Mamlakatimizda har yili o`rtacha 220-270 kilometr yo`l yangidan qurilmoqda va rekonstruksiya qilinmoqda. Avtomobil yo`llarini takomillashtirish orqali ularning quyi texnik toifadan yuqori toifaga o`tkazilishi transport oqimiga xizmat ko`rsatish darajasini muttasil oshirayotir.
Mustaqillik yillarida qurib, foydalanishga topshirilgan 175 ko`prik, 19 yo`l o`tkazgich kabi transport bog`lanmalari yo`l harakati xavfsizligini ta`minlashga xizmat qilayotir, deb yozadi O`zA muxbiri. Sement-beton va asfalt-beton qoplamali yo`llar uzunligi qariyb 22 ming 650 kilometrga etdi. Avtomobil yo`llarining tog`li hududlardan o`tadigan qismida yo`lsozlarimiz beshta dovon yo`lini bunyod etdi.
Hozir mamlakatimizda 184 ming kilometr avtomobil yo`llari mavjud. Shundan 42 ming 654 kilometri umumiy foydalanishdagi yo`llar bo`lib, uning 2 ming 755 kilometri O`zbekiston milliy avtomagistrali tarmog`idir. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy avtomagistral tarkibiga kiradigan yo`llarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarining jadal amalga oshirilayotgani xalqaro, tranzit va mamlakat ichida yuk va yo`lovchilarni yil davomida bir maromda tashish imkonini bermoqda.
Davlatimiz rahbarining 2010 yil 21 dekabrda qabul qilingan “2011-2015 yillarda infratuzilmani, transport va kommunikasiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to`g`risida”gi qarori yo`l infratuzilmasi hamda servisini takomillashtirishda dasturilamal bo`lmoqda. Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan dasturga ko`ra, mamlakatimizda 2011-2015 yillar mobaynida O`zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi 2 ming 306 kilometr uzunlikdagi yo`llar xalqaro talablar asosida yangidan qurilishi va rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Uning 1 ming 410 kilometri to`rt tasmali, 288 kilometri ikki tasmali qilib, sement-beton va asfalt-beton qoplamasi asosida bunyod etiladi. Magistral bo`ylab ko`plab ko`prik va yo`l o`tkazgichlar, transport bog`lanmalari barpo etish ko`zda tutilgan.
Qurilayotgan yo`l ob`ektlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini 2013 yilda foydalanishga topshirilgan Qo`qon shahrini aylanib o`tadigan avtomobil yo`li misolida ham ko`rish mumkin. Ushbu loyiha tufayli Toshkent-O`sh yo`nalishidagi yo`llar 12 kilometrga qisqarib, asosiy transport oqimining Qo`qon shahri, shuningdek, Dang`ara, Uchko`prik, Buvayda tumanlari markazlariga kirmasdan o`tishi ta`minlandi. Bu mazkur aholi punktlari ekologik holatining yaxshilanishi, hududda yo`l-transport hodisalarining kamayishiga, eng muhimi, haydovchi va yo`lovchilar uchun ko`plab qulayliklar yaratilishiga xizmat qilayotir.
Dasturga asosan joriy yilda oltmishdan ziyod ob`ektda 534 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo`llarida qurilish-rekonstruksiya ishlarini bajarish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Jumladan, O`zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi yo`llarning 503 kilometri rekonstruksiya qilinadi. G`uzor-Buxoro-Nukus-Beynau avtomobil yo`lining 116 kilometr qismida, Toshkent-O`sh avtomobil yo`lining Qamchiq dovonidan o`tuvchi 100 kilometr qismida ana shunday qayta qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Shu o`rinda aytish kerakki, avvalgi yo`llar avtotransport vositasining bitta o`qiga 10 tonna og`irlik tushishiga mo`ljallab qurilgan bo`lsa, O`zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi yangi qurilayotgan 896 kilometrlik avtomobil yo`llarining qoplamalari va geometrik o`lchamlari ushbu ko`rsatkichni 13 tonnalik me`yorga chiqarishga moslashtiriladi.
“O`zavtoyo`l” kompaniyasi korxonalari tomonidan joriy yilning birinchi choragida Toshkent-O`sh avtomobil yo`lining 341-350 kilometr va 450-475 kilometr qismlaridagi 8 kilometr, Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz avtomobil yo`lining 962-982 kilometridagi 20 kilometr avtomobil yo`llari rekonstruksiya qilindi. Kompaniya tomonidan ushbu davrda umumfoydalanishdagi avtomobil yo`llarini texnik soz holatda saqlab, transport vositalarining uzluksiz va xavfsiz qatnovini ta`minlash borasida 171,1 milliard so`mlik, 2013 yilning birinchi choragiga nisbatan 38,7 foiz ko`p yo`l qurilish, ta`mirlash, saqlash va tashqi pudrat ishlari bajarildi.
