AsosiySiyosat

O`zbekiston Prezidenti Rossiya moliya vazirini qabul qildi

'O`zbekiston Prezidenti Rossiya moliya vazirini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 mart kuni ikki tomonlama idoralararo maslahatlashuvlar o`tkazish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federasiyasi moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar, erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish bo`yicha birgalikdagi chora-tadbirlar mamlakatlarimiz o`rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, ko`p qirrali, shu jumladan, moliyaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini alohida ta`kidladi.

Bugungi kunda ikki mamlakat moliya vazirliklari o`rtasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yil aprel oyida Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi chog`ida imzolangan Hamkorlik to`g`risidagi memorandum doirasida yaqin o`zaro hamkorlik yo`lga qo`yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, yuqori toifada va ekspertlar darajasidagi o`zaro tashriflar va ikki tomonlama tadbirlar o`tkazilmoqda, ilg`or tajriba va bilim almashish borasida faol ish olib borilmoqda, qo`shma dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda moliyaviy sohadagi samarali muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Moliya, soliq va bojxona organlarini modernizasiya qilish, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish va mutanosibligiga erishish, moliyaviy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, qimmatli qog`ozlar bozorini rivojlantirish va boshqa yo`nalishlar bo`yicha ilg`or tajriba, texnologiyalar va bilimlarni jalb etish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Yirik savdo va investisiya loyihalarini moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Moliya vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin va hukumati Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Anton Siluanov Rossiya mamlakatlarimiz o`rtasida moliyaviy sohadagi keng ko`lamli va o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligi, bu boradagi sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

    Boshqa yangiliklar