Ma`lumotlarga ko`ra, Olmazor tumanidagi «Oxunguzar» jome masjidi 1850 yilda qurilgan. Ushbu masjid o`zining tarixiyligi va qurilish uslubi bilan ajralib turadi. Tarixiy masjidning yonida joylashgan uyning ayanchli holati masjidga tashrif buyuruvchilar va xorijlik sayyohlarning dilini xira qilishi turgan gap. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy saytiga joylangan xabarda aytiladi.
Mamlakatda sayyohlik sohasiga berilayotgan e`tibor, bu singari kichik kamchiliklar sababli to`siqlarga uchramasligi zarur, deyiladi xabarda. Bunday nurab ketgan devorlar ham masjid ahliga, ham xorijdan keladigan sayyohlarga salbiy ta`sir etishi aniq. Kim ham nuragan devorni ko`rib, bino ichiga kiradi? Masjid xodimlari esa kuniga yuzlab sayyohlarga: bu masjid juda mustahkam deb, tushuntira olmaydilar-ku.
Kelgan sayyoh masjid holati yaxshi bo`lsa-da, yonboshida turgan uy devorining yiqilay deb turganini ko`rib, ushbu obidani ziyorat qilish niyatidan qaytmasligiga kim kafolat beradi?!
O`zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi tashkilot va mazkur uy vakillarini mavjud holat bo`yicha tegishli chora ko`rishga chaqirib qoldi.









