AsosiySiyosat

Ozarbayjon elchisi: “Sayyohlik mavsumi paytida bir oydan ziyod vaqt mobaynida chipta qidirishimga to`g`ri kelgan”

'Ozarbayjon elchisi: “Sayyohlik mavsumi paytida bir oydan ziyod vaqt mobaynida chipta qidirishimga to`g`ri kelgan”'ning rasmi

O`zbekiston va Ozarbayjon — tarixiy qadriyatlari, dunyoqarashi, madaniyati o`xshash, qardosh ellar. Bugungi kunda davlatlarimiz o`rtasida o`zaro manfaatli hamkorlik borasida to`plangan tajribani yanada boyitish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi qo`shma loyihalar va kelishuvlarni izchil hayotga tatbiq etishda muhim sa`y-harakatlar olib borilmoqda.

“Xalq so`zi onlayn” nashri muxbiri Omonulla Fayziev Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Guliev bilan suhbatda bo`ldi.

— Elchi janoblari, avvalo, sizni yaqinlashib kelayotgan Navro`zi olam bilan chin qalbdan tabriklaymiz. Aytingchi, bu bayramning ozarbayjonliklar turmush-tarzida tutgan o`rni qanday?

— Navro`z — Ozarbayjonda o`zgacha shukuhda nishonlanadi. Bayram munosabati bilan aholimiz to`rt kun dam oladi. Bu gal shu to`rt kun shanba va yakshanbaga ulanayotgani bois endi xalqimiz olti kun bayram qilib, hordiq chiqaradi.

Navro`z kunlari qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz yanada keng quloch yozadi. Masalan, o`sha kunlarda har bir xonadonda dasturxon yozilib, u turli eguliklar, shirinliklar bilan to`ldiriladi. Eshikni taqillatib kelgan har qanday kishi uy egasining aziz mehmoni sanaladi va dasturxon to`riga taklif qilinadi. Mehmon ketayotganida esa mezbon, albatta, unga biror sovg`a berib yuboradi.

Bolajonlar bilan bog`liq bir odat ham mavjud. Navro`z kunlarida o`g`il-qizlarimiz bosh kiyimlarini uylar ostonasiga qo`yib, xonadon eshigini taqillatib ketishadi. Mezbon o`sha bosh kiyim ichini sovg`aga to`ldirib, yana ostonaga qo`yishi kerak. Navbatdagi bosh kiyimini qoldirib ketishga kelgan bola esa sovg`ani olib ketadi.

Bog`larda, madaniyat maskanlarida sayillar tashkil etish odatga aylangan. Kech tushganda bayramona kayfiyat ulashish maqsadida mushaklar otiladi.

— O`zbekistonda bugun turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish bo`yicha ko`plab ishlar olib borilayapti. Siz faoliyatingiz davomida Ozarbayjonda O`zbekistonni, uning sayyohlik imkoniyatlarini reklama qilib turasizmi?

— Albatta, bu haqda ko`p takrorlayman. Aslini olganda Ozarbayjonda O`zbekistonni reklama qilishga hojat yo`q. Chunki o`z vaqtida yurtingizda 120 mingdan ziyod ozarbayjonlik yashagan. Ular soni hozir biroz pasaygan bo`lsa-da, ammo ko`plab yurtdoshlarim bu erda ahil-inoq hayot kechirayapti. Ular yaqinlarini ko`rish uchun Bokuga borganida O`zbekistondan ko`plab esdalik sovg`alarini ham olib ketishadi. Bu erdagi o`zgarishlar, bunyodkorliklar haqida gapirishi shubhasiz.

Qolaversa, Ozarbayjon xalqi O`zbekistonning sayyohlik salohiyati, bu erdagi tarixiy maskanlar haqida juda yaxshi biladi. Nafaqat bizda, balki butun dunyoda Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Ichan-qal`a, Buxorodagi joylar ma`lumu mashhur. So`zimning isboti tariqasida bir misolni keltirsam. “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi Bokuga haftasiga ikki marta parvozni amalga oshiradi. Bu yo`nalishda borish va kelish doim yo`lovchilar bilan to`la bo`ladi. Men ham sayyohlik mavsumi rosa avjiga chiqqan paytda bir oy chipta qidirishimga to`g`ri kelgan.

    Boshqa yangiliklar