AsosiyJamiyat

Prezident yangi poyezdda Xivaga bordi

Davlat rahbari “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘l infratuzilmasini ko‘zdan kechirdi.

'Prezident yangi poyezdda Xivaga bordi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari yurtimizda ishlab chiqarilayotgan vagonlar va Urganch-Xiva elektrlashtirilgan temir yo‘lini ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunda 465 kilometrlik “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘li elektrlashtirilib, himoya to‘siqlari o‘rnatildi va zarur inshootlar qurilgan. Bu yo‘nalish uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, kelgusi yildan “Jaloliddin Manguberdi” nomi ostida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi. 

Natijada yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Hozirda Toshkentdan Xivaga 14 soatda yetib boradigan poyezd mazkur yo‘nalishda harakatga qo‘yiladigan elektropoyezd imkoniyatlari tufayli 7 soat 40 daqiqada yetib boradi. 

Shuningdek, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligi qariyb 6 million tonnaga yetadi. Hozir bu ko‘rsatkich 1 million tonna. 

Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi qarori asosida vagonsozlik tarmog‘i ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollari yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilgan. Joriy yil birinchi chorakda dastlabki 10 ta yo‘lovchi vagoni qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari ulardagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. 

Kelgusi ikki yilda yo‘lovchi vagonlari soni 70 taga ko‘paytirilib, eski turdagilaridan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Natijada yiliga bir million nafardan ortiq qo‘shimcha yo‘lovchini tashish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu yangi poyezdda jamoatchilik bilan birga Urganchdan Xivaga bordi. Yo‘l bo‘ylab joylardagi obodonchilik, dala chetlarida ekilgan ko‘chatlarni kuzatib bordi. 

Viloyatda o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Yirik sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbog‘”lar barpo etilgan. 

Bu yil erta bahorda ham ziroatchilik ko‘lami kengaydi. Viloyatdagi 1 ming 100 gektardan ziyod dala chetlari va kanallar atrofidagi maydonlarga daromadli mahsulotlar ekildi. Ularni kafolatli xarid qilishga tadbirkorlar biriktirilgan. “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali dala chetlari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka yetkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar