`lmas edi. Ibn Sino asarlari asosida Evropa tibbiyotni o`rgangan. Biz radikallashuvga O`zbekiston madaniyati va ma`rifati bilan qarshi kurashishimiz kerak. Sizlar Imom Buxoriy hadislarini ingliz tiliga tarjima qilib, sharhlab bering. Biz bu kitoblar bilan jaholatga qarshi kurashamiz, — dedi Lord Muhammad Iltaf Shayx.

Aytish joizki, Britaniyada buyuk ajdodlarimiz Abduxoliq G`ijduvoniy asos solgan va Bahouddin Naqshband takomiliga etkazgan Xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari iqtiqomat qiladi. Ularning 70 dan ziyod jamoalari bu o`lkaning turli shaharlarida keng tarqalgan.

— O`zbekistonda Bahouddin Naqshband hazratlari va tasavvuf allomalari ilmiy merosiga qaratilayotgan yuksak e`tibor haqida eshitib, ochig`i, ko`nglimiz tog`dek ko`tarildi, — dedi Londondagi Naqshbandiya tariqati etakchilaridan biri shayx Zimer Solihiy. — Biz uchun Buxorodan olis bo`lgan Londonda turib, inson kamoloti va ruhiy tarbiyasining beqiyos manbasi bo`lgan Naqshbandiya ta`limotiga amal qilish o`ta muhim. O`zbekistondagi etti pir qadamjolarini ziyorat qilish, G`ijduvoniy va Naqshband hazratlarining tavallud sanalariga bag`ishlangan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish orzusidaman. Bu yurt jahonga ma`naviy tarbiya ustozlarini taqdim etgan zamin sifatida hamisha qadrli bo`lib qoladi.

Uchrashuv qatnashchilarining fikricha, O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o`tkazilajak etti pirga bag`ishlangan xalqaro seminar va konferensiyalar shunisi bilan ham ahamiyatliki, u Naqshbandiya ta`limoti ulamolari, tadqiqotchilarini bir erga jamlash hamda ular o`rtasida doimiy muloqot va hamkorlikni yo`lga qo`yish imkonini beradi. Bu esa avvallari kuzatilmagan hodisadir.

Shuningdek, uchrashuvda Buyuk Britaniyada ziyorat turizmi bilan shug`ullanuvchi kompaniya vakillari qatnashib, O`zbekistonga maxsus sayohatlarni tashkil etish istiqbollari haqida muloqot qildilar.

— Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish britaniyaliklar uchun juda ham qiziq. To`g`ri, avvallari ham turistlarimiz O`zbekistonga sayohat qilishgan. Lekin bu kam sonli ziyoratchilarimiz bilan cheklanar va doimiy asosda kechmas edi. Maqsadimiz evropaliklar uchun jozibali marshrutlarni belgilashdir. Britaniyalik musulmonlar islomning muqaddas shaharlari — Makka, Madinadan keyin Samarqand va Buxoroni ziyorat qilishni albatta istashadi, — dedi “El-Sawi” kompaniyasi rahbari X. Al-Saviy.

— Men juda ko`p musulmon yurtlarda, tarixiy shaharlarda bo`lganman, — dedi londonlik imom Muhammad Said. - Hech qanday mubolag`asiz aytmoqchimanki, O`zbekiston haqidagi filmni tomosha qilib, bu muqaddas zaminga mahliyo bo`ldim. O`zbekiston Prezidentining BMT minbaridan turib bildirgan tashabbuslarini eshitdik. Bu — hozirgi murakkab davr uchun g`oyat muhim takliflar. Ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashda islomning asl manbalari — Imom Buxoriy hadislari, Nasafiy tafsirlariga murojaat qilish lozim. O`ylaymanki, islom madaniyatini chuqur anglamoqchi bo`lganlarni O`zbekistonga olib borish zarur. Ular muqaddas dinning haqiqiy mohiyatini shu erda ko`radilar. Meni O`zbekistonda nashr etilgan Imom Buxoriy hadislari to`plami – “Oltin silsila” kitobi juda ham qiziqtirdi. Bugungi kunda nafaqat Evropada, balki boshqa mintaqalarda ham hadislarni turlicha tarjima qilish va sharhlash harakatlari kuzatilayotganini hisobga olsak, bunday ezgu ishni amalga oshirishga islomning mo``tadil, asl g`oyalari tarqalgan diyor, Imom Buxoriyning chin vorislari birinchi galda haqli deb hisoblayman.

Muloqotlar samimiy va do`stona ruhda kechdi. Ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlarni muntazam o`tkazish, Evropa jamoatchiligi uchun O`zbekiston haqida maxsus ko`rgazmalar tashkil etish taklifini bildirdilar, deb yozadi “Jahon” AA.

O`zbekiston delegasiyasining Buyuk Britaniyaga safari davom etmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1