O`zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axborot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan har bir fuqaroga temir yo`l va aviachipta xarid qilish harajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so`m miqdorda beg`araz to`lov bir yilda bir marta amalga oshiriladi.
Bu haqida Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida keltirilgan.
Qaror bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarga temir yo`l va aviachiptalar narxlariga chegirmalar taqdim etish tizimi joriy etiladi. Xususan, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati va O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi 2018 yil 1 apreldan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga plaskart va umumiy vagonlarga temir yo`l chiptalari hamda iqtisodiy klass aviachiptalar narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etadi.
Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketayotgan fuqarolar uchun bank va sug`urta xizmatlari ko`rsatiladi. Jumladan, “Aloqabank”ning soddalashtirilgan ochish shartlari bilan “VISA-migrant” plastik kartalarini joriy etish, hamda “Ipoteka bank” tomonidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari ekvivalentida kredit ajratish ko`zda tutilgan. “O`zagrosug`urta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Rossiya Federasiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni kompleks sug`urta himoya qilish bo`yicha Rossiyada o`z vakolatxonalarini ochish, imtiyozli tariflar bo`yicha temir yo`l va aviachiptalar sotish ixtisoslashtirilgan kassalarda vaqtinchalik fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini sug`urtalashni rasmiylashtirish uchun doimiy tarzda sug`urta agentlarini joylashtirish belgilangan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko`maklashish markazlari tuzilmasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar bilan ishlash sektorlarini tashkil etiladi.
Mazkur sektorlarning asosiy majburiyatlari uyma-uy yurib vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketishni rejalashtirayotgan fuqarolarni aniqlash hamda ular bilan chet elga xavfsiz chiqish va imtiyozli tariflarda temir yo`l va aviachiptalar sotuvi mexanizmi masalalari bo`yicha axborot-tushuntirish va targ`ibot ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.
06.03.2018 16:44
Xorijga vaqtinchalik ishlash uchun ketayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari miqdorida kredit ajratiladi