– Joriy yilda Investisiya dasturi asosida “O`zavtoyo`l” kompaniyasi tarkibidagi pudratchi korxonalar tomonidan 257 kilometr avtomobil yo`lini qurish-ta`mirlash ishlari uchun 503,4 milliard so`mlik shartnomalar tuzilib, yumushlar davom ettirilmoqda, – deydi kompaniyaning qurilish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Ziyovuddin Umarov. – Eng katta bunyodkorlik ishlari M-39 Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz, A-380 G`uzor-Buxoro-Nukus-Beynau, A-373 Toshkent-O`sh, M-37 Samarqand-Ashxabod xalqaro avtomobil yo`llarida amalga oshiriladi. Shu maqsadda tizimdagi korxonalar uchun to`rt yuz qirqdan ortiq zamonaviy texnika va mexanizmlar xarid qilish bo`yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yo`l qurilishi bilan bog`liq bunday keng ko`lamli ishlar tufayli 2014 yilning 1 may holatiga «O`zavtoyo`l» kompaniyasi tizimida ish o`rinlari soni 1 ming 267 taga ko`paydi.
Umumiy foydalanishdagi xalqaro, respublika va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo`llarida 2014 yilning birinchi choragida saqlash va joriy ta`mirlash bo`yicha 118 milliard so`mlik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, avtomobil yo`llari holatini saqlash bo`yicha 49,8 milliard, yo`llar atrofini obodonlashtirish ishlariga 1,3 milliard, avtomobil yo`llarini joriy ta`mirlashga 52,8 milliard so`m sarflandi.
Mazkur mablag`lar hisobidan avtomobil yo`llarida harakat xavfsizligini ta`minlashda zarur bo`lgan 2 ming 207 dona yo`l belgisi o`rnatildi, qariyb olti ming dona eskirgan yo`l belgisi almashtirildi, 161 ko`prikda, 748 quvurda harakat xavfsizligi ta`minlandi, 374 joyda piyodalar o`tish joyi belgilandi, 111 yo`l tutashmalari obodonlashtirildi.
Kompaniya tizimidagi sanoat va yordamchi ishlab chiqarish korxonalari yiliga 1,5 million tonnadan ziyod asfalt-beton va qorishmalar, 30 ming metr kubdan ortiq temir-beton konstruksiyalarini avtomobil yo`llari va ulardagi sun`iy inshootlarni qurish va ta`mirlash ishlari uchun etkazib bermoqda.
Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Qo`yliq ko`priklar temir-beton qurilmalar tajriba zavodida 30,1 ming tonna yig`ma temir-beton konstruksiyalari va jihozlari, asfalt-beton ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Toshvilyo`lsanoat” korxonasida 4,1 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi va buyurtmachilarga etkazib berildi. 2015 yilgacha kompaniyaga qarashli 24 korxonaning ishlab chiqarish va sanoat bazalarini modernizasiyalash rejalashtirilgan bo`lib, bu ko`plab yangi ish o`rinlari yaratishga, tarmoqni jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Kompaniyaga qarashli korxonalarda ish sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 444 eng zamonaviy yo`l qurish va saqlash texnikasi xarid qilish rejalashtirilgan, – deydi kompaniyaning avtomobil yo`llaridan foydalanishni transport va mexanizasiya hamda texnik ta`minlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Otanazar Jumaniyozov. – Soatiga 100 tonna asfalt-beton qorishmasi ishlab chiqaruvchi uskunalar, zichlagichlar, metallga ishlov beradigan va aylanma barabanli mashinalar, avtogreyder, ekskavator hamda avtogudronatorlar shular jumlasidandir.
Shu o`rinda qayd etish kerakki, O`zbekiston milliy avtomagistrali loyihasi tarkibiga kiradigan sement-beton qoplamali 474 kilometrlik avtomobil yo`lini qurish va rekonstruksiya qilish uchun xorijiy sarmoyalar ham keng jalb etilmoqda. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki bilan 600 million dollar miqdorida kredit mablag`larini jalb qilish to`g`risida shartnoma imzolangan. Bu yurtimizda yo`l qurilishi sohasida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlarining izchil davom etishiga ulkan hissa bo`lib qo`shiladi.
Bundan tashqari, kompaniya tarkibidagi korxonalar tomonidan mahalliy ahamiyatga ega ichki yo`llarni qurish va obodonlashtirish bo`yicha 143 milliard so`mlik ish bajarilishi rejalashtirilmoqda.
Ayni paytda yo`l yoqalarida ko`plab avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalari, avariya-chaqiruv va tibbiy tez yordam xizmati punktlari, avtomobillar to`xtash maydonlari, sayyohlar uchun mehmonxonalar hamda turizmning barcha talab va sharoitlariga ega uch yuzga yaqin ob`ekt qurildi. Bu yo`l infratuzilmasi va servisini yanada rivojlantirishda, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimining ko`payishida muhim ahamiyat kasb etadi.