Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga Leonid Marinichni tayinlash vaqtida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida o`z munosabatini bildirib o`tdi.
“Biz O`zbekistonga nisbatan, haqiqatan ham, to`g`ri va samimiy bo`lishimiz kerak, chunki u erda Belarusni juda hurmat qilishadi. Doim hamkorlikka tayyormiz. O`zbekiston biz uchun ustuvor davlatdir”, deya alohida ta`kidlagan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko.
Belarus etakchisi ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlar Shavkat Mirziyoev Prezidentlikka saylanganidan keyin faol rivojlanib borayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, “Shavkat Mirziyoev juda tajribali, iste`dodli, aqlli va uzoqni ko`ra oladigan rahbardir”, deya aytib o`tgan.
O`z navbatida, Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoev bilan bir necha bor uchrashganini bildirib, “U o`z mamlakatiga qanchalik ezguliklar istayotganini ko`rib turibman. Shavkat Mirziyoev Belarusni yaxshi sherik deb bilganligi biz uchun ham yaxshilik belgisidir. Biz qisqa vaqt ichida juda ko`p ishlarni amalga oshirdik. Shu bois mening yaqin istiqbolda O`zbekistonga qiladigan safarim davomida muayyan vaqt ichida bajarilgan ishlar sarhisobi va munosabatlarimizdagi yangi bosqich xususida fikr almashamiz”, deya qayd etgan.
O`zbekistonda Belarusda ishlab chiqarilayotgan texnikalarga ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, Lukashenko yangi tayinlangan elchiga mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish vazifasini yuklagan.
Ma`lumki, joriy yilda O`zbekiston va Belarus o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 25 yil to`ldi. Shu munosabat bilan yanvar oyida O`zbekiston va Belarus Prezidentlari bir-birlarini qutlab, maktub yo`llagandilar.






